"Argentina bilan ham o‘ynasa bo‘ladi, hech kimdan kam joyimiz yo‘q" yoxud mundial qur’asi biz uchun omadlimi?

  • 21 aprel, 2023, 21:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Shu yilning 20 mayidan 11 iyuniga qadar Argentina mamlakatida U20 jahon chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Butun dunyo nigohi qaratiladigan ushbu katta futbol forumiga qur’a tashlash jarayoni o‘tkazildi. Osiyo chempioni – O‘zbekiston “A” guruhida mezbon – Argentina, shuningdek, Yangi Zellandiya va Gvatemala bilan birga joy oldi. Ahamiyatlisi, terma jamoamiz jahon chempionati ochilishi uchrashuvini Argentinaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

Tecno

Yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha etakchi mutaxassislardan biri, Osiyo chempioni Dilshod Nuraliev U20 terma jamoamiz joy olgan guruh, ilk o‘yin va mundialdagi potentsialimiz haqida fikr bildirdi.

"Jahon chempionatida bo‘sh raqiblarning o‘zi bo‘lmaydi, - deya so‘zini boshladi, Nuraliev. - O‘ylaymanki, yaxshi qur’a bo‘ldi. Mezbon jamoa bilan O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqadi, deb umid qilaman. Vakillarimiz guruhda yaxshi o‘yinlar ko‘rsata oladi va umuman, mundialda barchamizni xursand qiladilar. Argentina o‘z uyida o‘ynaydi, ularga ham bosim bo‘ladi. Ravshan aka Haydarov juda tajribali mutaxassis. To‘g‘ri taktik uslubni qo‘llay olsalar, Argentina bilan ham o‘ynasa bo‘ladi. Raqiblarga qarshi to‘g‘ri va aniq taktikalar tanlansa, natijalarimiz ajoyib bo‘ladi. Yaxshi qur’a bo‘libdi, ishonamanki, natijalarimiz ijobiy bo‘ladi.

uzb20

Argentina uyida o‘ynaydi, birinchi o‘yin va ularga g‘alaba kerak bo‘ladi. Tabiiyki, mezbonlar ko‘proq hujumga ahamiyat qaratadilar. Lekin bizda albatta imkoniyatlar bo‘ladi. Uchrashuvning yaxshi natija bilan tugashining ehtimoli katta.

Albatta, Osiyo chempionimiz va shunga yarasha jiddiy tayyorgarlik ko‘riladi Axir bekordan-bekorga qit’a chempionligi qo‘lga kiritilmaydi. Raqiblar ham bizga qarshi jiddiy “nastroy” qilish harakatida bo‘ladilar. Baribir Osiyo chempionatida futbolchilarimizning ko‘rsatgan o‘yini, murabbiyning to‘g‘ri taktika tanlay olgani, har bir uchrashuvga alohida yondashgani odamni xursand qildi. Ishonamanki, terma jamoamiz jahon chempionatida yaxshi natijalar ko‘rsatib, futbol ishqibozlarimizni quvontiradi.

Potentsial? Bir narsa deyish qiyin. Bu jahon chempionati deyiladi. Bu o‘ziga yarasha ulkan futbol bayrami. Bu erda katta ruhiy jarayon ham muhim sanaladi. Evropa va yana boshqa qit’alarda bo‘lgani kabi bizning Osiyo qit’amizda ham futbol ancha rivojlandi, raqobatbardosh bo‘ldi. Ravshan aka Haydarov terma jamoamiz bilan guruhdan chiqadi. U yog‘iga Xudo berib, yana yurishini davom ettira oladi. Meninig shaxsiy fikrimcha, terma jamoamiz kamida 1\4 finalgacha etib boradi. Terma jamoamiz mundialda yaxshi natija ko‘rsatsa, qolgan jamoalarimizga ham e’tibor yanada oshadi. O‘zbekiston futboli va uning rivoji uchun katta turtki bo‘ladi, deb o‘ylayman.

ravshan4_1

Osiyo chempionatida himoyada o‘ynagan 3 ta o‘yinchimiz juda ham yoqdi. Balki familiyalari bo‘yicha adashib qolishim mumkin. Qolaversa, “Paxtakor”da o‘ynaydigan Abbos Fayzullaevning o‘yini ham yoqdi. Xoldorxonov ham ajoyib taassurot qoldirdi. “Rubin”dagi legionerimiz Umarali Rahmonalievni alohida ko‘rsatish mumkin. “Bunyodkor”dagi yigi yaxshi taassurot qoldirdi. Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamizdagi barcha yigitlarda xorij klublarida to‘p surishga imkoniyat bor. Barchasi o‘z qo‘llarida. Bu katta bozor bo‘ladi. Ajab emaski, jahon chempionatidan keyin ko‘plab futbolchilarimiz Evropa klublariga borib o‘ynashsa! Osiyo chempionati ko‘rsatdiki, kuchli bo‘lsak kuchlimizki, lekin bizni hech bir raqibdan kam joyimiz yo‘q. Yana qaytaraman: jahon chempionatida terma jamoamiz yaxshi natija ko‘rsatadi”, - deydi Dilshod Nuraliev.

Shuhratbek Jo‘raev.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Махмуд1966
22/04/2023 15:21
Омийн! Айтганларизи аллох ижобат этсин!
Avaz Begmatov
22/04/2023 08:58
Иншааллох