
Andrey Kanchelskis Rossiya klublarini kuchaytiradigan o‘zbek futbolchisi kimligini aytdi
Yurtimizdagi xususiy klinikalardan birida koronavirusdan davolanayotgan “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bo‘sh vaqtidan foydalanib, rossiyalik jurnalistlarga intervyu berdi. Turli mavzudagi suhbat davomida tajribali mutaxassis premer-ligadagi legionerlarimiz va milliy chempionatimizda Rossiya klublarini kuchaytirishga qodir futbolchilar borligi haqida ham gapirdi.
- Siz “Spartak”da debyutini o‘tkazgan Oston O‘runovning imkoniyatlarini “Lokomotiv”ning yangi futbolchisi Jasur Jaloliddinovdan yuqori baholar ekansiz...
- Albatta. Jaloliddinov ham texnikasi yaxshi futbolchi. To‘pni o‘zida olib yurishni xush ko‘radi. Driblingi ham bor. Mening fikrimcha, ayni paytda Jasur Rossiya premer-ligasi uchun biroz xomlik qiladi. “Lokomotiv”dagi raqobatni engib o‘tish, unga juda qiyin bo‘ladi. Oston esa jismoniy jihatdan undan ancha kuchli, bo‘yi 20 santimetrga balandroq, baquvvat. Umuman olganda esa, O‘runov futbolchi sifatida to‘la shakllanib bo‘lgan. 18 yoshli Jaloliddinov haqida bunday deya olmayman.
- Yuriy Belous Jasurni Joau Mariudan kuchli ekanini aytdi.
- Qo‘rqmay aytilgan bayonot. Lekin bir tabassumdan boshqasiga yaramaydi.
- Bugungi kunda O‘zbekiston chempionatida Rossiya klublarini kuchaytira oladigan futbolchi bormi?
Menga Jaloliddin Masharipovning o‘yini juda yoqadi. Zo‘r hujumkor futbolchi. “Paxtakor”ning etakchilaridan biri. Yaqinda uni Qatarga chorlashgan edi. Lekin klub qo‘yib yubormadi.
Superliganing yuqori beshligidagi jamoalar safida ham kuchli futbolchilar bor. Agar ulardan biri Rossiyaga borib, premer-ligada Eldor Shomurodov va Oston O‘runov darajasida o‘ynab ketsa, bunga hech ham ajablanmayman.
Darhaqiqat, rossiyalik jurnalistlar o‘zbek futboliga bog‘liq va milliy futbolimizdagi vaziyatni yaxshi biladigan mutaxassislar bilan suhbatlashganda, doimo Rossiya klublarida o‘ynay oladigan iste’dod egalari haqida alohida so‘rab-surishtiradi. Yaqinda "Spartak"da o‘ynagan mohir hujumchi Ja’far Irismetov ham rossiyalik jurnalistlarning shu savoliga javob berar ekan, o‘zi faoliyat yuritayotgan "Paxtakor"da bunday futbolchilar ko‘pligini ta’kidlagan edi. Irismetov birinchi navbatda, "sherlar" yarim himoyachisi Odil Hamrobekov o‘yin bobida Oston O‘runovdan qolishmasligini aytgandi.
Rossiyaliklarning o‘zbek futbolchilariga qiziqishi bejiz emas, albatta. Chunki mustaqillik yillarida Rossiya futbolida o‘zini ko‘rsata olgan Mirjalol Qosimov, Valeriy Kechinov, Andrey Pyatnitskiy, Andrey Fyodorov, Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov kabi o‘zbekistonlik charm to‘p ustalarini rossiyalik muxlislar hamon hurmat bilan tilga oladi.
Fikrlar