Aziz G‘anievning qo‘shnisi, terma jamoadagi muhit, legionerga aylanish istagi - hammasi Sharof Muhitdinov haqida

  • 4 aprel, 2020, 14:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasiz, yurtimizda kelajagi porloq sanalgan iqtidorli futbolchilarimiz juda ko‘p. Ayniqsa, futbol akademiyalarida tahsil olayotgan o‘yinchilarimiz orasida maqtasa arzigulik darajadagi yigitlarimiz bisyor. Bu borada “Nasaf” akademiyasi va undagi futbolchilarni alohida ta’kidlasak arziydi. Terma jamoalarimizda esa “Nasaf”ning tarbiyalanuvchilari ko‘pchilikni tashkil etishini ham muxlislar yaxshi bilsa kerak. Ushbu klubning tarbiyalanuvchilaridan biri, oxirgi paytlarda o‘z ustida ishlab o‘sishga erishayotgan Sharof Muhitdinov bizning bugungi maqolamiz qahramoni bo‘ladi.

Tecno

Bugungi kunga kelib ushbu o‘yinchi “Nasaf” jamoasining rostakamiga etakchilaridan biriga aylana oldi. Muhimi, Muhitdinov yuqorida ta’kidlaganimizdek, futbolchi sifatida ham yanada o‘sishda davom etmoqda. Shunday ekan, Sharof haqida siz o‘quvchilarga yanada to‘liqroq ma’lumotlar berishga harakat qilamiz. Albatta, buning uchun o‘zi bilan bog‘landik hamda qator masalalarda fikrlar almashdik.

Muhitdinovning “Nasaf” akademiyasiga kelishi tarixi

Sharof Muhitdinov haqida gap ketar ekan, uning iqtidoriga shubha qilib bo‘lmaydi. Ishonchimiz komilki, u mehnatdan qochmagan holda hali yanada kuchli futbolchi bo‘lib etishadi. Hozirdanoq katta umid bildirilayotgan ushbu o‘yinchining avvalo futbolga kirib kelishi qanday bo‘lgan? “Nasaf” klubining akademiyasiga qay tariqa kelib qolgan? Quyida ushbu savollarga javob olasiz.

- Mening birinchi murabbiyim Usmon aka bo‘lgandi. Jizzaxda 9-10 yoshimdan futbol o‘ynashni boshlaganman. “Nasaf” akademiyasiga 2012 yili borganman. 2011 yili ular OFK Kubogini qo‘lga kiritishgandi. Men esa Jizzaxdagi futbol maktab-internatida o‘qib yurardim. Natijada o‘sha 2012 yili “Nasaf”dagilar bizning murabbiyimizga maktab-internatida yaxshi bolalar bormi, bo‘lsa ko‘rikka olib keling deb aytishgan. Shunday qilib, bizni akademiyaga olib borib, ko‘rikdan o‘tkazishgan va birinchi davradayoq “Nasaf”da qolganman.

“Futbolchi bo‘lishni istaganlar albatta qiyinchiliklarni ham engib o‘tishi kerak”

“Nasaf” akademiyasiga ko‘plab iqtidorli yoshlar jalb qilinadi. Biroq hammasi ham kelajakda futbolchi bo‘lib etishib chiqavermaydi. Buning uchun bosqichma-bosqich o‘sishga harakat qilishadi. Lekin tarbiya olayotgan yoshlarning keyinchalik etakchilik darajasigacha ko‘tarilishi qiyin hisoblanadi. Ammo Sharof barchasidan o‘tdi va endilikda “Nasaf”ning muhim o‘yinchilaridan biriga aylandi. O‘z navbatida ushbu o‘yinchi akademiyadan to shu kungacha bo‘lgan yo‘lni qanday bosib o‘tganiga ham to‘xtaldi.

