
Belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Joriy yilning 21 yanvar kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majlislar zalida O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining 2023 yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) bosh kotibi Anvar Muhammedov, Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘raev, Chirchiq shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Jur’atbek Rahmonov, viloyat va shahar deputatlari, sportchilar, murabbiy va hakamlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov kirish so‘zi bilan boshlab, ortda qolgan 2023 yil belbog‘li kurash sporti uchun yuksak natijalar va muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘lganligini e’tirof etdi.
Sportchilarimiz respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda shoxsupaning yuqori pog‘onalaridan o‘rin egallab, mamlakatimiz sport zaxirasiga medallar shodasini taqdim etishgani, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilganliklarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Marosimda Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘raevlar ham yig‘ilganlarni qutlab, milliy sport turlarimizga, xususan belbog‘li kurash sport turiga qaratilayotgan e’tibor va
belbog‘li kurashni rivojlantirish masalalari haqida to‘xtalib, joriy yilgi xalqaro musobaqalarda polvonlarimizga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirda shuningdek, belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra "Yilning eng yaxshi sportchisi" nominatsiyasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Oybek Sultonov, qizlar o‘rtasida Farangiz Abdunabievalar loyiq ko‘rildi. "Yilning eng yaxshi murabbiyi" nominatsiyasini andijonlik Jamoliddin Bozorov va farg‘onalik Dilshoda Yunusovalar qo‘lga kiritdi. "Yilning eng yaxshi musobaqa tashkilotchisi"ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati belbog‘li kurash federatsiyalari munosib ko‘rildi." Yilning eng yaxshi hakami" sifatida Abduhamid Pirmatov (Farg‘ona) e’tirof etilgan bo‘lsa, "Yilning eng yaxshi federatsiyasi" Farg‘ona viloyati belbog‘li kurash federatsiyasiga berildi. "Sport sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun" nominatsiyasi g‘olibi deb Sultonboy Mirzaev (Andijon) e’lon qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotganligi uchun bir qator soha vakillari va deputatlar Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.
Belbog‘li kurash federatsiyasining doimiy hamkori hisoblangan "Adolat " SDP siyosiy kengashi tomonidan ham turli yo‘nalishlar bo‘yicha nominatsiya g‘oliblari, federatsiya vakillari, sportchilar va murabbiyilarga diplom hamda esdaliklar topshirildi.
Fikrlar