“Bashakshehir” ustozi muhim o‘yin oldidan Shomurodov va o‘zbeklar haqida nimalar dedi?

  • 31 iyul, 16:43
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki etakchisi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaevni o‘z tarkibida jamlagan “Istanbul Bashakshehir” bugun UEFA Konverentsiyalar ligasi ikkinchi saralash bosqichi javob uchrashuvida Bolgariyaning “Cherno More” futbolchilari bilan kuch sinashadi.

Tecno

Safarda o‘tkazilgan birinchi uchrashuvda istanbulliklar 1:0 hisobida zafar quchgan va aynan mana shu bahsda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eldor Shomurodov “Bashakshehir”dagi rasmiy debyutini nishonlagan edi.

“Bashakshehir” bosh murabbiyi Chag‘dash Atan muhim bellashuv oldidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Eldor Shomurodov va o‘zbekistonlik futbol muxlislari haqida ham gapirdi.

Sports.uz portali turkiyalik murabbiy fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

- Biz yana xalqaro maydondamiz va o‘zimiz bu musobaqada ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. O‘tgan yili pley-offda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritgan edik. Bu gal shu muvaffaqiyatlarni takrorlamoqchimiz.

Raqibni tag‘lil qilib chiqdik. “Cherno More” yaxshi shakllangan jamoa. Raqib murabbiyi o‘yinni yaxshi o‘qiy oladi.

Birinchi uchrashuvni yaxshi o‘tkazdik. O‘yin davomida 4-5 ta xavfli vaziyatlar yaratdik. Ko‘proq  gol urishimiz mumkin edi, lekin baribir natijadan qoniqdim. Bo‘lajak bahsda ham o‘yinga jiddiy yondoshamiz. Maqsadimiz – keyingi bosqichga chiqish.

Biz o‘zbek o‘yinchilarini olib keldik va  bu o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari jamoamiz fan-bazasini kengayishiga ta’sir qiladi. Turkiyada o‘zbeklar ko‘p. Bo‘lajak bahsda stadionga ko‘plab fanatlar kelishini kutyapmiz.

Tabiiyki, muxlislarni jalb qilishda o‘yin shiddati  va sifati ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Biz o‘zimizning eng yaxshi jihatlarimizni namoyish qilamiz. Birinchi o‘yin ko‘p jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Hozir biz raqibga nisbatan biroz yaxshi vaziyatdamiz.

Pley-off o‘yinlariga jiddiy e’tibor qaratyapmiz. Javob bahsida ham g‘olib chiqib, oldinga qadam tashlamoqchimiz. Xalqaro turnirda tajribamiz bor va xato-kamchiliklarimizni o‘zimiz bilamiz. Aniq rejamiz xatolarni bartaraf etib, turnir formatiga moslashib, oldinga intilishdan  iborat. O‘tgan yili erisholmagan maqsadlarimizni bu yil qo‘lga kiritmoqchimiz.

Juda muhim transferlarni amalga oshirib, kuchli hujumkor futbolchilarni safimizga qo‘shib oldik. Endi zo‘r markaziy hujumchilarimiz bor.  Buyog‘iga ayrim uchrashuvlarda ikki markaziy hujumchi bilan o‘ynamiz. O‘yinchilarimdan mamnunman.

Eldor Shomurodovning salohiyati, mahorati, terma jamoadagi natijalari, shuningdek, maydondagi jangovar xarakteri va kuch-quvvati mening e’tiborimni tortdi. Uning kelishini juda xohlagan edim. Eldor men uchun o‘ta muhim futbolchi. Shomurodov ligamizni juda yaxshi biladi.  

Hujum chizig‘i uchun variantlarim ko‘payib ketdi. Biz har tomonlama tayyor o‘yinchilardan foydalanishga harakat qilamiz. Shomurodov 100 foizlik mukammal tayyorgarlik darajasiga etib qoldi. Jamoamiz uchun Evropa maydonlarida uzoqroq qolish muhim ahamiyatga ega.

Men va jamoamiz hujumkor futbol namoyish qilish tarafdorimiz. O‘tgan mavsumda eng ko‘p gol urgan klublardan bo‘ldik. Hisobda oldinda borsakda, hujum qilishni to‘xtatmaymiz, - dedi Chag‘dash Akan.

UEFA Konferentsiyalar ligasi doirasidagi “Istanbul Bashakshehir” va “Cherno More” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.

 

Fayzullaev TsSKAdan ketganining asl sababi oshkor bo‘ldi

Fayzullaev ketganidan xursandmiz

Endi bitta Shomurodov etishmayapti!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!