
"Andijon" bunday imkoniyatni umuman qo‘ldan boy bermaydi, "Turon"ning ochko yo‘qotishi syurpriz bo‘ldi" - "Buxoro" ustozi "yonayotgan" intriga va to‘purar hujumchisining taqdiri haqida
Hozir Superligada bo‘lgani kabi pro ligada ham intriga “yonyapti”. To‘g‘ri, 1-o‘rin egasi deyarli naqd. “Andijon” “Turon”dan 10 ochkoga, “Buxoro”dan esa 13 ochkoga o‘tib ketgan. Hech kim ularning muvaffaqiyatiga shubha qilmayapti.
Bu erda gap 2-o‘rin uchun kurashda ketmoqda. Chunki bu o‘rin uchun “Buxoro” hamda “Turon” jiddiy kurashishmoqda. Ushbu klublarni hozircha 3 ochko ajratib turibdi. Oldinda esa 5 ta o‘yinlari bor. Hammasi oldinda. Agar 23-turda “Buxoro” o‘z uyida “Xorazm”ni yutib, “Andijon” “Turon”ni mag‘lub etsa, o‘z-o‘zidan buxoroliklar “Turon” bilan tenglashib oladi.
Shu sababli Sports.uz muxbiri “Buxoro” ustozi Hakim Fuzaylovning oldindagi bahslar borasidagi fikrlari bilan qiziqib ko‘rdi
- Hakim Qayumovich, “Turon”ning o‘z uyida “Mash’al” bilan durang o‘ynab ikki ochko yo‘qotishi siz uchun kutilmagan natija bo‘ldimi?
- Albatta, “Turon”ning ochko yo‘qotgani bizga qo‘l kelishi mumkin. Chunki u bilan Superligaga chiqish imkoniyatini beruvchi yo‘llanma uchun kurashyapmiz. Superliga yo‘lidagi asosiy raqiblardan birining ochko yo‘qotishi albatta biz uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. Mavsum tugashiga ham 5 tur qoldi. Qolgan o‘yinlarga astoydil tayyorgarlik ko‘rish kerak. Sizga oldin ham aytganimdek, asosiy kurash hali oldinda. Hammasi endi boshlanyapti.
- Endi navbatdagi turda “Buxoro”ning asosiy raqobatchisi – “Turon” safarda “Andijon” bilan o‘ynaydi. Agar andijonliklar yutadigan bo‘lsa, Superligani rasmiylashtirib qo‘yadi. Bu o‘yindan nima kutyapsiz?
- Men ko‘proq “Andijon” – “Turon” uchrashuvini emas, balki o‘zimizni oldinda kutib turgan o‘yinlar haqida o‘ylayapman. Hozirda butun diqqat-e’tiborim “Xorazm”ga qarshi kechadigan uchrashuvga qaratilgan. Gapingiz rost, “Andijon” g‘alaba qozongan taqdirda 1-o‘rinni muddatidan oldin naqd qilib qo‘yadi va Superliga yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritadi. “Andijon” g‘alaba qozonsa, qolgan 4 turda birov unga etolmaydi. Natijada bu klub Superliga yo‘llanmasiga ega chiqadi. O‘zaro o‘yindagi g‘alaba esa “Andijon”ga “Turon”dan 13 ochkoga ilgarilab ketish imkonini beradi. Bu esa “Turon”ning unga umuman etib ololmasligini anglatadi.
- “Andijon” ancha ilgarilab ketdi va haqli ravishda 1-o‘rinda ketmoqda. Sizningcha, bu klubining asosiy ustunligi nimada? Umuman, ularning Superligaga chiqishiga ishonarmidingiz?
- “Andijon”ning Superligiga chiqishiga ishonish yoki ishonmasligim borasidagi fikr o‘rinsiz. Chunki klub bunday imkoniyatni umuman qo‘ldan boy bermaydi. “Andijon” butun mavsum davomida o‘yinlarini bir tekis o‘tkazdi. Buning asosiy sababi sifatida futbolchilar yaxshi jamlangan jamoa sifatida shakllanganidadir. Aytishim kerakki, “Andijon” to‘g‘ri taktikani tanlab mavsumni bir tekis o‘tkazgani evaziga mana shunday natijalarni qayd etib turibdi.
- Jamoangizda Ro‘zim Ahmedov 17 ta gol bilan to‘purar bo‘lib turibdi. U kelasi yili ham “Buxoro”da qoladimi?
- Ro‘zim Ahmedovning “Buxoro”da qolish-qolmasligi mavsumni qay yo‘sinda nihoyasiga etkazishimizga bog‘liq. Agar o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaradigan bo‘lsak, Ahmedovning klubda qolishi aniq.
- “Buxoro” Superligaga yo‘l ochib beruvchi ikkinchi yo‘llanma uchun “Turon” bilan jiddiy kurashmoqda. Bu borada imkoniyatlarni qanday chamalayapsiz?
- “Buxoro” bilan “Turon”ning imkoniyati deyarli teng. Chunki oldinda 5 ta tur qoldi. Boz ustiga o‘zaro o‘yinimiz ham bor. Demak, hammasi o‘z qo‘limizda deyishimiz uchun asoslar etarli. Bu turda “Xorazm”ni qabul qilamiz. Keyin esa “Turon”ga qarshi maydonga tushamiz. Mavsumni eng asosiy uchrashuvlar davri etib keldi. Biz “Xorazm”ni, “Andijon” esa “Turon”ni qabul qiladi. Shuningdek, “Turon” bizga keladi. Ular ikkita uchrashuvni safarda, biz esa o‘z uyimizda o‘tkazamiz. Yuqorida aytganimdek, shu bellashuvlarni kim bir tekis o‘tkazsa, o‘shaning Superligaga chiqish imkoni keskin ortadi. O‘z-o‘zidan bir tekis bosib o‘tilgan taqdirda bu o‘sha jamoaga yaqqol ustunlik bag‘ishlaydi.
Fikrlar