
Antaliyada 3 yil oldingi natija takrorlandi. "Andijon" - "Vorskla" o‘yinida 7 ta gol urildi
“Andijon” Antaliya yig‘ini doirasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini Ukrainaning “Vorskla” klubiga qarshi o‘tkazdi. Poltava shahri sharafini himoya qiladigan ushbu jamoaga qarshi bahs “Titanik Lara” maydonida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur to‘qnashuv qiziqarli va gollarga boy tarzda o‘tganini alohida ta’kidlash joiz. Aleksandr Xomyakov jamoasi uchrashuvni tezkor gol bilan boshladilar. Hali ikkinchi daqiqa boshlanmasidanoq iqtidorli hujumchi Rustam Turdimurodov jarima maydoni ichida o‘zining aniq zarbasi bilan hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi – 1:0.
Bo‘lim o‘rtalarida esa “Vorskla”ning legioner futbolchisi Ibrahim Kane muvozanatni tikladi – 1:1. Shunga qaramay, "Andijon" tanaffusga 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan chiqib ketdi. Tezkor qarshi hujumga o‘tgan "Burgutlar" bundan ustalik bilan foydalandi. Futbolchilarning pressing qo‘llashi natijasida Farhod Sohibjonov to‘pni egallab jarima maydoni ichiga kirib bordi va bu vaziyatda raqib himoyachisi uni yiqitdi hamda bosh hakam penalti belgiladi. Bu vazifani bosniyalik legioner Mirzad Mexanovich muvaffaqiyatli bajargan holda “Andijon”ni yana hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1. Jamoalar tanaffusga shu hisobi bilan chiqib ketdilar.
Ikkinchi bo‘lim ham yanada shiddatli va qiziqarli tus oldi. Uchrashuvning 60-daqiqasidan keyin "Andijon" tarkibida deyarli to‘liq tarkib almashdi. Xavfli hujumlari esa davom etdi. Jumladan, qanot yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonovning xavfli reydidan keyin to‘pni jarima maydoni ichidagi jamoadoshiga uzatgan paytda “Vorskla” himoyachisi Artyom Chelvadin boshi bilan o‘z darvozasiga to‘pni kiritib yubordi – 3:1.
Andijonliklarning to‘rtinchi goli esa kuchli pressing va bosim evazidan keyin kiritildi. Aniqrog‘i, Oleg Zoteev maydon markaziga yaqin joydan to‘pni raqibdan ilib olgan holda bir futbolchini ustalik bilan aldab o‘tdi va o‘zidan-da qulay vaziyatga chiqib borayotgan Bektemir Abdumannonovni to‘p bilan ta’minladi. O‘z navbatida Abdumannonov yuzaga kelgan imkoniyatdan samarali foydalanib hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Aslida hisob bundan ham yirikroq ko‘rinishda bo‘lishi mumkin edi. Lekin 4 ta gol ham yaxshi ko‘rsatkich. Faqat oxirgi daqiqalarda “Vorskla” futbolchilari o‘z imkoniyatlaridan foydalanib qoldilar. Avvaliga Ivan Nesterenko, keyinchalik esa avtogol muallifiga aylangan Artyom Chelvadin oradagi farqni qisqartirdi – 4:3.
Shunga qaramay, “Andijon” gollarga boy tarzdagi bellashuvda 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Qizig‘i shundaki, 2022 yili Antaliyadagi yig‘in doirasida “Andijon” “Vorskla” U21 jamoasiga qarshi bellashgan va o‘sha bahsda ham “Burgutlar” 4:3 hisobida g‘alaba qozongan. Oradan 3 yil o‘tib, “Andijon” “Vorskla”ning asosiy jamoasini ham xuddi shu hisobda taslim qildi.
Xomyakov shogirdlari navbatdagi bahsni 2 fevral kuni Bosniya va Gertsegovinaning “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – “Vorskla” – 4:3 (2:1).
29 yanvar. Antaliya. “Titanik Lara” stadioni.
Hakamlar: Ramazon Kelich, Sezgin Chinar, Xasan Astar.
“Andijon”: Valijon Rahimov, Miomir Yurichkovich, Abubakir Ashurov, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Damir Temirov, Sardor Azimov, Mirzad Mexanovich, Iskandar Shoyqulov, Farhod Sohibjonov, Rustam Turdimurodov.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Mohir Komilov, Usmonali Ismonaliev, Oleg Zoteev, Islom Mamatkazin, Muhammadkarim Toirov, Shoxjahon Yorqinboev, Xamidullo Karimov, Abubakir Rejabboev, Ilhom Abdug‘aniev, Bektemir Abdumannonov, Shaxrom Samiev.
“Vorskla”: Oleksandr Domolega, Ilya Krupskiy, Igor Perduta, Daniil Xrischuk, Evgen Pasich, Navin Malish, Anton Sabalay, Oleksandr Sklyar, Milot Avoili, Ibrahim Kane, Serxi Myakushko.
Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushganlar: Luka Guchek, Artyom Chelvadin, Ivan Nesterenko, Samson Iede, Denis Ndyakve, Vladislav Ostrovski, Oleksiy Shevchenko.
Gollar: Rustam Turdimurodov – 1:0. Ibrahim Kane – 1:1. Mirzad Mexanovich-pen. – 2:1. Artyom Chelvadin-avt. – 3:1. Bektemir Abdumannonov – 4:1. Ivan Nesterenko – 4:2. Artyom Chelvadin – 4:3.
Fikrlar