
Arveladze futbolchilarni o‘stirish darajasida yaxshi murabbiy emasligi, "Paxtakor"dan boshqa klubimiz OChLda natija qila olmasligi haqida - Jamoliddin Bobojonov
O‘tgan yili dekabr oyida Shota Arveladze “Paxtakor”ni tark etdi. Yaqindagina uning yordamchisi Piter Xyuistra “sherlar” ustozi etib tayinlandi.
Bu orada biz Arveladzening yurtimizdagi faoliyati, “Paxtakor”ga va futbolimizga nima bergani borasida mutaxassislar fikrlarini taqdim etgandik. Bu gal radio va internet saytlaridagi fikrlari bilan tanilgan Jamoliddin Bobojonovning gruziyalik mutaxassis haqidagi qarashlarini havola qilamiz.
- Shota Arveladze “Paxtakor”ni tark etishi haqida
- To‘g‘risi, “Paxtakor”ning bu qarori meni ajablantirmadi. Qolganda ham, ketganda ham nimadir hayron qoldirmasdi.
- Arveladze “Paxtakor”ga nima berdi? O‘zbek futboligachi?
- Gruziyalik mutaxassis 3 yil ishladi va nimadir berdi. “Paxtakor”ning ish tizimi: mashg‘ulotlar, uchrashuvga tayyorgarlik, o‘yin, murabbiylarga, futbolchilarga bo‘lgan e’tiborni o‘zi bilganichalik Evropa futboliga yaqinlashtirdi. Lekin aslida murabbiydan talab qilinadigan futbolchilarni o‘stirish darajasi bo‘yicha yaxshi mutaxassis emasdi. Mening fikrim o‘sha: boshida ham, hozir ham o‘sha edi. Shundayligicha qoldi.
Meni ajablantirayotgani bu – “Paxtakor” nega Arveladze bilan shartnomani uzaytirmagani. Chunki Arveladze xohlashining o‘zi etarli edi. “Paxtakor”da Shota Arveladzedan ustun hech bir rahbar-xodim yo‘q, uni ishdan bo‘shatib yuborish mumkin bo‘lgan yoki shartnomasini bekor qiladigan. Gruziyalik murabbiyning o‘zi xohlaganda, menimcha, qolardi. Shuning uchun “Paxtakor” ambitsiyalarini yo‘qotdimi, degani meni ko‘proq ajablantiryapti. Sababi, klubdan u futbolchi ketarkan, ketdi va hokazo ma’lumotlar chiqmoqda. “Sherlar”ning yo‘nalishi o‘zgarsa, ana shu o‘ylaydigan masala. Boisi, hozirgi kunda shunaqa futbolchilar bazasiga ega bo‘lgan “Paxtakor” darajasidagi boshqa jamoamiz yo‘q. Osiyo Chempionlar ligasida qolgan klublar yaxshiroq natija ko‘rsata olmaydi.
Albatta, o‘zimizda uning o‘rnini bosa oladigan murabbiylar bor. Lekin mahalliy mutaxassislar ish uslubida o‘zgartirish qila olmaydi. Masalan, “Paxtakor” klubi prezidenti Bobur Shodiev Shota Arveladzega ko‘p ish o‘rgata olmaydi, faoliyatiga aralasha olmaydi. Bu bilan Bobur Shodiev shunaqa qiladi, demoqchi emas. Biroq uning o‘rniga agarda Abramov, Qosimov kelgan taqdirda ham, ularga bemalol ayta oladi. Ya’ni mahalliy murabbiylarga o‘zining gapini o‘tkaza oladi. Har qanday o‘zbek murabbiyi kelsa shunday bo‘ladi.
Ektor Kuper ham yurtimizda ishlagan payti terma jamoada ko‘p narsalarni o‘zgartirgan. Uning qanaqa murabbiyligi ikkinchi darajali masala. Umuman, bizda xorijlik mutaxassislarga nisbatan boshqacha qarash bor. “Kelinlar qo‘zg‘aloni” filmida aytadiku: xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, yotib olib yalaysan, deb.
Fikrlar