
"Barselona" endi EChLning o‘rtamiyona jamoasi
SPORTS.uz Kataloniya jamoasining evrokubokdagi ishtirokidan kelib chiqib, uning muammolari borasida fikr yuritadi. Achinarlisi shundaki, "Barsa" o‘z uyida "Bavariya" darvozasiga 90 daqiqa ichida birorta aniq zarba berishni uddalay olmadi. Bunaqasi, yaqin 10 yil ichida birinchi marotaba kuzatilmoqda. Jamoaga nima bo‘ldi?
Buskets zahiraga olindi
Messining ketishi Kataloniya klubi uchun butun bir eraning yakunlanganini anglatgan edi. Achinarlisi shundaki, oltin davrning qadriga etmaganlar jazodan qutulib qoldi. Bartomeu suvdan quruq chiqibgina qolmay, kattagina pul ham ishlab oldi. Hozir u boshqachasiga jamoani boshqarib bo‘lmas edi, deb bong urishi mumkin, biroq hammasini birgina dadil qaror bilan saqlab qolish mumkinligiga ishonasizmi? "Manchester Siti" Messi uchun 250 million evro to‘lamoqchi bo‘lganida, "otni qamchilab qolish" kifoya edi. Prezident bundan ko‘ra, 550 million evroni Leoning hisob raqamiga o‘tkazib berishni afzal ko‘rdi. Bu ham etmaganidek, birin-ketin omadsiz transferlar bilan ahvolni yanada og‘irlashtirib yubordi.
Buning o‘rniga jamoaga yosh va iqtidorli futbolchilarni jalb etib, allaqachon yangi jamoa qurish mumkin edi. Bartomeu oxirigacha Messini ushlab qolishga tirishdi. Nishonga tegmagan transferlar natija beravermagach, qarzdorlik ortib ketdi.
Achinarlisi, endi birorta top murabbiy "Barselona" boshqaruvini qo‘lga olmoqchi emas. Nagelsman "Bavariya" uchun "Real" va "Barsa"dan voz kechgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Kataloniyaliklar Ronald Kuman darajasidagi mutaxassis bilan qayta qurishni amalga oshirishga majbur. Hatto, Xavi ham klubni botqoqdan olib chiqib ketishga ko‘zi etmagani uchun o‘zini chetga oldi. Uni tushunish mumkin. Yangi transferlarga umuman pul yo‘q. Akademiya va asosiy jamoa o‘rtasidagi aloqalar yo‘qolib qolgan. Bunday og‘ir ahvolda klub yana qancha sarson bo‘lishi hozircha noma’lum.
Kuman kimsasiz oroldagi Robinzon!
Ronald grand klublarga qarshi uchrashuvlarda o‘z imzosini ko‘rsata olmayapti. Ichki birinchilikda yigitlar klass evaziga g‘alaba qozonayotgan edi. Leo ketgach, vaziyat yanada og‘irlashdi. Endi "Barselona" nafaqat EChL, balki La Ligadagilar uchun ham etib bo‘lmas cho‘qqi emas.
Katta ehtimol bilan, mavsum avjiga chiqqan paytda ispan klublari "ko‘k-anorranglilar"ni ancha qiynab qo‘yadi. Ter Shtegen formada emas. Markaziy himoyadagi "koridor"ni berkitishga qodir futbolchi tarkibda yo‘q.
Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Ansu Fatining agenti - Jorje Mendesh allaqachon mijoziga tezroq boshqa jamoaga ketishi kerakligini maslahat bergan. Bundan ko‘rinib turibdiki, "Barselona" avvalgi mavqeyini to‘liq yo‘qotib bo‘ldi. Vaziyatdan chiqib ketish maqsadida klub darrov afsonaviy 10 - raqamni Fatiga topshirdi. Ko‘ramiz, faqat nomi qolgan "Barselona" o‘z yulduzini bu tempda yana qancha ushlab qolar ekan?!
Sobiq gvardiya klubga ziyon etkazmoqda!
"Bavariya" bilan o‘yindan so‘ng natijadan ko‘ra xG bergan ma’lumot ko‘proq hayron qoldirdi. Maydon egalari Noyer darvozasiga jarima maydonchasi tashqarisidan 90 daqiqada atigi 2 bor zarba yo‘llagan. Intensivlik borasida "Barsa" raqibidan 8 barobar orqada(2:10)!
Tarkibdagi "qariyalar" allaqachon postni topshiradigan payt kelgan. Buskets, Alba va Pike uchligi "Barselona"ning borgan sari eng zaif nuqtalariga aylanib bormoqda. "Benfika" va "Dinamo" Kievni inertsiyada engish mumkin, ammo bu muammolarni bir muddatga yashirib turish, xolos. Biz bilgan, biz o‘rgangan qudratli "Barselona" o‘tmishda qolgani aniq.
Leo Messi bilan 2:8 hisobda boy berilgan o‘yin yodingizdami? O‘sha uchrashuvda faqat hisobgina bizni hayron qoldirgan edi. "Kamp Nou"dagi so‘nggi bahsda kataloniyaliklarning ko‘rsatgan o‘yini xafa qildi. Natija 3:0 bo‘lgani o‘z yo‘liga. "Barsa" shu qadar zaif futbol namoyish etdiki, xatto Noyer bemalol Nagelsman bilan stadiondagi restoranda tamaddi qilishi ham mumkin edi.
Yaqin o‘tmishning eng katta daromad qiladigan klubini bunday nochor ahvolda qoldirish oson emas, biroq Bartomeu buni uddaladi. Endi, Laporta hammasini boshidan boshlashga majbur. Unda boshqa variant ham yo‘q!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar