
Anvar Berdiev: "Xorazm" darvozaboni ishonchli harakat qildi"
Superliga-2025 1-turidan o‘rin olgan "Xorazm" — "Sho‘rtan" (2:0) bahsidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev o‘yindan keyingi tashkil qilingan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Mavsumga tayyorgarlikni asosan G‘uzorda va Toshkentda olib borgan edik. Superligadagi dastlabki uchrashuvni "Xorazm"ga qarshi o‘tkazdik. Bugun durangga erishishimiz ham mumkin edi, ammo raqib posboni ishonchli harakat qilib o‘z jamoasini ko‘p marotaba qutqardi. Raqibning golidan so‘ng hujumga zo‘r berdik va qarshi hujumda ikkinchi golni o‘tkazib yubordik" — dedi Anvar Berdiev bugungi bellashuv haqida.
- "Sho‘rtan" jamoasi yangi mavsum oldidan o‘z tarkibini asosan yosh futbolchilar bilan kuchaytirdi. Yangi mavsumga yig‘ilgan tarkibdan qanchalik ko‘nglingiz to‘lmoqda? Yangi futbolchilarning bugungi uchrashuvdagi harakatlariga qanday baho berasiz?
- To‘g‘ri, jamoamiz asosan yosh futbolchilarni o‘z safiga jalb etdi. Biz tajribaliroq himoyachi bilan shartnoma imzolamoqchi edik, ammo buning imkoni bo‘lmadi. Mavsum hali endi boshlandi, ushbu futbolchilar hali o‘zini ko‘rsatishadi. Bugungi bahsni o‘rganib, keyingi o‘yinlarda yaxshiroq natijaga erishishga intilamiz.
- "Sho‘rtan" yomon o‘yin ko‘rsatmadi, to‘pni nazorat qildi va vaziyatlarga ega bo‘ldi. Jamoangiz namoyish etgan o‘yini bilan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatga loyiq edimi?
- Jamoa yutqazdimi, demak raqib yaxshiroq o‘ynagan bo‘ladi. Bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi va hisobni tenglashtirishimiz mumkin edi, lekin "Xorazm" jamoasi posboni bugun juda yaxshi o‘ynadi. Biroz omad ham etishmadi. Futbolchilarim keyingi turlarda yanada yaxshiroq o‘yin namoyish etishiga ishonaman.
- "Sho‘rtan" jamoasi yangi mavsumda o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ydi?
- Maqsadimiz har bir bahsda g‘alaba qozonishga harakat qilish. Oxirigacha kurashamiz. Mavsumni g‘alabasiz boshlash juda qiyin. Bugungi mag‘lubiyatni tezroq esdan chiqarib, "Bunyodkor" haqida o‘ylashimiz kerak. G‘uzorga qaytib, bugungi o‘yinni tahlil qilib chiqamiz. O‘ylaymanki, keyingi bahsda jamoam yaxshiroq o‘ynaydi va o‘ziga kerakli bo‘lgan natijaga erishadi.
Fikrlar