- “Nasaf” akademiyasida to‘g‘ri tizim tashkil etilgan. Shu sababli ular to‘g‘ri yo‘ldan ketishyapti. Murabbiylarning malakasi, futbolga bo‘lgan e’tibor, akademiyadagi sharoitlar, umuman, hamma-hammasi a’lo darajada. Biz borgan paytda ham, hozir ham akademiyadagi sharoit va imkoniyatlar yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Murabbiylarning malakasi va yaratilgan sharoitlar ham bolalarning futbolchi sifatida yanada o‘sishiga yordam beradi. To‘g‘ri, hammada ham qiyinchilik bo‘ladi. Lekin futbolchi bo‘lishni istaganlar albatta bunday qiyinchiliklarni ham engib o‘tishi kerak. Mana, Xudoga shukrki, hammasini engib shu ergacha etib keldik. Ammo bu bilan cheklanib qolmasdan yana ishlashda davom etaman.

muxitdinov2

“Jizzaxdagi iqtidorlar o‘zlarining individual mahorati evaziga shu darajaga chiqishgan”

Sharofning jizzaxlik ekanligini hisobga olsak, u erdan ajoyib futbolchilar etishib chiqishi bu birinchisi emas. Bungacha Jizzaxdan futbolimizda ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilar voyaga etishgan. Masalan, Jasur Hasanov, Aziz G‘aniev, Sardor Rashidov, Sanjar Rashidov, Sharof Muhitdinov... yana bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Qiziq, Jizzaxda bolalar futboliga bo‘lgan e’tibor kuchayganmi yoki ularning individual mahorati evaziga yuqoridagi kabi iqtidorlar etishib chiqyaptimi? Bu masalaga Muhitdinov shaxsiy munosabatini shunday bildirdi:

- Jizzaxdagi sharoitlarni a’lo darajada deb o‘ylamayman. Siz sanab o‘tgan futbolchilar individual mahorati evaziga o‘zlarining kuchlari bilan etishib chiqishgan. Masalan, Sardor Rashidovni oladigan bo‘lsak, uning dadasi g‘amxo‘rlik qilib, o‘zi barcha sharoitlarni yaratib bergan. Nima kerak bo‘lsa, o‘zi oxirigacha qo‘llab-quvvatlagan. Iqtidorli futbolchilar o‘zlarining harakatlari, futbolga bo‘lgan qiziqishi hamda yuqorida aytganimdek, individual tomondan bo‘lgan iqtidori tufayli menimcha, shu darajagacha etib kelishgan deb o‘ylayman. Biz esa Jizzaxda stadionga yaqinroq turamiz. Aslida u erda futbolchilar ham bir-biriga yaqinroq. Misol uchun Jasur Hasanov va Aziz G‘aniev bilan bir mahallada turamiz. Aziz bilan esa qo‘shnimiz. U bilan birga katta bo‘lganmiz, futbolga ham birga borardik. “Nasaf”da ham birga o‘ynadik, doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlardik. Yonimizda stadion joylashgani uchun ham bolaligimizdan futbolga bo‘lgan qiziqishimiz kuchli bo‘lgan. O‘sha yoshligimiz chog‘ida stadionga “So‘g‘diyona” jamoasining mashg‘ulotlarini va o‘yinlarini ko‘rgani borardik. U paytlarda Jasur Hasanov “So‘g‘diyona”da to‘p surardi. Futbolchilarning qo‘lidan ushlab maydonga chiqishga va o‘yin paytida stadion atrofida futbolchilarga to‘pni uzatib berishga qiziqardik.

“Mening kumirim – Jasur Hasanov”

Har bir o‘yinchi bolaligidan kimgadir havas qiladi yoki kimnidir o‘ziga kumir sifatida baholab, o‘sha futbolchiga o‘xshashni orzu qilgan holda bu sport turini tanlashadi. Xo‘sh, bu holatda Sharof kimga havas qilgan? Buni quyida bilib olasiz.

- Mening kumirim Jasur Hasanov bo‘lgan. Esimda, o‘sha paytlarda u 7-raqamda o‘ynardi. Boya aytganimdek, uning qo‘lidan ushlab maydonga birga chiqishga qiziqardim. “Nasaf”da esa Shoxruh Gadoevning o‘yiniga qiziqardim.

