
Aleksandr Xomyakov: "G‘alaba uchun yaxshigina harakat qildik"
“Olimpik” – “Andijon” (0:0) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida andijonliklar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov savollarga javob qaytardi.
- Etarlicha kurashlarga va xissiyotlarga boy o‘yinni guvohi bo‘ldik. Uchrashuv davomida bir qator xavfli vaziyatlarni ko‘rdik, ammo to‘p darvozaga kirmadi. 90 daqiqa mobaynida kuchli bosim ostida o‘yin bo‘ldi, deb aytishim mumkin. Umuman olganda, jangovar durang kuzatildi.
- Andijonlik muxlislarda “Olimpik”ni yuta olmadi, qabilida e’tirozlar bo‘ldi. Bu tanqidga nima deysiz?
- Albatta, muxlislarimiz faqat g‘alabani kutishayotganini bilamiz. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Yana durang o‘ynadik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu o‘yinda g‘alaba uchun yaxshigina harakat qildik. “Olimpik” jamoasini hurmat qilishimiz kerak. Asosiy tarkibi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini tashkil qiladigan futbolchilar. Ular Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan. Shu sababli bu raqibni oson yutishimiz mumkin, degan fikrdan yiroqman. “Olimpik” ham yaxshi jamoa. Ha, gol urishimiz mumkin edi. Ishqibozlarimizni to‘g‘ri tushunaman. Afsuski, o‘yin durang bilan tugadi.
- “Andijon” chempionatni yaxshi boshlagandi. Oxirgi 3-4 ta o‘yinda esa jamoa o‘yinida pasayish bo‘lgandek va jamoa g‘alaba qozona olmayapti. Bu haqida fikringiz?
- Albatta, biz mart oyida mavsumni juda yaxshi boshladik, biz uchun omadli kelgandi. May oyida ko‘plab ochkolarni yo‘qotdik. Mag‘lubiyatga ham uchradik. Sabablar va omillar ko‘p. Rotatsiya bilan bog‘liq muammolar ham bo‘ldi. Hujumlarda bir qator imkoniyatlardan foydalana olmadik. Hujumdagi jarayonlarda asabiy holatlar bo‘ldi. Futbolchilar imkon qadar harakat qilishdi. Endi keyingi uchrashuvlarda yigitlarimiz bor imkoniyatlarini ishga solib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Avval ham aytganman, bizda bir qator muammolar bor. Ayniqsa, hujumda ham. Buni tan olamiz va muammolarni bartaraf qilish ustida ish olib boryapmiz. Bu erda yigitlar harakat qilishmayapti yoki g‘alaba uchun o‘ynashmayapti, degan fikrdan yiroqman. Ular kurashishyapti, xohlashyapti. Biroq hujumdagi natija yaxshi ko‘rinish olmayapti. Ochiq aytaman, hujumdagi vaziyatlarda tajriba etishmayapti. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan barchasi iziga tushadi.
- Oldin ham bir-ikkita omillar etishmayapti, deb aytgandingiz. Bu safar ham shunaqa deyapsiz. Aynan qaysi omillar etishmayapti?
- Birdaniga hammasini bartaraf qilish imkoni yo‘q. Axir men ham insonman, sehrgar emasman. Bizda sehrli tayoqcha yo‘q. O‘zimiz kurashyapmiz, intilyapmiz. Yangiliklar kiritishga harakat qilyapmiz va bor imkoniyatimizdan foydalanyapmiz. Hujumlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha samaradorlikni yaxshilashimiz kerak.
- “Andijon”ning hujumkor o‘yin tashkil qilishida uchta yarim himoyachilar orqali amalga oshirilyapti. Bu qanchalik o‘z samarasini beryapti?
- Bir narsani tushunishingizni xohlardim, klub strategiyasi biroz o‘zgardi. Yosh va iqtidorli o‘yinchilarni jalb qilish, shu orqali jamoani shakllantirish jarayoniga o‘tganmiz. Bizga hujum chizig‘ini yanada shakllantirishimiz uchun vaqt kerak. Yoshlarga o‘zlarini ko‘rsatishi uchun vaqt zarur. Xebay singari bo‘lishi uchun o‘ylaymanki, bir qancha muddat lozim. Ochiq aytadigan bo‘lsam, mavsum oldidan bizga yuqori vazifalar qo‘yilmagandi. Strategiyalar o‘zgarib boryapti. Yaxshi o‘yin tashkil qilish, yosh futbolchilarga e’tiborni oshirish klub strategiyasining asosiy vazifalaridan biriga aylangan. Hali shunday vaqtlar keladiki, jamoa kuchli tarkibga ega bo‘ladi. Iqtidorli yoshlar etishib chiqib, shakllangan jamoaga aylanadi. Ammo hozircha o‘ylagan rejalarimiz u qadar amalga oshmayapti.
- Keyingi uchrashuv “Paxtakor”ga qarshi o‘tadi. Ikkita hujumchi bilan o‘ynaysizmi yoki boshqa uslubni qo‘llaysizmi?
- Buni ko‘rib chiqamiz. Hozirgi vaqtda “Paxtakor”ga qarshi bo‘lajak uchrashuv haqida biror nima deya olmayman. Ko‘ramiz, bizda 4 ta hujumchi bor, balki 2 tasini o‘ynatarmiz yoki boshqacha uslub qo‘llarmiz. Buni o‘yinga yaqin hal qilamiz. Hozir bu savolga javob berish qiyin. Shaxrom Samievni jarohati qanchalik ekanligini ko‘rib chiqamiz. Shundan keyin bir fikrga kelamiz. Ikkita hujumchi bilan o‘ynashimiz ham mumkin.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar