APL grandlari ochko yo‘qotdi, Shomurodov jamoasi Ronaldudan dars oldi, "Real" "Atletiko"ni to‘xtashga majbur qildi - bu hafta kuchli beshlik chempionatlarida nimalar yuz berdi?

  • 15 dekabr, 2020, 11:09
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuchli beshlik chempionatlari tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. APLda "boxing day"ning ilk shabadalari esyapti. Qolgan milliy birinchiliklarda ham kutilmagan peshqadamlar taxtdan tushmoqchi emas. Misol uchun, top-5 chempionatlarning hech birida amaldagi chempion qarvonboshilik qilmayapti. Mavsumning 1/3 qismi ortda qolganligini inobatga olsak, juda qizg‘in, kurashlarga boy chempionlik poygasi ko‘rish arafasidamiz. Hozircha, bir turda bo‘lib o‘tgan voqealarga e’tiboringizni qaratishni maqsad qildik. Demak, gapni Angliya Premer-ligasidan boshlaymiz.

Tecno

photo_2020-12-15_10-34-02

"Manchester Siti" - "Manchester Yunayted" 0:0

Markaziy uchrashuvlarni Manchester shahrining o‘gay aka-ukalari boshlab berdi. Ancha katta afishaga ega bo‘lgan mazkur bahs amalda tomoshabopligi bilan muxlislar oldida qarzdor bo‘lib qoldi. Chunki bahs davomida berilgan atigi 4 ta aniq zarba bu "Manchester derbisi"dan kutiladigan natija emas. Kamiga, hisob ochilmasligi va bunda darvozabonlarning katta jonbozlik ko‘rsatmagani ham o‘sha bellashuvni tomosha qilgan millionlab ishqibozlarga ma’qul kelmagani aniq. Maydon markazida kechgan,tomonlar ehtiyotkorlikka ko‘proq urg‘u bergan o‘yinda tomonlar bir ochkodan bo‘lishib oldi va bu holat turnir jadvali nuqtayi nazaridan har ikki jamoaning birdek zarar ko‘rishiga olib keldi. Darvoqe, bu safar "Manchester qanday rangda", degan savol ham ochiqligicha qoldi.

siti-myu

"Everton" - "Chelsi" 1:0

APL turnir jadvalini boshqarib borayotgan "Tottenxem" dastlabki turda "Everton"dan ilk va hozircha, yagona bo‘lib turgan mag‘lubiyatini qabul qilib olgan edi. Keyinchalik, hali jarohatlar girdobiga kirib ulgurmagan "Liverpul" hamshaharlarini mag‘lub eta olmadi. Mavsum avvalida katta harajatlar qilib, Premer-liga chempionligi uchun asosiy da’vogarlar qatorida etirof etilgan "Chelsi" ham Anchelotti shogirdlari imtihonidan egik bosh bilan chiqdi. "Guddison Park"da kechgan bahsda na to‘purar Verner, na tajribali Jiru va na qimmatbaho Xaverts Jordan Pikford darvozasiga birorta aniq zarba bera oldi. "Aristokratlar" ba’zi uchrashuvlarda haqiqatan chempionlikka da’vogardek harakat qilmoqda. Biroq Lempard shogirdlari stabil o‘yin ko‘rsata olmayapti. "Everton"dan uchralgan mag‘lubiyatning asosiy sabablaridan biri aynan shu faktor deyish mumkin. Aslida, bu holat qarama-qarshi tomonda ham mavjud. Ammo muhim o‘yinlar oldidan Anchelotti o‘zining ulkan tajribasidan unumli foydalanib, futbolchilarga ruhiyat ulasha olyapti hamki, buning samarasini maydonda ko‘rmoqdamiz. Jamoa hujumchisi Dominik Kalvert-Lyuin 12 turda 11 ta gol urdi va to‘purarlar jadvalida etakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, ingliz forvardi millionlab futbol ixlosmandlarining ko‘nglidan joy olib ulgurdi. "Chelsi"ga qarshi bellashuvni ham amalda u ishlagan penalti hal etdi. Darvozabonni aldab o‘tgan hujumchi Mendi tomonidan qoida buzish evaziga to‘xtatib qolindi va o‘zi ishlagan 11 metrlik jarima zarbasini biroz tanaffusdan so‘ng maydonga qaytgan sherigiga ilindi. To‘purarlar poygasida Salah, Vardi, Keyn kabi "yirtqichlar" izma-iz taqib qilib kelayotgan bir paytda, bunday jentelmenlik qilish hamma hujumchining ham qo‘lidan kelavermaydi.

everton-chelsi

"Kristal Pelas" - "Tottenxem" 1:1

"Tottenxem" muxlislari uzoq kutgan sovrin bu yil doimgidan-da yaqindek ko‘rinmoqda. So‘nggi bor "shporlar" milliy birinchilik g‘olibi bo‘lgan vaqtda turnir hali Premer-liga nomini olmagandi. Bu 1960-61 yilgi mavsumda yuz bergan va o‘shandan beri muxlislar jamoadan chempionlik kutib yashamoqda. "Qurg‘oqchilik" qachondir tugaydi va o‘sha intihoga ko‘p qolmaganga o‘xshamoqda. Hozirda "Tottenxem" bosh murabbiyi bo‘lib turgan Mourino faoliyati bilan bog‘liq qiziq bir statistika bor: Joze avval boshqargan jamoalarining 5 tasida ikkinchi mavsum ichki chempionatda g‘olib bo‘lgan. Ya’ni, portugaliyalik mutaxassisga o‘z g‘oyalarini jamoaga singdirish uchun bir mavsum etarli. Bu uning "shporlar" boshqaruvidagi ikkinchi mavsumi hamda hozirgi tarkib APL oltin medallari uchun kurashishga qodirligini hisobga olsak, London tomonlarda uzoq kutilgan bayram bo‘lishi ehtimolga yaqin. Bevosita o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, turnir jadvali qarvonboshisi "Tottenxem"ni safarda qiyin bellashuv kutib turgandi. "Kristal Pelas" "o‘zi emaydigan, birovga bermaydigan ziqna qo‘shni" rolini qoyilmaqom ijro etib berdi. Chempionlik poygasida "Liverpul" bilan elkama-elka borayotgan "shporlar" Xarri Keynning goli evaziga oldinga o‘tib olgan, barchasi Mourino yon daftarchasida yozilganidek, silliq ketayotgan edi. Biroq darvozabonning qo‘pol xatosi maydon egalariga qo‘l keldi va kichik "London derbisi"da o‘rtamiyona "Kristal Pelas" katta marralar tomon dadil ildamlayotgan qo‘shnilarining "oyog‘idan chaldi".

kristal-tot

"Fulxem" - "Liverpul" 1:1

"Tottenxem"ning mag‘lubiyatidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lgan "Liverpul"ning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Bu mavsum elitaga qaytgan "Fulxem" dastlabki daqiqalarda amaldagi chempionni jarima maydoniga qamab qo‘ygani Klopp rejalarini buzib tashladi. Favorit maqomida harakat qilishga o‘rganib qolgan mersisaydliklar o‘z darvozasi tomon yo‘llagan 2 ta xavfli zarbaga javob qaytarib ulgurmasdan, Alisson posti ishg‘ol etildi. Braziliyalik posbon Bobbi Ridning kuchli zarbasi oldida ojiz qolgandi. Bu "qizillar" uchun yomon signal edi, albatta. Tanaffusgacha Klopp shogirdlari o‘zlariga kelishga harakat qildi, xolos. Tanaffus esa, murabbiylar darajasini ko‘rsatib berdi va ikkinchi qirq besh daqiqalikni Klopp shogirdlari katta ustunlik bilan o‘tkazdi. Bir tomondan turnir jadvalidagi asosiy raqib ochko yo‘qotgan, ikkinchi tomondan Klopp armiyasi qarshisida shunchaki debyutant turgandi. Biroq Premer-liganing o‘ziga xosligi ham shundaki, ushbu birinchilikda doim ham favoritlarning "ketmoni uchavermaydi". Mehmonlar qancha harakat qilmasin, Salahning birgina goli bilan cheklanishdi va jadvalda "Tottenxem"ni quvib o‘ta olishmadi. Endi barchasi 13-turda, "Enfild"da hal bo‘ladi. Balki shunisi adolatdan bo‘lar.

fulxem-liv

"Tumanli Albion" haqida, hozircha, shular va e’tiboringizni boshqa voqealarga qaratishni niyat qildik.

"Real" - "Atletiko" 2:0

Yuqorida "Manchester derbisi"da g‘olib nomi aniqlanmaganligi va "Manchester qanday rangda", degan savol ochiq qolganligi to‘g‘risida fikr yuritdik. Bu hafta yana bir derbi bo‘lib o‘tdiki, uning darajasi dunyoning istalgan derbisidan kam emas. Mo‘jazgina "Alfredo Di Stefano" maydonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda "Real" muhimligi jihatidan bir-biridan qolishmaydigan ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislar ishonchini qaytarib olgan bo‘lsa, "Atletiko" bu mavsum hisobidan ilk bor La Ligada yutqazdi. Kazemiro burchakdan oshirilgan to‘pni darvozaga yo‘llagan vaziyatda "matraschilar" himoyasida katta bo‘shliq yuzaga kelgandi. Bir tarafdan bunga Varanning himoyachilar e’tiborini o‘ziga qarata olgani ham sabab bo‘ldi. Biroq "Atletiko" himoyasining o‘sha xatosi "berahm qo‘shnilar" tomonidan kechirilmadi va bu 15-daqiqadayoq "qirollik klubi"ga hisobdagi ustunlikni taqdim etdi. Bahs har ikki tomonning keskin hujumlari bilan davom etayotgan bir paytda, Karvaxal jarima maydoni tashqarisidan "pushka" zarbasini yo‘lladi. Katta tezlik olgan to‘p avval darvoza to‘siniga, so‘ngra Yan Oblakka tegib, darvozadan joy oldi. Shu tariqa, La Liganing dastlabki 10 ta o‘yinida o‘z postidan 2 bor to‘p olib chiqqan sloveniyalik kiper "Madrid derbisi"da ham bu ishni 2 marta takrorladi.

real-atletiko

"Jenoa" - "Yuventus" 1:3

Hamyurtimiz kuchli beshlik chempionatlaridan birida to‘p tepayotgani, tajribali futbolchilarga qarshi maydonda harakat qilib, o‘zi uchun kerakli xulosalar chiqarayotgani quvonarli hol, albatta. Biroq talabchan futbol ishqibozlari undan gol talab qilmoqda. Go‘yoki, unda o‘nlab imkoniyatlar bo‘lmoqdayu, legionerimiz ularni birin-ketin ko‘kka sovurayotgandek. Futbolchilik davrida himoyachi pozitsiyasida harakat qilgan, murabbiylik paytida ham himoyaviy o‘yin tarafdori bo‘lgan "Jenoa" ustozi Rolando Maran o‘z printsiplariga sodiq qoldi. Aslida, o‘yin oldidan Ronaldu boshchiligidagi "Yuventus" "Luiji Ferraris" stadionidan boshini quyi solib chiqib ketishini taxmin qilish biroz qiyin edi. Ammo uchrashuvning bir soatdan biroz ko‘proq vaqti ortda qolgan bir paytda, hammasi Rolando Maran shogirdlari uchun yaxshi stsenariy asosida ketayotgandi. Biroq raqib faollikni oshirdi va bu o‘z samarasini bermay qolmadi: Ronaldu 11 daqiqa ichida 2 bor penaltini aniq amalga oshirib, tarozi pallalarini jamoasi tomonga og‘dirdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eldor Shomurodov raqib darvozasi qarshisida katta xavf tug‘dirgan bo‘lmasa-da, maydon markazida ko‘p bor sheriklariga yordam bera oldi. Eldorning jamoasi hujumini boshlayotgan Ronaldudan to‘pni olib qo‘ygan vaziyati esa, hali ancha payt munozaralar mavzusiga aylanishi aniq.