“Milliy termada to‘p surish orzuim”

Har qanday futbolchining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘lgani kabi Muhitdinov ham asta-sekin niyatlariga erishib bormoqda. Masalan, u “Nasaf” akademiyasida o‘qishga kirdi, vaqt o‘tgach, klubning asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi. Shuningdek, terma jamoalarda ham to‘p surmoqda. Uning bundan keyingi amalga oshadigan maqsadi qanday bo‘lishi mumkin? Bu borada Sharof shunday dedi:

- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, hammasi bosiqcha-bosqich amalga oshib bormoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish har bir o‘yinchining orzusi deb o‘ylayman. Milliy terma jamoa libosida maydonga tushish, vatan sharafini himoya qilish har bir o‘yinchining orzusidir. Shu bilan birga har bir futbolchining yana bir niyati – bu legioner bo‘lishdir. Xudo xohlasa, men ham yanada o‘sishga erishib, legioner sifatida faoliyatimni xorijda davom ettirish niyatim bor va O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan holda munosib himoya qilishni istayman.

muxitdinov5

“Legionerga aylanish vaqtim keldi”

Kutganimizdek, Muhitdinov ham legionerga aylanish istagida. “Nasaf”ning tarbiyalanuvchilariga e’tibor bersak, shu paytgacha ko‘pchiligi xorijda to‘p surishga muvaffaq bo‘lishdi. Masalan, yaqinda Sharofning do‘sti Aziz G‘aniev ham legioner maqomiga aylandi. Ammo oxirgi paytlarda Muhitdinovga ham chetdan takliflar bo‘layotgani haqida ham eshitgandik. Xo‘sh, bu mish-mishmi yoki chindan ham rostmi? Aniq javobni uning o‘zidan eshitamiz.

- Takliflar masalasida shaxsan o‘zimga aloqaga chiqishmagan. Balki klubga taklif bilan chiqishgandir, yana bilmadim. Ammo o‘zimga hali hech kim aytmagan yoki qo‘ng‘iroq qilmagan. Menimcha, hammasini “Nasaf” klubi biladi. Lekin o‘ylaymanki, legioner sifatida xorijda to‘p surish vaqtim keldi.

“Bu “Nasaf”dagi oxirgi faoliyatimmi? Bilmadim”

Uning fikrlaridan kelib chiqib, balki joriy yil Muhitdinovning “Nasaf”dagi oxirgi faoliyati bo‘lar? Bunga o‘zidan aniq javob berishini so‘radik.

- Hali bu masalada bir nima deya olmayman. Keling, hozircha bu masala sir bo‘lib qolsin. Qachonki, legionerga aylanganimdan keyin bu haqida xabarlar chiqsa kerak.

“Bizda tajriba kuchli bo‘lmasa-da, muhimi ishtiyoq kuchli”

Asosan o‘z tarbiyalanuvchilariga suyanib chempionatni davom ettirayotgan “Nasaf” klubi ushbu mavsumni ketma-ket uchta g‘alaba bilan boshladi. Ko‘rinib turibdiki, jamoa tarkibida iqtidorli o‘yinchilar tufayli “Nasaf” o‘z o‘yinini yo‘qotmayapti.

- Menimcha, hammasi murabbiyimizning ko‘rsatmalari va uni bajarishga harakat qilayotganimizga bog‘liq. Buning ustiga tarkibdagi futbolchilar bilan akademiyadan beri birga bo‘lganmiz. Shu bois o‘yinchilar bilan bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Garchi bizda tajriba katta bo‘lmasa-da, muhimi, bizda futbol uchun ishtiyoq kuchli. Bundan keyin ham shunday ruhda davom etamiz degan umiddaman.

muxitdinov3

“Osiyo chempionatidagi omadsizlikni unutish qiyin”

Shuningdek, Sharof Muhitdinov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida ham to‘p surganini yaxshi bilasiz. Ayniqsa, yavnar oyida Tailanddagi Osiyo chempionatida qatnashishdi. Afsuski, vakillarimiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadilar. Muhitdinov uchun ham o‘sha muvaffaqiyatsiz o‘yinlarni unutish uchun qancha vaqt kerak bo‘ldi? Bunga futbolchi shunday javob berdi.

- Menimcha, buni unutish qiyin bo‘lsa kerak. Har bir futbolchining qalbidagi orzusi ushalmay qolgani juda achinarli. Shaxsan menda buni unutish juda qiyin. Keyinchalik e’tiborimizni ichki chempionatga qaratdik. Ammo terma jamoaga chaqirilganimda baribir o‘sha xotiralar yodimga tushadi. Nazarimda, o‘sha omadsizlikni unutish qiyin.

“O‘shanda terma jamoamizdagi muhit yaxshi emasdi”

Chindan ham terma jamoamiz uchun juda alamli yakun topdi. Biz uchun Olimpiadaga chiqishga ikki marta yaxshi imkoniyat bo‘lgandi. Ammo har ikkala uchrashuvda ham terma jamoamiz yagona gol evaziga yutqazdi. Shundan so‘ng bosh murabbiy Drulovichga va jamoaga bo‘lgan tanqidlar ham bo‘ldi. O‘sha muvaffaqiyatsizlik haqida gap ketganda Muhitdinovning fikri qanday?

