
Baxtiyor Sattarov: Hujumchilarimizga omad etishmayapti
A Pro-liganing 2-turida "Sherdor" jamoasi safarda "Xorazm" (0:2)ga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvdan so‘ng samarqandliklar ustozi Baxtiyor Sattarov Sports.uz internet portaliga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Qiyin o‘yin o‘tkazdik, - deya gap boshladi Sattarov. "Xorazm" o‘z maydonida yaxshi harakat qildi. Ammo, bizda ularga qaraganda ko‘proq vaziyatga ega bo‘ldik. Afsuski, gol urish uchun omadimiz chopmadi. Dastlabki turda ham "Mash’al" darvozasini ishg‘ol qila olmagandik. Vaziyatlar yaratilmoqda. Ularni foydalanish vaqtida oqsayapmiz. Yo‘l ham bizni biroz charchatib qo‘ydi.
- "Sherdor"ning ikki mag‘lubiyatidan so‘ng jamoa futbolchilarining ruhiy tomondan holati qanday?
- Bu ikki mag‘lubiyatni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi. "Mash’al"ga qarshi o‘yinda biz jismoniy tomonlama charchoq alomatlari sezildi. Shu tufayli 90+4-daqiqada gol olib chiqdik. Unga qadar vaziyatlar bo‘ldi. Afsuski, foydalana olmadik. Qolaversa, "Mash’al" futbolchilari ham yaxshi o‘ynadi. Muborakliklar tarkibi juda yosh bo‘lmasin, tan olish kerakki, ularda g‘alabaga bo‘lgan tashnalik mavjud. "Mash’al" futbol akademiyasi yurtimizda o‘z o‘rniga ega. Hozirgi tarkibi ham yaxshi o‘ynadi va yakunda g‘alabani ilib ketishdi. "Xorazm" bilan o‘yin borasida aytsam, omadimiz kelmadi. Shuningdek, stadion holati ham yaxshi emas. To‘g‘risi, bunday maydonda sifatli futbol o‘yin namoyish qilishning imkoni yo‘q. Keyingi gal "Xorazm" bilan o‘ynaydigan bo‘lsak, bir necha kun avval tashrif buyurishga harakat qilamiz. Hozir ikki o‘yinimizni ko‘rib chiqib, o‘zimizga xulosa chiqarmoqdamiz. Kamchiliklarimiz ko‘p, ularni bartaraf qilishimiz shart. Hujumchilarimiz ko‘rsatayotgan o‘yinlardan qoniqish hosil qilmayapman. Vaziyatlarni gol bilan tugatish vaqtida omadimiz kelmayapti.
- Mavsum avvalida jamoa olib borgan selektsiya ishlari xususida nimalarni ayta olasiz?
- Men Samarqand futbolini rivojlantirishni istayman. Shu boisdan tarkibga asosan viloyatimizdagi yoshlarni tarkibga jalb qilishga harakat qildim. Shuningdek, Dilshod Sharofetdinov, Ilhom Yunusov, Akmal Bozorovni ham jamoaga qo‘shib olmoqchi edik. Chunki, ular tajribali va shunday futbolchilarimiz tarkibda bo‘lsa, "Sherdor"dagi yoshlarga foydali bo‘lardi. Afsuski, Sharofetdinov "Dinamo"da ma’mur sifatida ish boshladi. Yunusov va Bozorov ham mavsumni jamoamizda boshlashi kutilayotganida, vaziyat o‘zgarib ketdi. Xullas, selektsiya ishlaridan qoniqish hosil qildim deya olaman.
- Klub o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ymoqda?
- Men doimo aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda ishlayman. Shuningdek, rahbariyatimiz ham "Sherdor" oldiga mavsumni 1-o‘rinda tugatish vazifasini qo‘ygan. Ishonamanki, ushbu vazifani mavsum davomida amalga oshira olamiz.
- Keyingi turda "Sherdor" mavsumni juda yaxshi boshlagan "Istiqlol"ga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yin borasida qanday fikrdasiz?
-Albatta, qiyin o‘yin bo‘ladi. "Istiqlol" yaxshi jamoa. Bosh murabbiy ham ajoyib inson, tajribali mutaxassis sifatida bilaman. "Sherdor" mazkur o‘yinda mavsumdagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritish uchun harakat qiladi".
Fikrlar