“Arsenal” eng zo‘r o‘yinchiga raqibdan o‘rinbosar oladi
Angliya Premer-ligasida peshqadamlik qilayotgan “Arsenal” qishki transferlar oynasi davrida tarkibini kuchaytirish rejasini amalga oshirmoqchi.
London klubi rahbariyati jamoa etakchisi Martin Edigorga munosib o‘rinbosar topishni maqsad qilgan.
ESPN va TEAMtalk kabi nufuzli manbalarning yozishicha, “kanonirlar” norvegiyalik futbolchiga o‘rinbosar sifatida “Manchester Yunayted”da etarli darajada o‘yin amaliyoti berilmayotgan Kobbi Maynuni tanladi.
Gap shundaki, Martin Edegor jarohat tufayli 66 kun maydondan tashqarida qoldi. Hali yuqori sport formasiga chiqishi uchun yana vaqt kerak. Shu bois, londonliklar yanvar oyidayoq Maynuni manchesterliklardan ijaraga olishni mo‘ljallayapti.
Joriy mavsumda “Manchester Yunayted” yarim himoyachisi barcha turnirlarda 10 ta o‘yinda ishtirok etib, bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi. O‘yinchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 45 million evroni tashkil qilmoqda.



Fikrlar