- Menimcha, o‘shanda ichki muhit yaxshi emasdi deb o‘ylayman. Murabbiylar shtabida ham, futbolchilar o‘rtasida ham bu holat ko‘ngildagidek emasdi. Ya’ni, chempionlar xos xarakter etishmasdi. Keyinchalik murabbiyning deyarli bir xil tarkibni o‘ynatgani gap-so‘z bo‘lgandi. Albatta, biz bunga qarshi emasdik. Garchi o‘ynamasak ham baribir hammamizning maqsadimiz bitta edi. Ammo asosiy tarkibdagi futbolchilarning charchab qolishini nahot murabbiylar tushunishmagan bo‘lishsa?! Boshqa oddiy murabbiylar va hattoki sharhlovchilar ham bu holatni tushunishgandi. Bitta imkoniyat qo‘ldan boy berildi, ammo afsuski, ikkinchisi ham qo‘ldan chiqarildi. Agar o‘rnimizda boshqa arab jamoalari bo‘lishganida bunday imkoniyatdan foydalangan bo‘lardi.

“Yakuniy natija hammaning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatgan”

Umuman olganda, o‘shanda terma jamoamizda yaxshi tarkib yig‘ilgandi. Lekin yana bir qator futbolchilarning zaxirada qolib ketgani ham e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Misol uchun Sharof Muhitdinovning boshida zaxirada qoldirilgani muxlis va mutaxassislarga yoqmagandi. Faqat keyinroq uni zaxiradan maydonga tushirdi. Xo‘sh, bu holat Muhitdinovning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganmi?

- Keyinchalik baribir yakuniy natijadan so‘ng hammaning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Menimcha, hech bir futbolchi murabbiyga nega meni maydonga tushirmayapsiz deb ayta olmasa kerak. Garchi biz zaxirada qolganimiz bilan asosiy tarkibda o‘ynayotgan o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlardik, chunki barchamizning maqsadimiz bir bo‘lgan.

muxitdinov4

“Milliy termaga kirishib ketishim osonroq bo‘ldi”

Muhitdinov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining asosiy tarkibidan joy olmagan bo‘lsa-da, shundan so‘ng Vadim Abramov uni milliy terma jamoaga jalb qila boshladi. Demak, Sharofda bosh jamoamizda o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat bor.

- Milliy terma jamoaga kirishib ketishim osonroq bo‘ldi deb o‘ylayman. Bir jamoada o‘ynagan akalarimiz bizni iliq kutib olishgandi. Bor kuchim bilan murabbiylarning ishonchini qozonishga harakat qilaman. Buning uchun Vadim Karlenovichning ko‘rsatmalarini imkoni boricha to‘g‘ri bajarishga harakat qilamiz.

“Murabbiyimiz har kuni vazifalar berib bormoqda”

Yurtimizdagi hozirgi karantin tufayli chempionatimiz qachon davom ettirilishi hali noma’lum. Bunday paytda esa futbolchilarning sport formalarini avvalgidek saqlab qolishi oson kechmaydi.

- Aytganingizdek, karantin yana qancha vaqt davom etishini hech kim bilmaydi. Telegram kanalida “Nasaf” jamoasi a’zolaridan tashkil topgan alohida guruhimiz bor. Murabbiy esa har kuni qanday mashg‘ulotlarni bajarishimiz bo‘yicha vazifalar berib boradi. Hamma shunga qarab o‘z ustida ishlamoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
04/04/2020 15:05
Ukam san uz ustinga ishlaganinga hozir san hammadan oldin sotilgan bularding Aziz bazaga uzi mashq qilgan faqt san Bobur bilan plistishin uynarding.
SHAXBOZ Bekmurodov
05/04/2020 21:08
SHarof senlarni darding chetda o‘ynash xo‘roz qand chetilnikida SHuxrad Muxammadiyev NASAFni ashaddiy raqibi lokaga o‘tib nima bo‘ldi qarg‘ish tegib aynan Nasaf loka o‘yinida ustiga ustak qarshida oyog‘i sinib rasvo bo‘ldi.