
Babayan: Bugun "Navbahor" xalq jamoasi ekanligini isbotladi
Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqich 3-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Nassaji Mozandaron" uchrashuvi yakuniga etdi. Unda hamyurtlarimiz 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Maydon egalari safida gollarga Oston O‘runov va Abdi (avtogol) mualliflik qildi. Mehmonlarning goli esa Muhammadrizo Ozodi nomiga qayd etildi.
Shu tariqa, "Navbahor" ochkolari sonini 7 taga etkazib, guruhda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Eron klubi hisobida 3 ochko mavjud va ular 3-pog‘onadan joy olgan.
O‘yindan so‘ng murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida Samvel Babayanning o‘yin haqida fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Assalomu alaykum. Hammani g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun kurashishni xohlaydigan va g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan yangi "Navbahor" tug‘ildi, deyishimiz mumkin. Birinchi navbatda yigitlardan xursand bo‘lishimiz kerak. Ular haqiqiy professional ekanligini ko‘rsatishdi.Futbolchilar shunchaki shartnomasi borligi yoki mo‘may daromad topish uchun o‘ynamayapti. Ular Namangan viloyati uchun futbol qanchalik muhimligini biladi va samimiy muxlislarimiz uchun harakter ko‘rsata oldi. Yigitlarni tabriklayman.
- Ikkita taymga keladigan bo‘lsak, yaxshi boshladik. Faqatgina yakunlashda u qadar omadimiz kelmadi. Raqibning yagonagina hujumi gol bilan yakunlandi. Ikkinchi taym uchun bizning rejamiz bor edi. O‘ronov hamda Sobirjonov maydonga tushdi va bizga natija keltirdi. Kim asosiy tarkibda tushishi muhim emas. Bizda asosiy va zaxira degan narsa yo‘q. Maydonga tushib, jamoaga yaxshi natija uchun yordam berishi lozim.
- Bilasizmi, futbol bu juda murakkab kasb. Biz odamlarni xursand qilish uchun o‘ynashimiz kerak. Bugun "Navbahor" xalq jamoasi ekanligini ko‘rsatdi. Shunday ekan, biz uchun buni tushunamiz va his qilamiz. Nafaqat Namangandagi ixlosmandlar, balki, butun O‘zbekistondagi ishqibozlar "lochinlar"ni hurmat qilishiga guvoh bo‘ldik. Biz davom etishimiz uchun sabablar bor. Bizda 8 ta o‘yin bor. Albatta, kurashishimiz kerak. Biroq aniq ayta olamanki, hech qanday bosim yo‘q. Faqatgina har bir o‘yindan zavq olishimiz va muxlislarningni xursand qilish uchun to‘p tepishimiz zarur.
- Gol o‘tkazish rejamizda yo‘q edi. Lekin Ostonni zaxiradan tushirish rejada bor edi. Bilsangiz kerak, unda jarohat bor edi. Mana buni harakter desa bo‘ladi. U yarim finaldan so‘ng birorta mashg‘ulotda ishtirok etmadi. Biz u bilan faqat favqulotda holatda maydonga tushirishim borasida kelishib oldi. Nimaga men yangi "Navbahor"ni ko‘rdik deyapman? Sababi, sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga qaramasdan ham ular jamoa uchun borini beryapti.
- Temur biz uchun muhim va jamoadagi tajribali futbolchilardan biri. U bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Qaerdadir hujumni yakunlashda xato qilgan bo‘lishi mumkin, ammo u hujum tashkil qilish borasida ajoyib o‘yin ko‘rsatdi.
- Hakamlikni tanqid qilish niyatim yo‘q. Menimcha, bugun ular top darajada o‘yinni boshqardi. Ular kechikishlar va simulyatsiyalarni to‘g‘ri baholab, uchrashuvga 11 daqiqa qo‘shib berdi. Biz Superligada ham shunday holatlar guvohi bo‘lamiz. Afsuski, odatda bizning hakamlar buncha vaqt qo‘shib berish holatlariga guvoh bo‘lmaymiz. Xalqaro maydonda, misol uchun, "Al-Hilol"ga qarshi o‘yinda ham hakamning uchrashuvga 14 daqiqa qo‘shib bergani guvohi bo‘ldik. Umuman olganda, hakamlik shunchaki a’lo darajada. Nimadir yomon bo‘lsa, aybni odam o‘zidan izlashi kerak.
Fikrlar
Ukam senlarga nima yoqadi uzi