
Babayandan xafa bo‘lgani, faoliyatidagi omadsizlik sababi va yoshi "o‘qlangan" futbolchilar haqida Timur Hakimov bilan intervyu
SPORTS.uz sayti eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. "Gapiraman" loyihasining navbatdagi mehmoni Meksikada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining qahramonlaridan biri Timur Hakimov! Ushbu suhbat davomida futbolchi muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berib o‘tdi.
Yoshingiz "o‘qlangan"mi?
- Men juda yoshlik paytimda "Paxtakor" jamoasi akademiyasiga tashrif buyurganman. Futbolchi va murabbiylar ko‘z o‘ngida katta bo‘lganim bois, yosh borasidagi savollardan ancha chetroq yurdim. Shunga qaramay, o‘zbek futbolida yoshi kichraytirilgan juda ko‘p futbolchilarni bilardim. Bu muammo nafaqat bizda, balki butun SSSR davlatlarida uchraydi. Bu - kasallik. Futbolga juda katta zarar keltiradi. Professionallardan farqli o‘laroq, bolalar futbolida yosh o‘rtasidagi farq darrov ko‘zga tashlanadi. Bu muammoni to‘liq bartaraf etish uchun juda katta ishni amalga oshirish shart.
Oilangiz haqida ma’lumot deyarli yo‘q. Ular ham futbolga befarq emasmi? Ular karerangiz bunday davom etgani uchun kimni asosiy aybdor deb hisoblaydi?
- Onam, buvam va akam birga yashaymiz. Ular meni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan, ammo hech qachon omadsizliklarimda kimnidir aybdor qilishmagan. Shunga qaramay, ayb o‘zimda ekanligini juda yaxshi bilaman.
Umringizni qayta yashash imkoni bo‘lganida, qaysi xatoni takrorlamagan bo‘lar edingiz?
- Bundan avval ham aytganman. Agar ortga qaytib qolishning imkoni bo‘lganida, namoz o‘qishni boshlagan bo‘lar edim. O‘ylashimcha, ibodatni ertaroq boshlaganimda, hammasi o‘z o‘rniga tushib ketgan bo‘lardi. Hozir ham hammasi yaxshi, hayotimdan roziman.
O‘zingizni poezdi o‘tib ketgan yo‘lovchidek tasavvur qilasizmi?
- Yo‘q, menda hali imkoniyat bor. O‘z kuchimga to‘liq ishonaman. Hayotda pozitiv inson bo‘lganim uchun, doimo yaxshi narsalar haqida o‘ylashga intilaman. Hozirgi futbolchilarga e’tibor qarating. Men ularni kuchli deb hisoblamayman. Mana bir necha yillardan beri yoshlarimiz JCh yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmayapti. Ularni fonida o‘zimni davri o‘tgan futbolchi deb hisoblamayman.
Faoliyatingiz davomidagi eng yorqin xotira. Yashil maydondagi qaysi epizod hali-hamon tushlaringizga kiradi?
- Tushimda ko‘rmaganman-ku, lekin eng yoqtirgan epizodim bor. Toshkentda Osiyo chempionatiga chiqish uchun chorak finalda Suriya bilan to‘qnash kelgandik. O‘yinning 87-daqiqasida boshim bilan gol kiritdim va biz JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. "Paxtakor" stadioniga yig‘ilgan 25-30 ming odam o‘rnidan turib ketgan edi. Buni unutib bo‘lmaydi.
10 yil avvalgi Timur Hakimovni uchratib qolsangiz, unga nima degan bo‘lar edingiz?
- Albatta, kerakli gaplarni aytgan bo‘lardim, biroq 10 yil avvalgi Timur bu so‘zlarga parvo qilmagan bo‘lar edi. Hamma o‘z xatolaridan kelib chiqib tajriba to‘playdi. Hozirgacha qoqilgan barcha voqealarim meni yanada kuchli bo‘lishimni ta’minlagan. 10 yil avval Mirjalol aka Qosimov meni qattiq koyib bergan edilar. O‘zimni yig‘ishtirib olishim kerakligini, o‘zbek futboli kelajagi ekanligimni aytganlar. Men "xo‘p, xo‘p" deganim bilan, bilganimdan qolmaganman.
Faoliyatingizni tiklashga bir necha barobar urindingiz, biroq avvalgi darajaga chiqishning imkoni bo‘lmayapti. Bunga nima to‘sqinlik qilmoqda?
- Hech qanday muammo yo‘q, ammo bilmadim. Har yili faoliyatimni qayta boshlayapman, ammo yakun o‘ylaganimdek bo‘lmayapti. Shunga qaramay, aniq bilaman, bir kun albatta "portlaydi". Umidimni uzganim yo‘q. Orada og‘ir jarohat olib, operatsiya stoliga yotdim. O‘sha paytda yonimda "Oq-tepa" klubining rahbarlari bo‘ldi. Shu bois, ularni hayotdagi ustozlarim deb hisoblayman. Menga muxlislar juda ko‘p ijtimoiy tarmoqlar orqali yozadi. Ular uchun ham avvalgi sport formamni tiklamoqchiman.
Meksikadagi tarkib "oltin avlod"midi?
- Balki omadimiz Meksikada qolib ketgandir. Men yana bunday avlod etishib chiqishiga ishonmayman. Bizda jamoaviylik ruhi kuchli edi. Maydon va uning tashqarisida ahil edik. Keyin, ko‘p jamoalarda to‘p tepdim, ammo bir-birini bunday yaxshi tushuna oladigan jamoani boshqa ko‘rmadim. Rus va o‘zbek bola bemalol hamma mavzuda suhbatlasha olar edik. Chinakam oila bo‘lganmiz. Hozirgi avlodning yosh murabbiylari boshqa uslubda ish olib bormoqda. Hozir bolalar futboliga bo‘lgan munosabat o‘zgarib ketgan.
To‘liq intervyuni "You Tube"dagi rasmiy sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Fikrlar
Xozir xam imkon bor Temur uchun.
Orqaga qarama- faqat olga qadam boss..