
APL "kasofati". Angliyada o‘z darajasini tushirgan 10 ta murabbiy
APL ko‘plab murabbiylar ishlashni orzu qiladigan joy. Lekin hamma ham bu ligada muvaffaqiyatli ish olib bora olmaydi. APLda ishlash nasib etgan, ammo faoliyati u qadar muvaffaqiyatli kechmagan murabbiylarni yodga olamiz.
Kristian Gross (“Tottenxem” 1997/98)
Gross – Shvetsariyaning ikki karra chempioni va mamlakat kubogi sohibi. “Shporlar” rahbariyati murabbiy Shvetsariyadagi muvaffaqiyatini takrorlaydi deb umid qilishgan edi. Uning o‘zi ham Angliyada o‘z faoliyatini yuqori darajaga olib chiqishni o‘ylagan edi.
U adashgandi. “Shporlar” uning qo‘l ostida juda yomon o‘yinlar o‘tkazishdi, hattoki, Chempionshipga tushib ketishiga ham bir bahya qoldi. Uning o‘rniga kelgan Yurgen Klinsmann jamoani qutqarib qoldi. Mavsumni 14 o‘rinda yakunlagach, Gross iste’foga chiqarildi.
Bryus Riox (“Arsenal” 1995/96)
Riox qo‘l ostida “Bolton” elitaning yuqori qismida yurardi va bir marta Kubok ligasi finaliga ham chiqdi. Bu esa “Arsenal” jamoasi e’tiborini tortdi. Zudlik bilan Bryusni jamoaga olib kelishdi.
Riox Dennis Bergkamp bilan shartnoma imzoladi. Ian Rayt bilan esa tortishib qoldi. Rahbariyat yo murabbiyni, yo hujumchini tanlash kerak edi. Ular hujumchini tanlashdi. Shundan buyon Riox APLda faoliyatini davom ettirmadi. “Arsenal”dan ketishi bilan Londonda Arsen Venger erasi boshlandi.
Feliks Magat (“Fulxem” 2014)
“Bavariya” va “Volfsburg”ning ketma-ket chempioni bo‘lgan Feliks Magat “Fulxem” uchun ideal murabbiy edi. Ammo uning metodlari jamoaga to‘g‘ri kelmadi. Hattoki, tibbiyot borasida bergan maslahatlari ham. Masalan, u Bred Xangelandga jarohatini tuzatish uchun jarohatlangan joyga pishloq surtish kerakligini aytgan.
Nemis murabbiyi jamoada qoniqarli natijalarga erisha olmadi. 7 ta o‘yinda atigi 1 ochko to‘plagan murabbiyni rahbariyat iste’foga chiqardi. Shundan so‘ng uning faoliyati deyarli yakunlandi. “Fulxem”dan keyin Xitoyning “Shandun Lunen” jamoasini boshqardi, xolos.
Remi Gard (“Aston Villa” 2015/16)
Eng yomon murabbiy bo‘lish uchun ham harakat qilish kerak. Remi Gard “Lion”da muvaffaqiyatli ishlagan bo‘lsa-da, uni Bermingemda eslashni istashmaydi.
Murabbiy qo‘l ostidagilarni muntazam tanqid qilgan va hattoki, rojdestvo ta’tilini ham bekor qilgandi. 20 ta o‘yinning 2 tasida g‘alaba qozongan murabbiyni rahbariyat iste’foga chiqarishga majbur bo‘ldi.
Paolo Di Kanio (“Sanderlend” 2013)
Di Kanioning “Sanderlend” murabbiyi bo‘lishi boshidanoq noto‘g‘ri tanlov ekanligi aytilgandi. Italiyalik murabbiy doimo nizoli voqealar markazida va siyosiy jarayonlarga aralashib yurardi.
Ilk o‘yinida “Nyukasl”ni 3-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Lekin baxtli onlar uzoqqa cho‘zilmadi. Shogirdlari bilan muntazam toritishib yuradigan murabbiy jamoa sardori Jon O‘shea bilan juda qattiq nizoga boradi. Shu tufayli iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. 13 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba. Mana shu natija bilan uni yodga olamiz.
Bob Bredli (“Suonsi” 2016)
Bob Bredli Angliya muxlislari yodida APLda ishlagan ilk amerikalik murabbiy bo‘lib qoladi. Boshqa natija ham borki, uni yoddan chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan, qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan 33 ochkodan bor-yo‘g‘I 8 ochko qo‘lga kiritilgan. Natija judayam qoniqarsiz bo‘lgani sababli rahbariyat o‘sha mavsumning o‘zidagi 3-murabbiyni ham iste’foga chiqaradi.
Pol Ins (“Blekbern” 2008)
Insning murabbiylik faoliyati juda yaxshi start olgandi. “Maklsfild Taun” va “Milton Kins Dons”ni boshqarganidan so‘ng yuqori ligalarda o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat paydo bo‘ldi.
Ammo u hali yuqori darajadagi jamoalarni boshqarishga tayyor emasdi. Taktika borasida u juda ham zo‘r emasdi. Bir marta telekameralar uning bloknotini tasvirga olishga ulgurgan, u erda bitta yozuv bor edi: “hujum qilish”.
Futbolchilar o‘z murabbiyining gapiga quloq solmas edi.
Egil Ulsen (“Uimbldon” 1999/00)
Norvegiyadagi ajoyib faoliyatidan so‘ng, “Uimbldon” egil bilan shartnoma imzolaydi. O‘yin uslubi o‘xshashiga qaramasdan, angliyaliklar yangi murabbiyga ko‘niga olmasdi. Doimiy yomon o‘yinlar oqibatida 11 ta o‘yinda atigi 1 ochkoni qo‘lga kiritgan edi. Natijada “Uimbldon” ligani tark etdi, Ulsen esa APLni. Hech biri ortga qaytmadi.
Frenk De Bur (“Kristal Pelas” 2017)
De Burning faoliyati APLga kelishidan oldinroq ham pasaygan edi. “Ayaks” bilan 4 karra champion bo‘lgan De Bur “Inter”da 85 kungina ishladi. Keyin uni London jamoasi “Kristal Pelas” APLga olib keldi. Bu erda esa 5 ta o‘yinda ketma-ket mag‘lubiyatga uchragach Frenk iste’foga chiqdi. Bu safar 77 kun ishladi bir jamoada. Bu uning shaxsiy rekordi edi.
Lori Sanches (“Fulxem” 2007)
Koulmanni iste’fosidan keyin olib kelingan Sanches “Fulxem”da Shimoliy Irlandiyadagi muvaffaqiyatini takrorlashga urinib ko‘radi. Qanday qilib? Albatta, jamoaga irlandiyaliklarni ko‘proq jalb qilgan holda.
Devid Xili, Stiven Deyvis, Aaron Xyuz va Kris Berdlar jamoaga yordam bera olishmadi. Ular 2007 yil rojdestvogacha bor-yo‘g‘i 2 ta o‘yinda g‘alaba qozona oldi. Yangi yil oldi Sanchesning o‘zi iste’foga chiqarildi.
Fikrlar