
Ana xolos! Chusovitina 53 yoshida Olimpiadada ishtirok etmoqchi!
O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina 2028 yilda Los-Anjelesda (AQSh) bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qildi.
Shu oyda 49 yoshga to‘ladigan Chusovitina Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Gimnastikachi jarohati tufayli so‘nggi saralash turnirini tark etdi.
- 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga harakat qilasizmi?
"Ha", deb yozgan Chusovitina o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Gimnastikachi, shuningdek, butun faoliyati davomida u hech qachon sportni tark etish xayoliga kelmaganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Chusovitina faoliyati davomida sakkizta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. U 1992 yil Barselonada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida MDH Birlashgan terma jamoasi tarkibida jamoaviy turnirda oltin medalni, shuningdek, 2008 yil Germaniya terma jamoasi tarkibida Pekin Olimpiadasi kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Fikrlar