
Bilasizmi, "Navbahor" "Olimpik" bilan bir xil natija qayd etyapti, gollarni esa faqat...
Turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan “Navbahor” bu safar Namangandagi “Markaziy” stadionda Temur Kapadze ustozlik qilayotgan “Olimpik”ni qabul qiladi. Yaxshi o‘yin bo‘ladi va bunga tajriba bilan iste’dodli futbolchilarning uyg‘unlashuvi degan ta’rifni bersak bo‘ladi. Bilasiz, “Olimpik” eng yosh jamoa va tarkibi olimpiya terma jamoamiz negizi asosida tashkil qilingan.
“Navbahor”ni qanday kuchga egaligini hamma yaxshi biladi. O‘zbekistondagi eng kuchli tarkib Namanganda bo‘lsa ham ajab emas. Shunisi aniqki, Superligadagi eng kuchli futbolchi “Navbahor”da to‘p suryapti. Bu Oston O‘runov. Uning bir o‘zi bemalol yarim jamoani yorib ketish xususiyatiga ega. “Olimpik” futbolchilariga Ostonni to‘xtatish qiyin bo‘lsa kerak.
O‘tgan turda “Navbahor” Toshkentda “Bunyodkor” maydonida nimalar qilganini ko‘rdingizmi? “Qaldirg‘ochlar”ga qarshi bahsda Samvel Babayan jamoasi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Natijada ilk bor namanganliklar “Bunyodkor” maydonida g‘alaba qozonishdi va bu ishni Babayan uddaladi.
Endi Babayan yana bir ishni bajarishi kerak. Gap shundaki, “Navbahor”ning “Olimpik” klubi bilan o‘yinlar tarixi yaqindagina boshlandi. Aniqrog‘i, o‘tgan yili Superligada ilk bor bu jamoalar to‘qnash kelishdi. Qizig‘i, 2022 yili Toshkentda va Namangandagi uchrashuvlarda bir xil – 1:1 hisoblari kuzatilgan. Birinchi davrada “Olimpik” maydonidagi o‘yinda dastlab 2-daqiqada Jamshid Iskanderov hisobni ochgan bo‘lsa, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov 39-daqiqada hisobni tenglashtirgan. Ikkinchi davrada Namangandagi bahsda dastlab mehmonlar hisobni ochgan. Muhammadqodir Hamraliev 42-daqiqa o‘tib borayotganida “Olimpik”ni oldinga olib chiqqan. 86-daqiqaga kelib “Navbahor” mag‘lubiyatdan qutulib qolgan. O‘shanda ham Jamshid Iskanderov o‘zini ko‘rsatib “Olimpik” darvozasini ishg‘ol qilgan.
Ko‘rib turganingizdek, “Navbahor”ni “Olimpik” jamoasiga qarshi uchrashuvlarda faqat Iskanderov gol urib kelyapti. Ko‘ramiz, bu safar ham Jamshid yana o‘sha an’anasini davom ettirarmikin? Muhimi, “Navbahor”ga g‘alaba kerak. Chunki o‘zaro uchrashuvlarda Babayan jamoasi hali Kapadze boshqaruvidagi “Olimpik”ni engga olmayapti. O‘tgan safar ilk bor “Bunyodkor” maydonida g‘alaba qozonishni uddalagan Babayan endi “Olimpik”ni taslim qilish choralarini izlayotgani aniq.
Kapadze jamoasi hozircha 15 ochko bilan 8-pog‘onada boryapti. 10 ta uchrashuvda 4 g‘alaba va 3 tadan bilan mag‘lubiyat bor. “Olimpik” etakchilarga qanday qarshilik ko‘rsatishni yaxshi biladigan jamoa. Biroq ba’zida futbolchilariga barqarorlik etishmay qolayotgan jihatlari ham bo‘lyapti. “Navbahor” uchun chempionlik yo‘lida har bir o‘yindagi g‘alaba oltinga teng hisoblanadi. Bu safar ham Oston O‘runov katta sahnaga chiqsa ajab emas yoki yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Olimpik”ga faqat Iskanderov gol urayotganini hisobga olsak, balki u yana shu ishni takrorlarmikin?
“Navbahor” – “Olimpik” ishtirokida ajoyib o‘yin guvohi bo‘lishimiz aniq. Kapadze syurpriz ko‘rsatishni ham yoqtiradi. Qani ko‘ramiz...
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar