
“Barselona”dagi saylovlar: Nomzodlar bilan yaqindan tanishamiz
“Ko‘k-anorranglilar”ning kelgusi taqdiri jamoani oldinda kutib turgan saylovga bog‘liq bo‘lib turibdi. Klub tizimidagi ishlarni boshqarishda yangi prezidentning roli katta. Joan Laporta, Viktor Font va Toni Freysha Barselonada yangi tarix yaratish uchun kurash olib boradi.
Ushbu uch shaxs saylovoldi 9 ta nomzod orasida umumiy 2257 ta ovozni boy berdi, xolos. Ya’ni, atigi shuncha miqdordagi ovoz qolgan 6 ta nomzodga nasib etgan. Klub tarixidagi saylovlarda bu kabi katta natija kamdan-kam uchraydi.
Pandemiya sababidan, ushbu saylovlar tobora orqaroqqa surilib bormoqda. Hozircha, 7 mart ushbu tadbir o‘tkazilishi uchun muqobil sana sifatida ko‘rilmoqda. Saylov qachon bo‘lishidan qat’i nazar, nomzodlar aniq va biz ular haqida fikr yuritamiz.
Joan Laporta - Tajriba yoki nostalgiya?
To‘plangan ovozlar: 10272 ta
Tasdiqlandi: 9625 ta
Taxminlar, mutaxassislarning fikri va real statistikalar ham Joan Laportaning ushbu saylovdagi asosiy favorit ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bunga raqobatchilarining u qadar katta nomga ega emasligi ham sabab bo‘layotgandir.
Ha, uning tarafdorlari ko‘p. Ammo 2010 yilda Sandro Rossel 12635 ta ovoz bilan g‘alaba qozonishga erishgan. 2003 va 2015 yilgi saylovlarda ham ishtirok etgan Laporta birinchi marotaba bu kabi katta natijaga erishmoqda. Ammo na Rossel va na Laporta bu borada rekordchi hisoblanadi. 1989 yilda Xosep Lyuis Nunesning tarafdorlari 26619 tani tashkil qilgan.
“Barselona”dagi moliyaviy muammolar maydonda ham aks etayotgan bir paytda, klub muxlislari Joan Laportaga ideal nomzod sifatida qaramoqda. Ha, u bir gal jamoani qariyb xuddi shunday holatda qabul qilib olgandi. O‘shandan keyin, Ronaldino boshchiligidagi “Barsa” erasi boshlangan va kataloniyaliklar dunyo futbolida yangi sahifa ochib bergan. Bu tomoniga gap yo‘q. Faqat savol shundaki, u yana shu ishni takrorlay oladimi?
Muammo shundaki, u kelgan davrda jamoa bu qadar katta nomga ega emasdi. Bugungi “blaugranas”ning xarakterli jihati shundaki, uni yillar davomida tayanch bo‘lib kelgan Messi tark etmoqda. Bundan tashqari, asr avvalidagi ishlar Yoxan Kroyfning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda bajarilgan. Xavi, Inesta, Messi kabi iqtidorlar etishib chiqqan davrga to‘g‘ri kelib qolgan rahbarlik yillari Laportaning muxlislar qalbida ijobiy personaj sifatida tasvirlanishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Klub ichki tizimida va muxlislar orasida Laportaga nisbatan xayrixohlar guruhining kattaligi yaqinlashib kelayotgan saylovda uning imkoniyatlarini kattalashtirib yuboradi.
Ammo intrigani butkul o‘ldirish fikridan yiroqmiz. Sababi, aynan Joan 2003 yilda Luis Bassatdan 4000 ovoz orqada bora turib, yakunda g‘alaba qozongandi.
Viktor Font - Zamonaviy klubning ehtimoliy ta’sischisi
To‘plangan ovozlar: 4710 ta
Tasdiqlandi: 4431 ta
Ushbu nomzod Joan Laportaga saylovda eng katta raqobatchi hisoblanadi. Sababi, u 2018 yildan buyon klub prezidentligi uchun yaxshi nomzod sifatida namoyon bo‘lib kelayotgandi. Aslida, u 2016 yilda prezidentlik saylovida ham innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etishi mumkin edi. Ammo ko‘pchilik unga ishonch bildirmagan.
Uning g‘oyasi klub siyosatini muxlislar bilan hal qilishni olg‘a suradi. Nafaqat saylovlar masalasida, balki direktorlar kengashi masalalarida ham muxlislar ta’sirini tatbiq qilish uning bosh rejasi. Ular orasida jamoaga daxldorlik hissini shakllantirish orqali Viktor o‘ziga xayrixohlar jamoasini shakllantirmoqchi edi. Shuningdek, u o‘z direktorlar kengashi tarkibida ayollarga ham o‘rin bermoqchi. U jamoasiga 5 nafar ayol mutaxassisni tanlab qo‘ygan va bu klub rekordiga aylanadi.
Laporta muxlislarga yoqib tushuvchi yana bir qator yangiliklarni amalga oshirishga va’da berayotgandi. Avvalo, Xavini klub bosh murabbiyligiga olib kelmoqchi. Bu har bir “Barselona” muxlisining ayni kunlardagi orzusi bo‘lsa kerak. Xordi Kroyf va Tito Blanko singari tajribali, kataloniyaliklarga begona bo‘lmagan mutaxassislarni boshqaruv tizimiga tayinlamoqchi.
Viktor Fontning rejalari ajoyib. Xo‘sh, unga nima sababdan ishonishmayapti? Sababi, bularning barchasi amalga oshishi ancha qiyin masala. Hatto, muxlislar orasida ham bu g‘oyalarga ishonmaydiganlar bormi, demak u imkoniyatlarini qaytadan chamalab chiqishi zarur.
Toni Freysha - “Barsa”ga sodiq
To‘plangan ovozlar: 2821 ta
Tasdiqlandi: 2634 ta
Toni Freysha 2021 yilgi saylovlarga nomzod sifatida ko‘rsatilganlarning oxirgisi. Bugun u ushbu uchlik orasida eng kam ovoz va tarafdor sohibi. Ammo u rasmiy kandidat sifatidagi ilk saylovdayoq, kuchli uchlik orasidan joy oldi. Aslida, 2534 ta ovoz bilan yakuniy saylovdan chetda qolib ketgan Emili Russo hatto Viktor Fontga ham jiddiy raqobat tug‘dirishi lozim edi. Amalda esa, Toni Freysha debyut saylovda katta natijaga erishdi. Hattoki, Russo unga “WhatsApp” orqali bog‘lanib, nomzodini olib tashlashni so‘ragani haqida ham gap tarqaldi.
Freysha jamoada ko‘p narsalarni o‘zgartirishni rejalashtirmayapti. U Rossel davrida tuzilib, Bartomeuning prezidentlik yillarida amalga oshmay qolib ketgan rejalarni davom ettirmoqchi. Qarang, oddiylikning qadri naqadar baland. Muxlislarda unga nisbatan g‘azab ko‘zi bilan qarashga bir necha asoslar bordek. Zero, u Rossel va Bartomeu davrida prezident kengashi tarkibida bo‘lgan. Hattoki, 2003-2005 yillar mobaynida Laporta qo‘l ostida ham klub uchun xizmat qilgan. Biroq, u doim rahbarlar bilan masofa saqlar, har doim neytral bo‘lishga harakat qilardi. 2005 yilda Joan Laporta u qatori bir qator rasmiylarni klubdan ketkazib yuborgach ham, Tonidagi “ko‘k-anorranglilar”ga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari yo‘qolmadi.
Umuman olganda, u klub bilan 10 yildan ortiqroq vaqt mobaynida hamnafas bo‘lib keldi. Jahon futbolida katta hurmat e’tiborga va manfaatli aloqalarga ega bo‘lgan Freyshani “Barsa” tarafdorlari klub tizimini hamda undagi past-balandliklarni yaxshi bilgani uchun ham qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Biz “Barselona”ning Kataloniyadagi muxlislari kabi klub ichki siyosatini to‘liq kuzatish imkoniga ega emasmiz. Qo‘limizdan kelgani Evropa OAVda taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanib, jamoadagi muhim voqealar xususida fikr almashish. Yaqinlashib kelayotgan saylovda “Barselona”ga eng munosib nomzod prezident bo‘lishiga umid bildiramiz. Zotan, "top-5" chempionatlarda va UEFA Chempionlar Ligasida raqobatbardosh jamoalarning o‘z mavqeini saqlab qolishidan futbol faqat yutadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar