
Aziz To‘xtaboev: Liga Kubogida g‘olib chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz
Ma’lumki, 19-turdagi eng yirik hisob Qo‘qonda kuzatildi. «Qo‘qon-1912» jamoasi Vadim Abramov boshchiligidagi «Bunyodkor»ni 3:0 hisobida taslim qilishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, mezbonlar turnir jadvalidagi ahvolini bir muncha yaxshilab ham oldilar. E’tiborlisi, «Qo‘qon-1912» oxirgi to‘rtta uchrashuvdan beri faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Kubok doirasidagi muvaffaqiyatini ham qo‘shadigan bo‘lsak, ularning g‘alabali seriyasi beshta o‘yinga etganini ko‘rish mumkin. Jamoada bosh murabbiylik vazifasini bajarib kelayotgan Aziz To‘xtaboevga esa «Qo‘qon-1912»ni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketishga ishonmaganlar ham bo‘lgandi. Biroq yosh murabbiy jamoaga g‘olibona ruhni va futbolchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini singdira oldi. Ayniqsa, «Bunyodkor» bilan bellashuvda bu holat yaqqol namoyon bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, To‘xtaboev futbolchilik davrida Vadim Abramov qo‘l ostida bir necha mavsum to‘p surgandi. Bu safar esa ular ilk bor murabbiy sifatida to‘qnash kelishdi, ustoz va shogird sifatida. Ammo buni qarangki, shogird ustozini engib qo‘ydi. To‘xtaboev dastlab shu haqida fikr bildirdi.
- Vadim Abramovni hamma biladi, uni barchamiz yaxshi ko‘ramiz, - deya gap boshladi, Aziz To‘xtaboev. - Ushbu mutaxassisning qanday uslubda o‘ynashini ham yaxshi bilamiz. Chunki uning qo‘li ostida ham o‘ynaganman. Ayniqsa, uning jamoalari to‘p bilan muomalada ko‘p bo‘ladi, bu holat terma jamoada ishlaganida ham sezilib turardi. To‘g‘risi, biz bilan o‘yinda uning jamoasiga to‘p bilan muomala qilishga ham yo‘l qo‘yib berildi. Lekin biz gol urganimizdan keyin qarshi hujumlardan foydalanmoqchi bo‘lgandik. Ammo boshqa imkoniyatdan foydalana olmadik. Keyin ikkinchi bo‘lim arafasida yigitlarga tushuntirdim, o‘yinimizni yanada kuchaytirishimiz kerakligini uqtirdim. Natijada tanaffusdan so‘ng yana ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldik. E’tiborlisi, biz uchta goldan tashqari yana boshqa imkoniyatlarga ham ega bo‘la oldik. Agar hammasi o‘xshab qolganida hisob yanada yirik ko‘rinish olishi ham mumkin edi. Albatta, Vadim Karlenovichga hurmatimiz baland. Bir tomondan qaraganda, ustozni yutish bu yoqimli, ammo ikkinchi tomondan qaraganda sizga futbol o‘ynatishni o‘rgatgan ustoz bilan ilk bor murabbiy sifatida to‘qnash kelib, uni engish hijolatchilik ham bo‘lar ekan.
«Qo‘qon-1912» ikkinchi davrani o‘z uyida Jizzaxga qarshi o‘tkazib, «So‘g‘diyona»ga yutqazib qo‘ygandi. Ammo keyingi barcha o‘yinlarda faqat g‘alaba qozonib kelishmoqda. Futbolchilarga g‘olibona ruhni singdirishda tabiiyki, Aziz To‘xtaboevnnig hissasi katta bo‘lmoqda. U qanday qilib, o‘yinchilarining ruhiyatini ko‘tarayotgani haqida gapirdi.
- Siz bilan yozda gaplashganimizda ham aytgandim, bizga faqat bitta g‘alaba etishmayotgandi. Agar bitta yutib olsak, ishlarimiz yaxshi bo‘lib ketishiga ishonardik. Aslida jamoamiz o‘sha paytda ham yomon o‘yin ko‘rsatmayotgandi. Biroq u kezlarda o‘zimiz yaratayotgan imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalana olmayotgandik. Aksiga olib, o‘zimiz qarshi hujumlardan jabr chekib, gol o‘tkazib yuborayotgandik. Mana, oxirgi beshta uchrashuvdan beri g‘alaba qozonib kelyapmiz. Buning sabablaridan biri esa biz yangi taktikada o‘ynayotganimizdir. Ya’ni, 5-3-2 taktikasini qo‘llayapmiz. Shuning ko‘proq samarasi bo‘lyapti va himoyani ham kuchaytirdik. Ammo ko‘pchilik bizni asosan himoyaviy o‘yin ko‘rsatishyapti deb o‘ylashadi. 5-3-2 taktikamiz esa bu aslida hujumkor uslub sanaladi. Biz ikkinchi davrada futbolchilarimizning maydondagi joylashuviga e’tibor qaratib, hujum va himoyada uyushqoqlikni, barqarorlikni o‘rnata olyapmiz.
