
Aleksandr Xomyakov: Moliyaviy qiyinchiliklar jamoa o‘yiniga ta’sir o‘tkazmayapti
Xabaringiz bor bugun Superliganing 23-turida “Andijon” o‘z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qildi va 1:1 hisobida durang qayd etdi. O‘yindan so‘ng mezbonlar klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘zining o‘yin haqidagi fikrini bildirib o‘tdi.
- Ikki xil taasurotga egaman. Ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan mag‘lubiyatga uchraganimizda adolatsizlik bo‘lar edi. Vaziyatlarni sodir etishda, golli vaziyatlarni sodir etishda ham ustunlikka ega bo‘ldik. Bizda uchta yaqqol golga tortadigan vaziyat bo‘ldi. Shiddatli o‘yin namoyish etgani uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman. Odatda so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuboradigan jamoa ruhiy tomondan tushkunlikka tushib qoladi, lekin shogirdlarim o‘tkazib yuborilgan goldan keyin “sinib” qolishmasdan, hujum uyushtirib gol kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.
- Bugungi o‘yinga Sizga yoqdimi?
- Yo‘q. Lekin maydonning holati, jamoaning bugungi kundagi vaziyati va turnir jadvalidagi keskinliklarni hisobga olganda o‘yinni yoqdi deyishim mumkin. Chiroyli o‘yin namoyish etishni xohlayapmiz, lekin hozirgi kunda bizga birinchi o‘rinda natija kerak. Shu bois hozirda oddiyroq va ishonchliroq o‘ynamoqdamiz. Murabbiy sifatida kombinatsion o‘yin namoyish etishlarini istayman, biroq yuqoridagi sabablar tufayli hozircha shunday ko‘rinish olmoqda.
- Shahzod Ubaydullaevda ikkita yaqqol golga tortadigan vaziyat sodir etilgandi. O‘yindan so‘ng unga e’tiroz bildiringizmi?
- O‘yindan keyin e’tiroz bildirish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Aksincha, unga dalda bo‘lish uchun keyingi safar bunday xatoga yo‘l qo‘ymasligini uqtirdim. Bilishimcha, Shahzod bunday vaziyatlarda hujumchi gol urishi shartligini yaxshi biladi.
- O‘ylashimcha, bugun Ro‘zimboy Ahmedov Ubaydullaevga qaraganda yaxshi o‘ynadi. Nima sababdan aynan Ahmedovga zahiraga oldingiz?
- O‘yin boshida uzun paslar bilan o‘ynashni maqsad qilgandik. Ro‘zimboy to‘pni erdan va havodan qabul qilishda kuchli sanaladi. Shahzodni esa tezlik olishi yuqori. “Bunyodkor” tarkibida Anvar G‘ofurov yoshi katta futbolchi sanaladi, shu bois Shahzod unga etarlicha qiyinchilik tug‘diradi deb o‘ylagandim. Shu sababli, Ro‘zimboyni zahiraga oldim. O‘yin shuni talab qilgandi. Shuni aytishim kerakki, bugun Ro‘zimboyning ko‘rsatgan o‘yinidan qoniqdim.
- Raqib futbolchisi maydondan chetlatilganidan so‘ng shogirdlaringiz xotirjalikka berilmadimi?
- Futbolchilar xotirjamlikka berildi deb o‘ylamayman. Aksincha, futbolchilar o‘yinning so‘nggi daqiqalarida shiddatli o‘ynay boshladi.
- Jamoa kelasi mavsumda ham shu tarkib bilan harakat qiladimi yoki yangi futbolchilar olib kelinadimi?
- Hozir bugungi kunimiz haqida o‘ylashimiz kerak. Chunki oldimizda uchta muhim uchrashuv turibdi. Kelajak haqida gapiradigan bo‘lsam, klub rahbariyati bilan bu borada maslahatlashamiz. Bilishimcha, tarkibimizdagi ko‘plab futbolchilarning shartnomasi yil oxirida yakunlanadi. Shu bois, hozir kelajak haqida gapirish mushkul.
- Eshitimizga qaraganda jamoada moliyaviy qiyinchilik bor ekan...
- Bu savolni klub rahbariyatiga bergan ma’qul deb bilaman. Jamoa hozirgi kunda ozroq moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Lekin bu jamoamizning bugungi o‘yiniga ta’sir ko‘rsatdi deb o‘ylamayman. Bo‘ldi bu savolga boshqa javob bera olmayman.
- Oldingizda uzun tanaffus turibdi va keyin bir haftada uchta rasmiy o‘tkazishingiz kerak. O‘sha muhim uchrashuvlarga futbolchilarning sport formasini saqlab turishdi muammoga duch kelmaysizmi?
- To‘g‘ri, o‘tgan safargi tanaffusdan keyin “Nasaf” klubiga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazgan edik, bu safar ham shunaqa uzun tanaffus turibdi oldimizda. Bu tanaffus haqida gapiradigan bo‘lsam, bugungi uchrashuvdan keyin yigitlarga ma’lum muddatga hordiq chiqarish uchun imkon beramiz. Keyin Andijon shahrida jamlanamiz. Shundan keyin ikkita o‘rtoqlik uchrashuv o‘tkazamiz Toshkent shahrida. O‘rtoqlik uchrashuvida raqiblarimiz “Bunyodkor” va AGMK bo‘ladi.
Fikrlar