
"Andijon" futbolchisi: "Bizda ajoyib muhit bor, barcha futbolchilar chempion bo‘lishni xohlaydi"
Andijonda bo‘lib o‘tgan vodiy derbisida "Burgutlar" bu yil Superligada hali mag‘lubiyatga uchramagan “Navbahor”ni yirik 3:0 hisobida taslim etdi. Shu kuni “Andijon”ning barcha futbolchilari katta ishtiyoq va xohish ko‘rsatishdi, g‘alaba uchun borini berishdi. Natijasini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz.
Yoqimli o‘yin va g‘alaba haqida jamoaning ajoyib futbolchilaridan biri, “Navbahor”ga qarshi munosib to‘p surgan Abduvohid G‘ulomov munosabatini bildirdi.
- Rosti, ko‘pchilik “Andijon” – “Navbahor” uchrashuvida bunday natijani kutmagandi. Qolaversa, "Navbahor" hali yutqazmagandi ham. Ayting-chi, kuchli raqibga qarshi bunday yirik g‘alabaning asosiy omili nimada?
- Avvalo, barcha andijonliklarni va jonkuyar fan-klubni ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. “Navbahor” jamoasi chempionatda hali mag‘lubiyatga uchramaganini bilardik. Biz birinchi bo‘lib mag‘lubiyatga uchratishni juda xohladik va Xudo nasib qildi. Buni chiroyi tarzda uddaladik.
- Albatta, bahsdan avval turli xil ekpertlar "Andijon"ning imkoniyatini past baholadilar. Matbuot anjumanida Petrosyan ham shunga to‘xtaldi. Bunday o‘yin va natijadan keyin ularga nima degan bo‘lardingiz?
- Ekspertlar fikrini o‘zim ham o‘qidim, eshitdim. Haqiqatan ularning deyarli barchasi “Navbahor”ning g‘alabasini ta’kidlab o‘tishdi. Lekin bunday derbida o‘yin qaysi maydonda bo‘lishi va tarkiblar ham chetga chiqadi. Faqat g‘alaba uchun jang bo‘ladi. Shu kuni kim ko‘proq tayyor bo‘lsa, g‘alabani ilib ketadi. Bizni V rejasi yo‘q deganlarga A rejani o‘zi etarli bo‘ldi.
- Bosh murabbiy Xomyakov diskvalifikatsiya bois oxirgi o‘yinlarda zaxira o‘rindig‘ida emasdi. Bu hol o‘yinchilarga qanday ta’sir qilyapti?
- Bosh murabbiyimiz biz bilan birga va tez orada zaxira o‘rindig‘iga ham qaytadi.
- Birinchi davra yakuniga etdi. "Andijon" uchun mavsumning birinchi yarmini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Birinchi davrani yomon o‘tkazdik, deya olmayman. Ikkinchi davrada ko‘proq harakat qilib, bundan yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz.
- Jamoada o‘zgacha motivatsiya bor. Agar shu ruhda o‘yin ko‘rsatsa "Andijon" bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurasha oladi yoki hammasi shunga qarab ketyapti, deb o‘ylaysizmi?
- Jamoada ajoyib muhit bor. Menimcha, barcha futbolchilar chempion bo‘lishni xohlaydi. Biz ham birinchi o‘rin uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Xudo xohlasa, bunga erishamiz.
Fikrlar