
Argentina MTJ murabbiyi: Ertangi o‘yinda bundan ham kuchliroq harakat qilamiz
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi amaldagi jahon chempioni Argentina MTJ bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. "O‘zbekiston" sport majmuasida bo‘lib o‘tgan bahs Lotin Amerikasi vakillarining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvdan keyin Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Matias Lyukuiks o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Kutganimizdek, juda qiyin o‘yin bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasining kuchiga avvaldan munosib baho bergan edik. Teng o‘yin guvohi bo‘ldik. Faqatgina birinchi taymda yaratgan imkoniyatimizdan unumli foydalana olganimiz tufayli, g‘alabani qo‘lga kiritdik. O‘ylaymanki, ertangi bellashuvda ham xuddi shunday yuqori temp guvohi bo‘lamiz.
Osiyolik yigitlarga qarshi maydonga chiqish o‘ziga xos qiyinchilik tug‘dirdi. Buni o‘yinda ham ko‘rishingiz mumkin edi. Qisqa hisob ham bunga isbot bo‘la oladi. Shunga qaramay, bu bahs bizga keyingi uchrashuvlarga yaxshiroq tayyoralanish imkoniyatini beradi. Ertangi o‘yinda bundan ham kuchliroq harakat qilamiz".
Fikrlar