
"Andijon" lagerida nima gaplar?
“Andijon” klubi ham Superligadagi tanaffusdan foydalanib yig‘inni boshladi. Jamoa a’zolari bir necha kun davom etgan xordiqdan keyin yana mashg‘ulotlarga kirishishdi. Futbolchilar Yorqin Nazarov boshchiligida tayyorgarlik olib borishyapti.
27 maydan Andijonda boshlangan yig‘in uchta bosqichda amalga oshiriladi. Hozircha tarkib to‘liq ko‘rinishda emas. Jasur Jaloliddinov, Diyor Rahimqulov va Sunnat Hamidjonov O‘zbekiston U-21 terma jamoasi bilan Ukrainada Valeriy Lobanovskiy xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan musobaqada qatnashishdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritganidan xabardorsiz. “Andijon”ning ikki nafar legioneri – Martin Boake hamda Plamen Dimov chempionatdagi tanaffusdan unumli foydalanish uchun uylariga ketishgan. Shu kunlarda ular jamoa ixtiyoriga etib keladilar.
Yig‘in davomida o‘rtoqlik uchrashuvlari ham uyushtiriladi. Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston klublari bilan muzokaralar olib borilyapti. Darvoqe, sports.uzga ma’lum bo‘lishicha, yaqin orada jamoaning murabbiylar shtabiga yangi mutaxassis qo‘shilishi kutilmoqda. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar