
Ashurmatovni iste’foga chiqarishdan oldin etti o‘lchab bir kesing yoxud u ketganidan so‘ng klublar qanday ahvolga tushganini bilasizmi?
Bu yil yurtimizda O‘zbek futbolining 110 yillik yubiley to‘yi nishonlangan paytda futbolimizning vatani – “Qo‘qon-1912” klubining Superliga bilan xayrlashgani muxlislarini qattiq ranjitdi. Klubda qilingan o‘zgarishlar ham afsuski ijobiy o‘zgarishni bermadi.
Masalan, bosh murabbiy ham o‘zgartirib ko‘rildi. Ikkinchi davradan Davron Fayzievga ishonch bildirildi. Biroq “Qo‘qon-1912”ni Superligada saqlab qolish uning qo‘lidan kelmadi. Undan oldin ishlagan Baxtiyor Ashurmatovga ishini oxirigacha etkazib qo‘yish nasib etmadi. Balki klubda qolganida vaziyat bu darajaga etib kelmagan bo‘larmidi?!
Ashurmatov ikki mavsum davomida “Qo‘qon-1912”ni Superligada raqobatbardosh darajada ushlab keldi. Aytaylik, o‘tgan yilni 8-o‘rin, 2020 yilda esa 5-pog‘onada tugatishdi. Aslida bu yil ham rejalar boshqacha edi. Mayli, bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Endi ortga qaytarishning ilojisi yo‘q. Biz esa e’tiboringizni bir qiziq jihatga qaratmoqchimiz. Baxtiyor A’zamovich murabbiy sifatida bir qator jamoalarni boshqarishga ulgurdi. Gap shundaki, Ashurmatov ketganidan keyin o‘sha klublardagi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmagan va yakunda klub zo‘rg‘a elitada jon saqlab qolgan yoki pro ligaga tushib ketavergan. So‘z isboti bilan deganlaridek, bunga faktlar orqali to‘xtalib o‘tishimiz ham mumkin.
2016 yilda “Andijon”ga bosh murabbiy bo‘lib kelgan mazkur mutaxassis katta reja va maqsadlar bilan ishga kirishdi. Lekin birinchi davra tugamasidan rahbariyat tarafidan iste’foga chiqariyu yuborildi. Oqibatda bundan jamoa zarar ko‘rdi. Chunki “Andijon” yakunda quyi ligaga tushib ketdi. “Buxoro” klubida ishlaganida ham jamoani qiyin vaziyatda qabul qilib olganini bilardik. Ammo u erda ham Ashurmatovga uzoq ishlash nasib qilgani yo‘q. Keyinchalik “Buxoro” kuchlilar safini tark etgan.
Namanganning “Navbahor”ini ham boshqargan kezlarida mahalliy muxlislarning mehrini qozona olgandi. Sal qolsa, Baxtiyor Ashurmatovning ketishi klub uchun qimmatga tushishi mumkin edi. Ammo qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, “Navbahor”ni elitada saqlab qolishgan. Baxtiyor A’zamovich ishlab ketgan klublari keyinchalik qiyin vaziyatga tushib qolgani yuzasidan atroflicha to‘xtaldi va shunday dedi:
“Rostdan ham ishlagan jamoalarimda ketganimdan keyingi holatlarni eslab chiqsam, ishdan ketishim har doim ham men ketgan jamoa uchun foydali bo‘lmagan ekan. 2014-2015 yillarda “Navbahor”da mehnat qilganimda jamoaning byudjeti juda ham kam bo‘lgandi. Jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan raqobatbardosh edi. Men ishdan ketganimdan keyin 2016 yilgi mavsumda “Navbahor”ning byudjeti salmoqli bo‘ldi. Lekin “Navbahor” oliy ligada faqat o‘tish o‘yinlari orqaligina jon saqlab qoldi. 2016 yilda “Andijon”da faoliyat olib borganimda ham byudjet kam edi. Biroq yaxshi jamoa tuzishga muvaffaq bo‘lgandik. Rahbar bilan kelishmovchilik tufayli ishdan bo‘shagandim. O‘sha yili jamoa pastki ligaga tushib ketgan.
2018 yili AGMK bilan O‘zbekistan Kubogini qo‘lga kiritib Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishga muvaffaq bo‘lgandik. Rahbarlar Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi qatnashishi uchun meni ishdan bo‘shatishdi. 2019 yili AGMK Osiyo Chempionlar ligasida 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Chempionatda esa 2019 yilgi mavsumda byudjeti medallar uchun kurashishga etarli bo‘lsa-da, oliy ligada qiyinchilik bilan jon saqlab qoldi.
Bundan tashqari, “Buxoro”da ishladim. 2018 yilgi mavsum uchun jamoaning 6 mlrd qarzi bor edi. Klub rahbari Shuhrat Qo‘zievich bilan qarzlarni yopdik, qiyinchilik bilan tarkib yig‘dik. Tarkibga Asadbek Sobirjonov, Doston Ibragimov, Ivan Nagaev, Salomat Quttiboev kabi futbolchilarni jalb qila oldik. Jamoadagi ayrim insonlarning sabrsizligi tufayli u erdan ketdim. Lekin ishdan ketgan paytimda AGMK, “Qo‘qon-1912” kabi bir nechta klublardan oldinda edik. Keyinchalik “Buxoro” ham Superligadan tushib ketdi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, har doim ham murabbiylarni tez ishdan bo‘shatilishi natija keltiravermaydi.
Qo‘qonda ham katta byudjet bo‘lmasa-da, yaxshi jamoa tuzgandik. 2020 yilgi mavsumida 5-o‘rin, 2021 yilgi mavsumda 8-o‘rinni qo‘lga kiritdik. 2021 yilgi mavsumdan keyin asosiy tarkibning 8 o‘yinchisi jamoani tark etishiga qaramasdan yaxshi tarkib tuza oldik. Ammo “Qo‘qon-1912”da ham afsuski murabbiy o‘zgarishi yaxshi natija keltirmadi. Tarkibda Quvondiq Ro‘ziev, Murod Xolmuhammedov, Javohir Sidiqov, Shoxnazar Norbekov, San’at Shixov, Oybek Rustamov, kabi ajoyib futbolchilari bor “Qo‘qon-1912” jamoasi Pro ligaga tushib ketdi. 1-davradan keyin ham ishdan ketganimda ko‘nglim xotirjam edi. Chunki jamoani Pro ligaga tushib ketishini hayolimga ham keltirmagandim. Yaxshi tarkib bor edi, 2-davrada rahbarlarning sa’y-harakatlari bilan oylik va mukofot pullari ham vaqtida berib borildi. Shu sababli “Qo‘qon-1912” jamoasini Pro ligaga tushib ketganiga juda achindim. Chunki bu tarkib mavsum boshida juda qiyinchilik bilan yig‘ilgandi. Kuchli futbolchilar bor edi. Rahbarlarni e’tibori yaxshi edi. Shu sababli Qo‘qon jamoasini pastki ligaga tushib ketganiga va muxlislarga achindim. 1-davrada kam ochko yig‘ganimiz uchun menda ham ayb bor. Shu bois qaerdadir jamoa muxlislari ishonchini oqlamagan bo‘lsam ulardan uzr so‘rayman. O‘ylaymanki, “Qo‘qon-1912” jamoasi bir mavsumning o‘zida Superligaga qaytadi. Meni fikrim va hayolim hozir faqat va faqat “Turon” bilan o‘z maqsadlarimizga erishish hamda jamoa rahbarlari, muxlislarini ishonchini oqlashga qaratilgan. Xudo xohlasa, yigitlar bilan bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz”, - deydi Ashurmatov.
Ha, murabbiy sobiq klubining pro ligaga ravona bo‘lganidan xafa. Ozmi-ko‘pmi, “Qo‘qon-1912”ga hissasi tekkandi. Davron Fayziev bosh murabbiylik vazifasini egallagach, jamoa o‘yinida nimadir o‘zgargandek edi-yu, ammo bu holat sira natijalarda aks etavermadi. Maydonda ming chiroyli o‘yin ko‘rsatishga uringaning bilan lekin natija bo‘lmas ekan, barcha mehnating bekor! “Qo‘qon-1912” ko‘p o‘yinlarda ochko yo‘qotdi, ayniqsa, g‘alabasiz seriyalar haddan ortiq cho‘zilib ketdi. Yomon o‘yin ko‘rsatib turib g‘alaba qozonsa, aynan shu narsa yodda qoladi. Chunki natija doim eslanadi, o‘yin emas. Balki Baxtiyor Ashurmatov qolganida vaziyat bu darajaga etib bormasmidi, deymizu, lekin endi bularni gapirishdan ma’no yo‘q. Faqat shuni aytishimiz mumkin: Ashurmatovni iste’foga chiqarishdan oldin etti o‘lchab bir kesing!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar