Anvar Berdiev: "Futbolchi shijoat bilan futbol o‘ynamasa buni kechira olmayman"

  • 16 aprel, 08:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida “Sho‘rtan” Muborakda “Mash’al” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Mazkur bahsdan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi.

- “Mash’al” jamoasi boshida 10 kishi qolib ketdi. Hujumga zo‘r berdik, biroq gol ura olmadik. Bu bizning eng nozik joyimiz. Tarkibdagi barcha hujumchilarni maydonga tushirdik ham, baribir o‘zimiz xohlagan to‘pni kirita olmadik. Boshqa hech narsa deya olmayman.

- “Sho‘rtan” o‘yinning katta qismida bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynadi. Lekin asosiy muammo hujumchilardami yoki...

- Ko‘ryapsiz, bor hujumchilarga imkon berdik. To‘g‘risini aytaman, ko‘p vaziyat ham yarata olmadik. Nozik joyimiz hujum bo‘lib qolyapti. Buni mashg‘ulotlarda ishlash mumkin, lekin xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘yinda hamma narsa boshqacha bo‘ladi. Futbolchilarni “nastroyi”ga ham bog‘liq va gol urishim kerak, degan shijoati bo‘lishi lozim. Rosti, buni hujumda o‘ynayotgan o‘yinchilarimda ko‘rmayapman.

- Siz o‘ynagan paytda maydonni har bir qarich er uchun kurashadigan jaxldor futbol bor edi, bugungi futbolda o‘sha kabi shijoat yo‘q...

- Savolingiz o‘rinli. Futbolchilarni maydonga chiqishidan oldingi ko‘rsatmamda ham aytaman, maydonda hamma narsani kechirish mumkin, futbolchi xato qilishi, imkoniyatlardan foydalana olmasligi mumkin. Lekin futbolchi shijoat bilan futbol o‘ynamasa buni kechira olmayman. Menimcha, bu narsa futbolchiga qon bilan kirib jon bilan chiqsa kerak.

- Kubok bahslarida “Sho‘rtan” va “Mash’al” uchun nisbatan qulayroq jamoalar tushib qoldi. “Olimpik” kutilmaganda “Ishtixon”ga yutqazib qo‘ydi. Ushbu raqiblar bilan ham yaqindan tanishyapsizmi yoki endimi?

- Bor e’tiborimiz “Mash’al”ga qarshi o‘yinga qaratilgandi. Endi “Olimpik”ni ham, “Ishtixon”ni ham ko‘rishga va o‘rganishga vaqtimiz bo‘ladi. Bu o‘yinlarda raqiblarni G‘uzordagi maydonimizda qabul qilamiz. U erda menimcha, ancha engilroq bo‘ladi. Uy o‘yinlarimizni o‘z maydonimizda o‘tkazmayotganimiz baribir futbolchilarga ta’sir qilyapti. Bu uchrashuvdan so‘ng tahlil qilamiz. Chempionatda yana “Mash’al” bilan o‘ynaymiz.

- “Sho‘rtan” yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda etarlicha yig‘in o‘tkazdimi? Yana shuni ko‘ryapmizki, tarkibdagi yangi o‘yinchilar bilan eski futbolchilarni kirishib ketishi biroz sustroq davom etyapti. Bu holat yangi mavsum uchun ko‘rilgan mashg‘ulotlarning etarli olib borilmaganligimi yoki bu kamchiliklar murabbiylar tomonidan bartaraf etib borilyaptimi?

- O‘rinli savol. Jamoada yangi o‘yinchilar ko‘p. Moslashishi uchun baribir vaqt kerak. Rahbariyatga rahmat, bizga Toshkentda yig‘in o‘tkazishimiz uchun sharoit yaratib berishdi. Bilasiz, qishda Toshkentda yaxshi maydon topish ham qiyin edi. Shunga qaramasdan biz harakat qildik Futbolchilarni bir-birini tushunishi xohlayapmiz. Baribir biz xohlaganimiz boshqa, moslashish jarayoni vaqti-vaqti bilan joyiga tushishi boshqa narsa. Oldimizga qo‘yilgan vazifa bor. Har bir uchrashuvga g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Buni futbolchilarimiz murabbiylardan ko‘proq xohlashi kerak. Shu xarakterni futbolchilarga singdirishimiz lozim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!