
Amorim jarohatdagi futbolchilarning qachon safga qaytishini aytdi
"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ruben Amorim "Arsenal"ga qarshi hafta oxiridagi uchrashuv oldidan Xarri Maguayr va Manuel Ugartening holati noaniqligini aytdi.
Xabaringiz bor, ular jarohat sababli Evropa ligasi pley-off bosqichida "Real Sosedad" qarshi durang qayd etilgan bellashuvda ham ishtirok eta olishmagan edi. Mazkur bahsdan so‘ng portugaliyalik murabbiy ko‘plab jarohatdagi futbolchilarning holati haqida gapirib o‘tdi.
"Yakshanbaga bardosh berishimiz kerak. Jamoa "Sosedad"ga qarshi o‘yinning so‘nggi 30 daqiqasida juda charchadi. Dastlab, yakshanba kungi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz, keyin esa biz uchun muhim bo‘lgan keyingi o‘yinni o‘ylashimiz kerak. Hozircha Maguayr va Ugartening holati haqida aniq bir narsa deya olmayman. Biroq, ular tez orada safga qaytishadi.
Murabbiy mavsum oxirigacha jamoa safida bir nechta jarohatlangan futbolchilar qaytishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi:
"Fikrimcha, faqat Amad Diallo mavsum oxirigacha safga qaytmaydi. Hatto, Amad borasida ham mavsumning so‘nggi oyida bir imkoniyat bo‘lishi mumkin. Uni avvalroq qaytarishdan umidim bor, lekin vaziyatni ko‘ramiz.
Kobbi Maynu mavsum tugashidan oldin qaytishi mumkin. Bundan tashqari, Maguayr bilan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ugarte esa tez orada yana safimizga qaytadi. Shuningdek, Meyson Maunt va Lyuk Shouning ham qaytishi ehtimoli bor" - dedi "qizil iblislar" bosh murabbiyi.
Ma’lumot o‘rnida, MYu navbatdagi uchrashuvini ertaga Arteta boshchiligidagi "Arsenal"ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu to‘qnashuv Toshkent vaqti bilan 21:30 da start olishi rejalashtirilgan.
Fikrlar