
"Andijon" bilan xayrlashgan legionerlar ketar chog‘ida nima deyishdi?
Joriy mavsumda hozircha barcha rejalari ham amalga oshmayotgan, ammo oldinga intilishda davom etayotgan “Andijon” klubi FIFA kunlaridan foydalanib, ayni paytda qo‘shni Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda.
Maksim Shatskix boshchiligidagi “Burgutlar” u erdagi yig‘inda to‘liq tarkib bilan qatnashayotgani yo‘q. Masalan, Oleg Zoteev, Luka Uskokovich, Farhod Sohibjonov kabi o‘yinchilarda jarohat bo‘lsa, rossiyalik Islam Mashukov va chernogoriyalik Miomir Jurichkovich klubni tark etdilar. Bu haqida klub matbuot xizmati rasmiy xabar tarqatgan.
Ushbu legionerlar ketar chog‘ida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdilar.
Islam Mashukov: “Birinchi navbatda jamoa muxlislariga katta tashakkur aytmoqchiman. “Andijon”ni yuragidan qo‘llab-quvvatlaydigan ishqibozlariga alohida minnatdorlik izhor qilaman. Ha, men bilaman, ularni xursand qila olmadim. Lekin buni o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Ishonamanki, “Andijon” yangi murabbiylar shtabi bilan yanada kuchliroq jamoaga aylanadi. Maksim Aleksandrovich - jamoaga ko‘p narsa bera oladigan top darajadagi murabbiy. U klubni yuqoriga olib chiqadi, deb o‘ylayman. “Andijon”ga hamma vaqt omad tilab qolaman. Hammasi uchun rahmat!”
Miomir Jurichkovich: “Men bu jamoaga va ayniqsa O‘zbekistonda eng zo‘ri bo‘lgan muxlislarga alohida rahmat deb qolaman. Afsuski, men ushbu jamoaga kerakli foyda keltira olmadim. Shuning uchun ketishga qaror qildim. “Andijon” menda unutilmas tajriba bo‘lib qoladi. Kelajakda albatta jamoaga muvaffaqiyatlar tilab qolaman".
Rossiyalik 30 yoshli hujumchi Mashukovning “Andijon”ga qo‘shilganida undan umidlari katta edi. Biroq hujumchi o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ya olmadi. U joriy mavsumda shu kunga qadar Superliga, O‘zbekiston Kubogi va Superkubogida 13 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 2 ta golli pasni uzatdi. Chernogoriyalik himoyachi Jurichkovich esa “Andijon” libosida chempionat hamda Kubokda hammasi bo‘lib 10 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
“Andijon” klubi yozgi transfer oynasi ochilgan paytda tarkibiga albatta yangi o‘yinchilarni qo‘shishi kutilmoqda va ularning orasida yangi legionerlar ham bo‘lishi katta ehtimol. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar
откат килиш учун четдан бомжларни олиб келишади. бу бомжлар эса олган пулини ярмини пора килиб бериб кетади, анча мунча валюта увол булади