
"Atletiko" - "Manchester Yunayted": Prevyu
Bugun tunggi soat 01:00da muxlis va mutaxassislarni jiddiy uchrashuv kutyapti. Evropa chempionlar ligasi nimchorak final bosqichidan o‘rin olgan "Atletiko" - "Manchester Yunayted" jamoalari o‘rtasida ajoyib bahs bo‘lib o‘tadi. "Matraschilar" o‘z uyida "tish-tirnog‘igacha qurollangan" "qizil iblislar"ni qabul qiladi. Haqiqiy klassik to‘qnashuv. Ikki jamoa ham oxirgi payt beqaror o‘yinlar ko‘rsatayotganini inobatga olsak, to‘qnashuv haqida aniq bir nima deb bo‘lmasligi unga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.
Bu bahs bilan parallel ravishda "Benfika" - "Ayaks" uchrashuvi ham start oladi. Shubhasiz, nom e’tibori bilan "Atletiko" - MYu "og‘ir tosh bosadi". Bizningcha, bugun yangilanishlar yoqasida turgan ikki buyuk klub to‘qnash keladi.
Ronaldu va Simeone o‘rtasidagi shiddatli jangni o‘tkazib yuborish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Har holda, "Yuventus" - "Atletiko" bahsini ko‘rgan tomoshabin futbolchi va murabbiy o‘rtasida nimalar bo‘lganini yaxshi biladi.
"Atletiko"
Simeone boshchiligidagi "hindular" bu mavsum o‘ziga o‘xshamayapti. Jamoa chempionatda ko‘plab ochkolarni boy bermoqda. To‘g‘ri, ular jadvalda har galgidek kuchli uchlik uchun kurash olib boryapti. Biroq biz bilgan kurashuvchan "Atletiko" avvalgi darajasini yuqotib borayotgandek tuyulmoqda. Madridliklar so‘nggi 7 bahsning 4tasida mag‘lubiyatga uchragan. Shu 7 o‘yinda 14 gol o‘tkazib yuborgan va 13 gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Farqni sezdingiz, menimcha. Oldingi "Atletiko" kam gol kiritishi rost edi. Lekin klub darvozasidan bu darajada ko‘p gol qo‘yib yubormasdi.
Shunga qaramay, Simeone shogirdlarini to‘liq inqiroz holatida, deb bo‘lmaydi. Klub hamon La Ligada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Chempionlar ligasida ham “Yunayted“ni “o‘tib bo‘lmas dovon“, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Umuman olganda, “Atletiko“ hali bu mavsumni boy berganicha yo‘q. Ha, yo‘qotishlar, qoniqarsiz natijalar ko‘p bo‘ldi. Lekin futbol mavsumi tugagani yo‘q. Shunday ekan, “matraschilar“da hanuz yilni muvaffaqiyatli yakunlash uchun imkon bor.
"Manchester Yunayted"
“Manchester Yunayted“ joriy mavsum eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan jamoalardan biri. Klub shu darajada yirik transferlar amalga oshirdiki, bunday xaridlardan so‘ng mutaxassislar Manchester klubini gigantlar qatoriga qo‘sha boshladi. Rostan ham bu fikrlarga qo‘shilsa bo‘ladi. Sababi, Ronaldu, Sancho hamda Varan kabi o‘yinchilar futbol olamining yirik vakillaridan hisoblanadi.
Shunga qaramay, klub muxlislar kutgan natijalarni qayd eta olmayapti. APLda peshqadamdan 17 ochko ortda, kubok va liga kubogi singari musobaqalar boy berilgan. Shuningdek, jamoada barqarorlik yo‘qolib bormoqda.
Ko‘rib turganingizdek, Rangnik shogirdlari bisotida EChLdan boshqa sovrinni yutishga deyarli imkon mavjud emas. Katta ehtimol bilan MYu bor e’tiborini shu musobaqaga qaratadi. Bu esa turnirning yanada shiddatli o‘tishiga sabab bo‘ladi. Tomoshabin uchun bundan-da yaxshisi bo‘lmasa kerak, nima dedingiz?
Uchrashuvlar tarixi
O‘yinlar soni : 2ta
“Atletiko“ : 1 g‘alaba
"Manchester Yunayted" : 0 g‘alaba
Durang : 1ta
Taxminiy tarkiblar
"Atletiko" : Oblak; Ximenes, Savich, Vrsalko, Reynildu; De Paul, Errera, Lorente, Korrea; Feliks, Suares.
"Manchester Yunayted" : De Xea; Dalot, Maguayr, Varan, Shou; Pogba, Maktominey, Fernandesh; Sancho, Elanga, Ronaldu.
"Atletiko"ga oid yangiliklar
Klub sardori Koke, shuningdek, Suares, Grizmann va Lemar kabi futbolchilar maydonga tushishi so‘roq ostida. Ularda kichik jarohat borligi aytilmoqda.
Karrasko va Felipe esa qizil kartochka olgani sabab diskvalifikatsiya qilingan.
"Manchester Yunayted"ga oid yangiliklar
"Qizil iblislar" tarkibida faqat Edinson Kavani maydonga tusha olmaydi. U jarohat olib, safdan chiqqani aytilmoqda.
Murabbiylar fikri
Diego Simeone:
“Biz dunyodagi eng kuchli jamoalardan biriga qarshi saf tortamiz. Ular yangi murabbiy Rangnik kelgach, ancha o‘sishga erishdi.
Hozir raqiblarimiz eng qiyin ligada 4-o‘rinni band etgan. Klub avvalgi darajasini tiklash uchun jiddiy harakat qilmoqda.
Tarkibga e’tibor bersak, u erda barcha iqtidor egalari jam bo‘lganini ko‘rasiz. Ayniqsa, jamoa hujum chizig‘i biz uchun hayratlanarli darajada xavfli.
Men odatda raqibning kuchli tomonlari haqida gapiraman. Biroq unutmaslik kerakki, “Atletiko“ har qanday qudratli klubga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatish uchun maydonga tushadi“.
Ralf Rangnik:
“U o‘zining odatiy uslubi bilan etarlicha sovrinlar yutgan. Menimcha, unda uslub o‘zgarmagan.
Bu jamoa hissiyotlar bilan boshqariladi. Hissiyot esa Simeone bilan bir qatorda kelishini yaxshi bilasiz. U dunyodagi eng ta’sirchan murabbiylardan biri.
Ularga qarshi ikki bahs ham qiyin bo‘ladi. Biz ham jismoniy, ham ruhiy tomondan bunga tayyor turishimiz kerak.
Men shogirdlarimni bunday qiyinchilikdan olib o‘tish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Biz e’tiborli va tartibli o‘yin ko‘rsatishimiz lozim“.
Fikrlar