Baxtiyor Ashurmatov Jizzaxdagi durang haqida nima dedi?
Coca Cola Superligasining 22-turidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona" - "Qo‘qon-1912" (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi.
- Bugun juda jangovar o‘yin bo‘ldi. Har ikki jamoa ham shiddatli o‘yin ko‘rsatdi. Durang natija hech kimni qoniqtirmagani aniq. Raqibimiz Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Biz esa o‘tgan yilgi natijamizni yanada yaxshilash uchun harakat qilyapmiz. Uchrashuv yakunlanishi arafasida Ivan Yosovich imkoniyatdan foydalana olganida bugun uch ochko egasiga aylanishimiz mumkin edi. Lekin durang adolatli natija bo‘ldi, deb o‘ylayman. Ulug‘bek Baqoev jangovar o‘yin namoyish etishni yaxshi ko‘radi. “So‘g‘diyona”ning bugungi natijalarida uning hissasi katta. Jizzaxliklarga keyingi bahslarda omad tilab qolaman.
“So‘g‘diyona” standart vaziyatlardan samarali o‘ynashini bilgan holda tayyorgarlik ko‘rgandik. Bizning darvozamiz oldidagi xavfli vaziyatlar ham aynan standart vaziyatlardan keyin sodir bo‘ldi. Raqiblarda bo‘ydor futbolchilar ko‘pligi bois, ikkinchi bo‘limda Akbarov va Melievlarni maydonga tushirdim. O‘yinga munosib tayyorgarlik ko‘rganimiz uchun Jizzaxdan bir ochko bilan qaytdik.
O‘tgan yili 5-o‘rinni egallagandik. Bu yil yaxshiroq natija qayd etishni maqsad qilgandik. Shu bois, hozir egallab turgan o‘rnimiz bizni ham, rahbariyat va muxlislarimizni ham qoniqtirmasligi turgan gap. Turnir jadvalidagi o‘rnimizni yaxshilashimiz uchun qolgan bahslarda ham bugungidek jangovar o‘yin ko‘rsatishimiz kerak.
Keyingi turlarda O‘zbekistonni kuchli jamoalari kutib turibdi. Birinchi va ikkinchi o‘rindagi jamoalardan to‘rt ochko oldik. Demak, qolgan o‘yinlarda ham g‘alaba qozonsa bo‘ladi.
Hakamlarga e’tirozim yo‘q. To‘g‘ri o‘yin davomida biroz ehtirosga berilgan bo‘lishimiz mumkin. Ammo VARning borligi e’tirozlarga o‘rin qoldirmadi.
"Qo‘qon-1912" matbuot xizmati.



Fikrlar