Qo‘qonliklar joriy mavsumda ilk bor yirik hisobda g‘alaba qozonishdi. Qolaversa, hali bunga qadar bitta uchrashuv uchta gol urmagandi. Aytmoqchimizki, jamoaning gol urish borasidagi sermahsulligi yaxshilanib boryapti. Hujumlarning ham «ishtahasi» ochilayotgandek. Bosh murabbiy vazifasini bajarayotgan yosh mutaxassis esa ushbu jarayonga ham to‘xtalib o‘tdi.
- Boya aytganimdek, aslida bizda doim imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘lardi, ammo ulardan kerakligicha foydalana olmayotgandik. Ishtaha ovqat paytida keladi deyishadi. Mana, gollar urilayotganidan keyin futbolchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonch va xohish ham ortib ketadi. Boshqa sohalarda ham shunday, agar sizning ishingiz yurishib ketaversa, ruhiyat ko‘tarilib, o‘zingizga bo‘lgan ishonch kuchayib boraveradi. Bizda ham shunday bo‘lyapti, g‘alabalar qozonayotganimiz, gollar urayotganimiz yigitlarning ruhiyatini ko‘tardi. Endi bizda oldingidek katta bosimlar yo‘q, oxirgi o‘rindan qachon qutularkanmiz, degan o‘y-hayollardan uzoqlashdik. Shunday omillarning evaziga ham endilikda futbolchilarimiz maydonda erkin, o‘zlariga ishongan holda o‘ynashyapti. Nafaqat o‘yinchilarimiz, balki rahbariyatdan tortib, stadionning qorovuligacha hamma birdek mehnat qilyapti.
Darhaqiqat, mavsumni yaxshi boshlay olmagan «Qo‘qon-1912» ancha vaqtgacha oxirgi o‘rinda yurdi. Bundan esa mahalliy muxlislar tashvishga tushib qolishgandi. Ammo oldinda ikkinchi davra bahslari turgandi va asosiy umid aynan mavsumning ikkinchi qismidan bo‘lib qolgandi. Boisi, birinchi davrada ko‘plab o‘yinlarni safarda o‘tkazishga majbur bo‘lgan jamoa endi o‘z maydonida o‘sha raqiblarini qabul qilmoqda. Shunga asosan jamoaning g‘alabali seriyasi boshlandi. Natijada bugungi kunga kelib qo‘qonliklar 9-o‘ringa ko‘tarilib ketgan holda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan nomzodlardan uzoqlashdi. Bu holatda ular endi bir muncha engil tin olayotgan bo‘lsalar ham ajab emas.
- Siz bilan gaplashganimda kamida 8-o‘rinni egallashimiz haqida aytgandim. «Bunyodkor» bilan uchrashuvdan oldin imkoniyatimizdan kelib chiqib ochkolarimizni hisoblab chiqqanimizda bemalol sakkiztalikdan joy olishimiz mumkinligi ko‘ringandi. Bu albatta nazariy jihatdan aytilayotgan imkoniyatlardir. Lekin chindan ham bemalol ushbu o‘rinni qo‘lga kiritsak bo‘ladi. Ammo biz hali xotirjamlikka berilmasligimiz kerak. Oxirgi o‘rindagi «Buxoro» bilan bizning o‘rtamizdagi farq faqat besh ochkoni tashkil qilib turibdi xolos. Bitta mag‘lubiyat esa bizni 12-o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Bundan buyog‘iga aslo xotirjamlikka berilmasdan g‘olibona ruhda davom etishimiz kerak.
Shuningdek, qo‘qonliklarning Kubok doirasidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, garchi O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, Liga Kubogidagi yurishini davom ettiryapti va ular yarim finalga etib keldi. Endi bu bosqichda «Qo‘qon-1912» «Dinamo» bilan o‘ynaydi…
- Ikkala Kubokda ham oxirigacha borish bizning maqsadimiz edi. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishni biz ham niyat qilgandik. Liga Kubogi ham yomon musobaqa emas. Ko‘plab jamoalarga asqotyapti. Ayniqsa, o‘ynamayotgan o‘yinchilarda amaliyot paydo bo‘lib, o‘zlarini ko‘rsatib olish uchun imkoniyat hosil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketishimizning sababi shuki, «Qizilqum» bilan uchrashuvda asosiy vaqtda 1:1 bo‘lgandi, faqat penaltilar seriyasidagina mag‘lub bo‘ldik. Liga Kubogidagi ishtirokimizni esa hamma ko‘rib turibdi va bu haqida ortiqcha gapirmasam ham bo‘ladi. Bizning maqsadimiz Liga Kubogini yutish. Baribir har qanday klubga sovrin kerak. Bu esa futbolchilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun iloji boricha Liga Kubogida g‘olib chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Fikrlar