Anvar Berdiev: "Futbolchilarimizni hech qaerga qo‘yib yubormaymiz"
Pro liganing 12-turida “Turon” o‘z maydonida “Buxoro”ni qabul qilib 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- G‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin haqidagi taassurotlaringiz qanday?
- Tabrik uchun rahmat. “Buxoro” ustidan qozonilgan g‘alaba uchun muxlislarimizga, rahbarlarimizga va futbolchilarimizga minnatdorchilik bildiraman. “Buxoro”ga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.
- Himoyachilar raqib hujumchilariga imkoniyat berishmadi. Bunga alohida tayyorgarlik ko‘rilganmidi?
- Biz har bir o‘yinga va har bir raqibga o‘z qarashimiz bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ramiz. Jamoamizni maqsadi bor va shunga qarab tayyorlanamiz. Ro‘zimboy Ahmedov hozirgi kunda pro ligada Humoyun Murtazoev bilan to‘purarlar safida boryapti. O‘yindan oldin baribir unga alohida e’tibor qaratdik. Standart vaziyatlarda ham ushbu futbolchiga alohida yondashish kerakligini aytgandik. O‘yinchilarimiz ko‘rsatmalarimizni bajara olishdi.
- Qaysi chiziqlarga yangi futbolchilarni jalb etishni rejalashtiryapsiz?
- Bu xususida aniq fikr ayta olmayman. Yana bitta o‘yinimiz bor. Shundan keyin xotirjam tanaffusga chiqib olganimizdan so‘ng, murabbiylar shtabi, rahbariyat bilan muhokama qilamiz va yangi futbolchilar jamoamizga qo‘shilishadi, deb o‘ylayman.
- Humoyun Murtazoev va yoki boshqa etakchilarga Superligadan taklif tushsa qo‘yib yuborasizmi?
- Futbolchilarni “Turon” bilan shartnomalari bor. Mavsum boshida ham o‘yinchilarimizga takliflar bo‘lgandi. Ammo “Turon”dagi barcha futbolchilarni qoldira oldim deb hisoblayman. Ularni hech qaerga qo‘yib yubormaymiz, yil oxirigacha shartnomalari bor. Yana shuni ham ta’kidlamoqchiman: “Buxoro” tarkib bo‘yicha yaxshi. Bemalol oldiga qo‘yilgan vazifani bajara oladi. Ularga keyingi bahslarda ham g‘alabalarni nishonlash nasib etsin.



Fikrlar