
“Barsa” superfutbolchini “qora ro‘yxat”ga tiqdi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” rahbariyati “Atletik Bilbao” etakchisi Niko Uilyamsni ketma-ket ikkinchi bor qo‘lga kirita olmaganini hazm qilishi juda qiyin kechmoqda.
RAC1 jurnalistlarining ma’lum qilishicha, kataloniyaliklar 22 yoshli futbolchini o‘zining “qora ro‘yxati”ga kiritib qo‘ydi va endi “Barselona” hech qachon bu o‘yinchini transfer qilishga urinmaydigan bo‘ldi.
“Barselona” o‘tgan yili yozda Evropa chempionatida Lamin Yamal bilan tandem hosil qilib, Ispaniya terma jamoasining qit’a chempioniga aylanishiga katta hissa qo‘shgan Niko Uilyamsni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgandi. O‘shanda Niko Bilbaoda qolishni ma’qul ko‘rgandi.
Bu gal transfer amalga oshishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan edi. Kataloniyaliklar Uilyamsni kutib olishga tayyorgarlik ko‘rayotgan pallada Niko “Atletik” bilan o‘n yillik shartnomaga imzo chekkani rasman e’lon qilindi.
Shu tariqa, “Barselona” qatorasiga ikkinchi yil o‘zi ko‘zlagan transferdan quruq qoldi.
Fikrlar