
“Bavariya” katta transferga qo‘l urmoqda
Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritgan “Bavariya” bosh murabbiyi Vensan Kompani hujum chizig‘ini kuchaytira oladigan o‘yinchi qidiryapti. Belgiyalik mutaxassisning fikricha, jamoaga chap qanot hujumchisi kerak.
Nemis matbuoti myunxenliklar bu pozitsiyaga “Atletik” yulduzi Niko Uilyams va “Liverpul” vingeri Luis Diasni mo‘ljallayotgani haqida yozgan edi.
Endi Bundesliga grandi boshqa o‘yinchini ham nishonga oldi. “Manchester Yunayted” 27 yoshli hujumchi Markus Reshforddan qutilishga harakat qilmoqda. “Bavariya” bu holatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishi mumkin.
Vensan Kompaniga angliyalik futbolchining universalligi yoqadi. Markus chap qanotdan tashqari, markaziy hujumchi vazifasini ham bajara oladi.
“Bavariya” mutasaddilari Markus Reshford transferiga oid barcha ma’lumotlarni to‘plab bo‘ldi. Bu transfer Bundesliga chempioniga 45 million evroga tushishi aytilmoqda.
Fikrlar