
Aziz Amonov: "Qolganlar ham andijonliklardan o‘rnak olishlarini xohlardim, bu darajada muxlislik qilish fantastika"
“Nasaf” jamoasi ikkinchi davrani Andijonda mezbonlarga qarshi o‘tkazdi. Ajoyib muhit ostida o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmadi.
Evropacha muhitdagi uchrashuvda ikkala jamoa futbolchilari maydonda huzur olib o‘ynaydilar. “Nasaf” tarkibida to‘p surgan Aziz Amonov Andijondagi o‘yin xususida gapirdi.
- Azizbek, “Andijon”ga qarshi uchrashuv sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Atmosfera juda ajoyib bo‘ldi. “Andijon” muxlislari O‘zbekistonda etarlicha topiladi. Qolgan muxlislar ham andijonliklardan o‘rnak olishini xohlardim. Jamoasi yutsa-yutqazsa ham 90 daqiqa davomida bu darajada muxlislik qilish faqat fantastika. Bunday muhitni ko‘rib ko‘z quvonadi. Ishqibozlarga qoyil, gap yo‘q!
- Maydondagi kurash borasida fikringiz qanday?
- Jangovar o‘yin bo‘ldi. Faqat maydon hali tayyor emas ekan-da. Juda yumshoq va sifati hali u darajada emas. Sifatli o‘yin ko‘rsatishga imkon bermadi. Asosan yakka kurashlarga boy bo‘ldi.
- Bu yilgi faoliyatingizni “Nasaf”da olib boryapsiz. Biroq hozircha gollaringiz kamroq. Bu nima bilan bog‘liq?
- Gol urishga harakat qilyapmiz. Hammasi Allohdan. Yana ko‘proq gollar urishga harakat qilaman. Har doim maydonga gol uraman deb tushaman. Ba’zida nasib qiladi, ba’zida nasib qilmaydi. Ishlashdan to‘xtamaymiz.
- Birinchi davrada “Andijon” “Nasaf” maydonida yutib ketgandi. Bu safar durang bo‘ldi. Ikkala o‘yin o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rdingiz?
- O‘shanda ham “Andijon”ning himoyadan qarshi hujum asosida o‘yin ko‘rsatishini bilardik. Bugun ham shunaqa bo‘ldi. Bu safargi uchrashuvda kurashlar ko‘proq kuzatildi. Qarshidagi maydon sifatli o‘yin ko‘rsatishga imkon bersa, bu erda bunday bo‘lmadi. Boya aytganimdek, hozircha tayyor emas. Ammo tez orada to‘liq tayyor bo‘lib qolsa kerak.
- “Bobur Arena”dagi muhit sizga qo‘shimcha motivatsiya berdimi yoki aksinchami?
- Atmosfera shunchaki ajoyib. Shunaqa ruhda davom etishsa, bu juda zo‘r. Ko‘zni quvontiradigan darajada. Bunday muxlislik insonga kuch bag‘ishlaydi. Biz ham ko‘rib quvonamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar