
Asror Aliqulov OKMK ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin: "Bizda kam imkoniyat bo‘ldi, ammo bundan foydalandik"
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi dastlabki bahsda OKMK o‘z maydonida “Mash’al”ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Bahsdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining birinchi qismida g‘olib jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov ishtirok etdi va jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Aytish mumkinki, uchrashuv shiddatli o‘tdi. OKMK jamoasiga tayyorgarlik jarayonida qanotdan hujumlar va biz to‘p yo‘qotgandan keyin tezkorlik bilan bo‘shliqlarni yopish ustida ishladik. O‘ylaymanki, futbolchilar o‘zlarini yaxshi tarafdan ko‘rsatishdi. Yakka kurashlar ko‘p bo‘ldi. OKMKning hujumlariga yaxshi qarshilik ko‘rsatdik. Bizda kam sonli imkoniyat bo‘ldi, ammo bundan foydalandik. “Mash’al” muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman.
- O‘yindan oldingi rejalar qanaqa edi? Masalan, Superliga jamoasi maydonidagi o‘yin baribir og‘ir bo‘lishini bilardingiz. Endi o‘yindan keyin aslida reja qanday bo‘lganini aytsangiz bo‘laversa kerak...
- Rejaga kelsak, ayrim futbolchilarga dam berdik, tarkibda rotatsiya qildik. Yoshroq futbolchilarga imkoniyat berdik. Ularga ko‘proq o‘ziga ishonishi kerak edi. Yoshlar ko‘proq nima tomonlama yutqazishi mumkin? Superliga klubiga qarshi bahsda qaysi jihatdan ustunlik qilishi mumkin? Ko‘proq yugurish, bo‘shliq hamda vaqtni kamroq berish...Shu tomonlama oxirida yoshlarimizda charchoq alomati sezildi. Baribir ular maydonda kuchi etganicha oxirigacha kurashishdi.
- Ya’ni, raqib kuchli bo‘lishiga qaramasdan baribir yoshlarga imkoniyat berishga harakat qildingiz...
- Ha, 20 yosh qaysidir jamoada yosh bo‘lishi mumkin, yana qaysidir klubda bu yosh futbolchi hisoblanmaydi. Bizda 20 yoshli o‘yinchi debyut qildi. Bu endi yosh emas. Sarvar Bekjanov o‘zini yaxshi taraflama ko‘rsatdi. Tayanch yarim himoyasida ham faol o‘ynadi. O‘yinidan xursandmiz.
- “Mash’al” jamoasi O‘zbekiston Kubogi bahslarida qaysi joygacha borishni mo‘ljal qilgan?
- Buni oldindan aytish qiyin. Baribir og‘ir o‘yinlar. Oxirigacha kurashdik. Qolgan uchrashuvlar ham xuddi shunaqa.
- Lekin g‘alabadan keyin “ishtaha” ochilishi mumkin...
- Birinchi navbatda guruhdan chiqish. Har bir o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rib, imkon qadar uzoqroqqa borishga harakat qilamiz.
Fikrlar