gettyimages-1230118341-2048x2048

"Yunion" Berlin - "Bavariya" 1:1

Myunxenliklar so‘nggi 4 bellashuvdan 3 tasida durangga imzo chekdi. Trebl qayd etgan Flik shogirdlarining shashti biroz pasaydimi? Yoki ularda Bundesliganing o‘rtamiyona jamoasini mag‘lub etishga etadigan kuch qolmadimi? Yo‘q, nazarimizda. Yillar davomida aksariyat jamoalar yuqori temp namoyish etgan bo‘lsa-da, muhim pallalarda ularga goh jarohatlar, goh charchoq halal berib kelavergan. Masalan, Zidan boshchiligidagi "Real" ketma-ket 3 mavsum "Evropa taxti"ni hech kimga bermagan vaqtda, rotatsiya "qaymoqranglilar"ning asosiy quroli bo‘lgan. Flik ham aynan shu yo‘ldan bormoqda. To‘g‘ri, o‘sha kuni asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilarning ko‘pchiligini muhim o‘yinlarda ham bog‘lang‘ich tarkibda ko‘rishga o‘rganib qolganmiz. Biroq ularning o‘yinga yondashuvi butunlay boshqa masala. Shu sabab, uchrashuvni biroz xotirjamlik bilan boshlagan mehmonlar ko‘p o‘tmay jazolandi. Grisha Pryomel burchakdan etkazib berilgan to‘pni olis burchakka yo‘llab, Noyerni ojiz qoldirdi. Yuqorida ta’kidlangan o‘z-o‘ziga dam berishni "Bavariya" himoyachilariga nisbatan qo‘llay olmaymiz. Chunki Boateng va Alaba juftligi muhim o‘yinlarda ham katta ishtiyoq bilan harakat qilib, ishonchni oqlayotganiga guvoh bo‘lmayapmiz. Shunga qaramay, hujum chizig‘i a’lo darajada ishlamoqda. O‘zining 13-golini poytaxtliklar darvozasiga urgan Levandovski jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolish bilan birga, "Oltin butsa" uchun imkoniyatlarni oshirdi. O‘yin yakuniga qadar yana bir necha xavfli vaziyatlar yaratilganiga qaramay, darvozabonlarning jonbozlik ko‘rsatishi tufayli tomonlar 1:1 hisobidagi durangga qanoat qildi.

yunion-bavariya

"Borussiya" Dortmund - "Shtutgart" 1:5

"Uy jamoasi" sifatida e’tirof etiladigan "Borussiya" o‘z maydonida yanchib tashlandi. O‘sha kuni dortmundliklar uchun juda og‘ir keldi va oqibatda, ikki yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida jamoani boshqargan Lyusen Favr o‘z vazifasidan ozod etildi. Bu bahsgacha ham tez-tez ko‘zga tashlanayotgan himoyadagi muammolar "Shtutgart"ga qarshi o‘yinda yuzaga bo‘rtib chiqdi. Hisob ochilgan vaziyatda Emre Jan to‘pga ulgurmadi va jarima maydoni ichida raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Tanaffusga Reynaning goli tufayli 1:1 hisobi bilan yo‘l olgan "asalarilar" ikkinchi bo‘limdagi natija murabbiyning iste’fosiga sabab bo‘lishini bilganida, balki yaxshiroq harakat qilardi. Biroq shtutgartliklar tomirlarida nemis qoni oqmoqda va ular haqiqatga tik boqib o‘rgangan. Ikkinchi taymda kiritilgan 4 ta gol "Borussiya" himoyasining qay darajaga tushib ketganligini tiniq ko‘rsatib berdi. Chempionlar Ligasi va Bundesliganing muhim bellashuvlari oldidan bu saboq dortmundliklarga qo‘l kelsa ajabmas. 

borussiya-shtutnart

PSJ - "Lion" 0:1

Bu turda Neymar uchun odatiy, PSJ uchun esa, nodoatiy voqea yuz berdi. Asosan, o‘zining texnik harakatlari bilan raqiblari noqulay ahvolga solib qo‘yadigan braziliyalik yulduz yana undan aldangan futbolchilar g‘azabiga duchor bo‘ldi. Bu safar "Lion" vakili Tiago Mendes "billur oyoq"ni "sindirdi". Bu voqea hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda sodir bo‘ldi va Neymar o‘sha vaqtga qadar tinmay oldinga o‘tishga majbur bo‘layotgandi. Sababi, parijliklar 35-daqiqa gol o‘tkazib yubordi. Jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushgan Kimpembe o‘z jarima maydoni yaqinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bu yakunda Tino Kadeverening goli bilan hotima topdi. Hatto, uchrashuvni zaxira o‘rindig‘ida boshlagan Kilian Mbappe ham o‘yinni kuchaytirish maqsadida maydonga tashlandi. Ammo Rudi Garsiya shogirdlari Parijdan g‘alaba bilan qaytgan holda, PSJni 3-o‘ringa tushishga majbur qildi.

psj-lion

Yuqorida sizlar bilan kuchli beshlik chempionatlaridagi markaziy o‘yinlar, e’tiborga molik vaziyatlar haqida fikr almashdik. Sizga nima qiziqarli ekanligi biz uchun doim muhim va bu borada sizdan izoh kutib qolamiz.

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!