
"Bavariya"ning yangi bosh murabbiyi kim bo‘ladi?
"Bavariya" rahbariyati bu yil eng ko‘p energiyasini yangi murabbiy izlashga sarflagan bo‘lsa ajab emas. Klub Yulian Nagelsman, Ralf Rangnik kabi mutuxassislardan rad javobini olganidan keyin Tomas Tuxelni olib qolish haqida o‘yladi, lekin u bilan ham kelisha olishmadi. Tuxel jamoada ko‘proq qolishni reja qilgandi. Ammo sobiq ustozga 1 yillik shartnoma taklif qilindi. Shundan keyin rahbariyat yana yangi murabbiy qidirishga kirishdi. Bu safar katta nomlarga e’tibor qaratilmaydi, aksincha APLning o‘rtameyona klubida ishlayotgan bo‘lsa ham nemislar u bilan bitim imzolashga tayyor.
Zinedin Zidan
So‘nggi paytlarda yana Zidan haqida turli xil xabarlar chiqa boshladi. Ammo uning "Bavariya"ni qabul qilib olish imkoniyati deyarli yo‘q. Katta ehtimol bilan, frantsuzning o‘zi buni istamaydi. Germaniyadagi hayot unga mos kelmasligi borasida mish-mishlar chiqqandi. Shuningdek, rahbariyat ham sobiq "Real" ustozi haqida o‘ylayotgani yo‘q, deya ma’lum qildi "Sky Sports" nashri. Manba klubga Joze Mourino varianti ham qiziq emasligini ta’kidladi.
Xans-Diter Flik
O‘z vaqtida "Bavariya" bilan ajoyib natijalar qayd etgan Flikning qaytishi muxlislar uchun yaxshi sovg‘a bo‘lishi mumkin edi. Biroq, jamoa bu nomzoddan ham voz kechdi. 59 yoshli sobiq Germaniya bosh murabbiyining o‘zi klubni qabul qilib olishga qarshilik qilmasligi mumkin, lekin rahbariyatning fikri o‘zgardi. Endi ular ko‘proq tajribali emas, balki yosh mutaxassis bilan ishlashni istamoqda. Agarda yana muzokaralar o‘xshamay qolsa, bu variantga qaytilishi mumkin. Sababi, ichkaridagi ayrim insonlar Flikka ishonishadi.
Erik Ten Xag
Niderlandiyalikning hali ham "Manchester Yunayted"dagi kelajagi so‘roq ostida turibdi. Myunxen klubi unga jiddiy qiziqish bildirayotgandi, lekin insayder Florian Plettenberg "Bavariya"ga endi Erik umuman qiziq emasligini ta’kidlamoqda. Bu vaziyat ham Flikniki bilan bir xil. Agarda rahbariyat tajribaliroq murabbiy bilan ishlashni tanlaganida, hozir u asosiy nomzodlar qatorida turgan bo‘lardi. Ten Xag MYudan ketsa, "Ayaks"ga qaytishi mumkin. Ayni paytda Niderlandiya klubi ham yangi murabbiy izlamoqda.
Tomas Frank
Bir necha kun oldin "Bavariya" Oliver Glasnerga taklif tayyorlayotgandi. Ammo "Kristal Pelas" murabbiy uchun 100 million evro istashini bildirdi. Bunaqasi hali transferlar tarixida ro‘y bermagan, ya’ni summani eshitib, har qanday klub ortga qaytgan bo‘lardi. Shundan keyin nemislar "Brentford" ustozi Tomas Frankga jiddiy qiziqib qoldi. Hatto 50 yoshli daniyalik bilan muzokaralarni boshlagani haqida mish-mishlar yo‘q emas. Uning taklifni qabul qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda, biroq kurashda nemislar yolg‘iz emas, "Manchester Yunayted" ham murabbiyni kuzatib bormoqda.
Vensan Kompani
Ayni paytda myunxenliklar eng ko‘p o‘ylayotgan murabbiy bu Kompani bo‘ladi. Klub katta ehtimol, uni tanlab bo‘lgan. Endi "Byornli" va sobiq "Manchester Siti" himoyachisini ko‘ndirish qoldi. Jamoa Chempionshipga tushib ketgan bo‘lsa-da, Vensan iste’foga chiqarilmadi, ya’ni byornliliklar unga ishonishmoqda, lekin APLdan tushib ketilganidan keyin uni qo‘yib yuborishlarlari mumkin. Tez orada muzokaralar boshlanadi va bittagina ha, degan so‘z bilan "Bavariya"ning yangi bosh murabbiy aniq bo‘ladi.
Foydalanilgan insaydlar Fabritsio Romano, Florian Plettenberg va Kristian Falklarga tegishli.
Fikrlar