Belarus futboli: Shahzod zo‘rmi yoki Shahboz?

  • 26 fevral, 2021, 05:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus futboli o‘zbekistonlik ishqibozlarga ham qadrdon bo‘lib qoldi. O‘tgan yili “Energetik-BGU” va “Shaxtyor” jamoalarida muvaffaqiyatli o‘ynagan Jasur Yaxshiboev Belarus chempioni va musobaqaning eng foydali o‘yinchisi bo‘ldi. Bu yildan Jasur Polsha chempionati peshqadami “Legiya” safida o‘ynaydi.

Tecno

“Energetik-BGU”da etakchilik qobiliyatini namoyish qilgan Shahboz Umarov mamlakatning eng qudratli klubi – BATE safiga ko‘chib o‘tdi. Uning yangi jamoadagi vazifasi klubni tark etgan jamoa yulduzi Igor Stasevich o‘rniga BATE futbolchilariga etakchilik qilishdir.

photo_2021-01-24_20-34-00

Shuningdek, “Energetik-BGU”da ijara asosida to‘p tepgan “Paxtakor” o‘yinchisi Humoyunmirzo Iminov legioner sifatida tajriba to‘plagani ham uning foydasi bo‘ldi.

Yangi mavsumda hozircha Belarus chempionatida ikki futbolchimizga muxlislik qilamiz. Shahboz BATEni chempion qilish uchun kurashsa, “Shaxtyor”da Jasur Yaxshiboev o‘rni va raqamini olgan yosh hujumchi Shahzod Ubaydullaev jamoaning chempionlik unvonini munosib himoya qilishida yordam berishi kerak.

Xullas, Belarusning ikki qudratli klubida ikki hamyurtimiz o‘zaro raqobatlashadi. Bahs qiziq bo‘lsa kerak.    

Har ikki jamoa mavsumga jiddiy tayyorlanish maqsadida xorijda o‘quv mashg‘ulot yig‘inini tashkil edi. Shahzod ham, Shahboz ham yangi jamoadoshlari bilan ancha ter to‘kdi, murabbiylar ularning imkoniyatini o‘rgandi.

0d3ee44aa9aabf62a555dff7b8e026a7

Turkiyaning Belek shahrida yig‘in o‘tagan BATE oltita nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Borisovliklar “Tekstilshik”ni 1:0 hisobida engdi. “Ufa”, “Noa” va “Liepaey” bilan bo‘lgan o‘yinlar bir xil – 1:1 hisobi bilan yakunlandi. “Dinamo Kiev”  BATEni 5:2 hisobida enggan bo‘lsa, “Dile” jamoasi javobsiz ikkita gol urdi.

Biz uchun ahamiyatlisi, Shahboz Umarov jarima zarbasidan “Dinamo Kiev” darvozasiga supergol urdi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili yozda futbolchimiz BATE darvozasiga uzoq masofadagi jarima zarbasidan to‘p kiritganidan keyin borisovliklar uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaror qilgandi.

Belekdagi o‘yinlarda Anton Saroka to‘rtta, Dmitriy Bessmertniy ham bitta gol kiritdi. Sarokaning bir goliga Shahboz pas bergandi.  

Mavsumga “Shaxtyor” safida tayyorgarlik ko‘rayotgan 22 yoshli Shahzod Ubaydullaev Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil qilingan yig‘inda qatnashdi. Soligorskliklarning yangi hujumchisi gol urish borasida Jasur Yaxshiboevdan qolishmasligini ko‘rsatmoqda.

photo_2021-01-29_20-51-42

Yig‘inda Ubaydullaev jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. U bellashuvlar  davomida raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi.

Shahzod Ubaydullaev yangi jamoasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi  o‘rtoqlik uchrashuvlarida faol qatnashdi. Uning gollari “Shaxtyor”ga Armanistonning “Pyunik” klubidan 3:2, Rossiyaning “Rodina” jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba keltirdi.  Shuningdek, hujumchimiz  Birlashgan Arab Amirliklari vakili – “Liva”  va Dubay Siti” jamoalari  darvozasini ishg‘ol qilib, soligorskliklarning mos ravishda  4:0 va 7:0  hisobidagi g‘alabalarini ta’minladi.

“Shaxtyor”ning o‘yinlarini tahlil qilgan mutaxassislar Shahzodning raqib maydonchasi ichida o‘ziga ishonch bilan o‘ynayotgani va jarima zarbalaridan unumli foydalanish qobiliyatiga ega ekanini alohida  ta’kidlamoqda.

Belaruslar Ubaydullaevni ham Umarov va Yaxshiboevni bu mamlakatga olib kelgan agentlar tavsiya qilgani sababli unga katta ishonch bildirmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Shahzod mavsumoldi yig‘inlarida asosiy tarkibga kirishdagi raqobatchilari – ukrainalik  Roman Debelko, albaniyalik Valon Ahmadiy va nigeriyalik Eze Okeuxidan ustunligini ko‘rsata oldi.

7b7b5bc8e3f8ebdc479e3e6daeaf34b7

Xullas, 2021 yilgi mavsumda ham Belarus chempionati oliy ligasini sinchkovlik bilan kuzatamiz. Chempionlik uchun kurashadigan “Shaxtyor” va BATE legionerlarimizning kelajakda yanada kuchli chempionatlar va klublarga o‘tishida o‘ziga xos tramplin bo‘lishiga umid qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!