
Baxtiyor Qosimov: "Benzemani ko‘rgach, katta orzularimdan bittasi ushaldi"
OKMK klubi Karim Benzema to‘p surayotgan “Al-Ittihod”ni Olmaliqda qabul qildi hamda bu uchrashuv barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Buning asosiy sababi jahon yulduzi Benzemaning Toshkentga kelgani bilan bog‘liq edi.
O‘yin ham shunga yarasha bo‘ldi. OKMK futbolchilari garchi 1:2 hisobida yutqazganiga qaramay, kuchli raqibga qarshi mardonavor kurashishdi.
Barcha futbolchilar maydonda borini berib o‘ynadi. Ana shunday o‘yinchilardan biri Baxtiyor Qosimov bir qator savollarimizga javob berdi.
- “Al-Ittihod”ga qarshi o‘yinda OKMK stadioni Benzema, Fabino effekti sababidan to‘ldi. Stadiondagi atmosfera shunday ko‘rinish olishini sezganmidingiz? O‘yin borasida nimalarni ayta olasiz?
- “Al-Ittihod”ga ham g‘alaba zarur edi, shu bois ular jangovar tarkibi bilan kelishdi. Benzemaning kelishi shov-shuv uyg‘otdi va chiptalarga talab kuchaydi. Aytmoqchimanki, stadion ishqibozlar bilan to‘lishi aniq edi. OKMK stadioni birinchi marta muxlislar bilan to‘ldi, nazarimda. Rahbariyat, murabbiylar shtabi Olmaliqqa mana shunday yulduzlarni olib kelinganiga mamnunlar. Guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotganimizga qaramay, maydonga g‘alaba uchun tushgandik. Muxlislarni xursand qilish uchun o‘ynadik. Vazifamiz aynan ularga yoqadigan futbol namoyish etish edi. O‘ylaymanki, shu narsa bo‘ldi.
- Zaxiradan maydonga tushayotganingizda murabbiy tomonidan qanday ko‘rsatma olgandingiz?
- Meni o‘yinni kuchaytirishim uchun tushirdi. Jamoadoshim jarohat oldi. O‘yindan avval qanday ko‘rsatma berilgan bo‘lsa, shu bo‘yicha vazifalarni olib maydonga tushdim.
- Jahon yulduzi Benzema bilan bitta maydonda raqib sifatida o‘ynadingiz. O‘sha paytda xayolingizdan nimalar o‘tdi?
- Uchrashuvdan oldingi mashg‘ulotda uni ko‘rib turib katta orzularimdan bittasi ushalibdi, dedim. Ular ham bizga o‘xshagan oddiy odam ekan (kuladi). Lekin ularni futboli boshqacha ekan. Juda tez fikrlashadi, qiyin vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketishadi. Ammo hayajon bo‘lmadi.
- Benzema sizni hayron qoldirdimi?
- Ha. Televizorda ko‘rganimdek. Yoniga to‘p olish uchun borsak bir-ikki to‘pga tegib, vaziyatdan chiqib ketyapti. Aytganimdek, tez qaror qabul qilishadi, fikrlashi o‘ta tez. To‘p kelishidan oldinoq qaror qabul qilib bo‘lisharkan.
- Uchrashuvdan keyin u bilan futbolka almashish niyatingiz amalga oshdimi?
- O‘yindan so‘ng Fabino bilan ko‘rishib, ozgina gaplashdik. U bilan rasmga tushdik. Uchrashuvdagi bir vaziyatda uni tepganim uchun sariq kartochka olgandim. Fabino o‘sha holatni eslab qolgan ekan, bellashuvdan keyin xazillashib gapirdi.
- OKMKga OChL guruh bosqichida nima etishmadi?
- Jamoaga to‘liq tarkib etishmadi, deb o‘ylayman. Jarohatlar ko‘p bo‘ldi. Bu yoqda chempionat va Kubok o‘yinlari ham bor edi va barchasini teng olib ketish qiyin kechdi. Murabbiyimiz maksimal darajada harakat qildi. Lekin, aslida bu ham katta yutuq. O‘zi aytganidek, bunday yulduzlarni kerak bo‘lsa katta pulga ham olib kelib bo‘lmaydi. OKMK guruh bosqichiga pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zining mehnati bilan chiqdi. Guruhimiz chempionlardan tashkil topgan. Bu “o‘lim” guruhi edi. Iroq, Eron va Saudi Arabistonining chempion jamoalari yig‘ilgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar