
Akbar Ismatullaev: Yangi mavsumni 90 foizga Tailandda o‘tkazishim aniq
«Metallurg» jamoasi sardori Akbar Ismatullaev haqida ko‘pchilik ushbu mavsumdagi o‘yini uchun yuqori baho berishmoqda. Ikki yil avval «Paxtakor»ga kerak bo‘lmay qolgan himoyachi «Metallurg»da yanada o‘sishga erishdi. Natijada u milliy terma jamoa darajasigacha ko‘tarildi.
Mavsumni kuchli beshlikda yakunlashgani haqida
«Metallurg» mavsum davomida asosan o‘rta pog‘onalarda yurgan bo‘lsa-da, oxirgi turdan keyin jamoaning 5-o‘rinni band etgani ma’lum bo‘ldi. Ismatullaev dastlab shu haqida gapirdi.
- Mavsum avvalida oldimizga kuchli beshlikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. Chunki o‘tgan yili ham 5-o‘rinni egallagandik va bu yil ham buni takrorladik. O‘ylaymanki, bu Bekobod jamoasi uchun yomon natija bo‘lmadi. Mavsum davomida g‘alabali va mag‘lubiyatli o‘yinlarimiz ham bo‘ldi. Ya’ni, omadimiz chopmagan o‘yinlarni ham o‘tkazdik. Lekin yakuniy natijadan kelib chiqsak, barchamiz uchun qoniqarli tugadi deb ayta olaman. To‘g‘ri, mavsum davomida biz asosan 7 va 8-o‘rinlarda bo‘ldik. Lekin shaxsan men uchun jamoa sardori sifatida «Metallurg»ning kuchli beshlikka kira olgani kutilmgan holat emas. Raqib jamoa darvozalariga gol urish, zarba berish, darvozamizdan kam gol o‘tkazish, to‘pni nazorat qilish, umuman shunga o‘xshash statistikalar borasida ham ko‘plab klublardan ustunlik qildik. Bu borada oldingiga qaraganda yaxshi bo‘ldi.
Yangi darajaga ko‘tarilgan Ismatullaev
Akbar «Metallurg»ning chinakam etakchisiga aylandi. U hattoki «Paxtakor»dagi o‘yinlaridan ko‘ra Bekobodda yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsata boshladi. Shu bois Ismatullaev haqidagi iliq fikrlar ko‘p eshitildi.
- Futbolda baribir murabbiyning ishonchi muhim ahamiyat kasb etadi, - deb mavzuni davom ettirdi, futbolchi. - «Paxtakor»ga ayrim jihatlarimiz to‘g‘ri kelmagani uchun «Metallurg»da ijarada o‘ynashni boshlagandik. Ammo bu biz uchun yaxshilikka xizmat qildi. 7 yil «Paxtakor»da to‘p surganim bois avvaliga boshqa klubda o‘ynashimda ayrim qiyinchiliklar bo‘lgandi. Lekin ikki yil ichida faqat oldinga harakat qildim. Chunki hayot davom etadi. Andrey Shipilov bizga ishonch berdi va imkoniyat taqdim etdi. Ammo inson o‘sishdan to‘xtab qolmasdan, yana yangi marralar sari intilishni davom ettirishi kerak. Balki meni milliy terma jamoaga chaqirishgani ham bejiz emasdir. Ilgari olimpiya terma jamoasida Vadim Abramov bilan birga ishlaganman. U o‘yinlarimni kuzatib kelgani uchun ham milliy jamoaga chaqirdi deb o‘ylayman.
Andrey Shipilov to‘g‘risida
Shu o‘rinda futbolchi «Metallurg» bosh murabbiyi Andrey Shipilov haqida fikr bildirar ekan, uni o‘zi bilan birga ishlagan mutaxassislar orasida alohida ahamiyatga egaligini aytdi.
- Ha, Shipilovni faoliyatimda katta o‘rin tutadigan murabbiy desam bo‘ladi. Chunki bu murabbiy bilan «Paxtakor»da etti yil birga ishlaganman. U «Metallurg»ga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin bizni chaqirdi. «Paxtakor»ning zaxirasida o‘tirib umrimizni o‘tkazgandan ko‘ra boshqa jamoaning asosiy tarkibida o‘ynab o‘zimizni ko‘rsatganimiz yaxshi-da. Shu sababli Andrey Sergeevichga insongarchilik sifatida ham rahmat aytaman. «Metallurg»da ikki yil davomida bor kuchimiz bilan o‘ynadik. O‘tgan vaqt davomida meni jamoa sardori etib tayinlashdi. Qo‘ldan kelganicha yordam berishga harakat qildim.
Milliy terma jamoaga chaqirilgani xususida
Shunindek, Akbar Ismatullaev milliy terma jamoaga ham chaqirila boshlandi. Bu esa uning uchun ajoyib voqelik edi. Ko‘rinib turibdiki, Vadim Abramovga ham «Metallurg» sardorining o‘yinlari ma’qul kelgan.
- Milliy terma jamoa baribir o‘z nomi bilan milliy terma jamoa. Bunday joyda o‘ynash har bir o‘yinchining orzusi. U erga borganda siz faqat vatan sha’nini munosib himoya qilish uchun o‘ynaysiz. Shunday ekan, baribir terma jamoadagi muhit ham boshqacha bo‘ladi. Vadim Abramov menga ham ishonch bildirayotgan ekan, uning ishonchini qozonishni istardim. U yig‘inlar va rasmiy uchrashuvlarga taklif qilganida meni yana keyingi yig‘inlarga ham chaqirishini aytdi. Umid qilamanki, bor kuchim bilan yordam berishga tayyorman.
Tailandning «Buriram» jamoasidan tushgan taklif haqida
Oxirgi paytlarda uni Tailandning eng kuchli klubi hisoblangan «Buriram Yunayted»ga ketishi haqida ko‘p aytildi. Bu haqida o‘zi shunday dedi:
- Ha, menga yaxshi takliflar bo‘ldi. Ammo rasman shartnoma tuzganimdan keyin yanada aniq ma’lumot aytaman. O‘ylashimcha, yaqin ikki hafta ichida barchasi ma’lum bo‘ladi. Ammo hozirdan shuni aytishim mumkinki, keyingi mavsumni deyarli 90 foizga Tailand etakchisi «Buriram» jamoasida o‘tkazishim aniq. Tez orada u erga ketaman. Bu klub kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Menga Tailanddan taklif yaqin 2-3 oy ichida bo‘ldi. O‘shanda murabbiylarimiz bilan bu haqida maslahatlashdik. Bu men uchun yangi chaqiruv. Yoshim ham 28 da. Bunday paytda menga Tailandning eng kuchli klubidan taklif bo‘ldi. Agar o‘rtamiyona yoki kuchsizroq jamoasidan taklif bo‘lganida ham boshqa gap edi. Lekin doim ham sizga etakchi klubdan taklif bo‘lavermaydi. U erda kuchli legionerlar to‘p suradi. Nasib qilsa, Tailandda legioner sifatida Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishni niyat qilib turibman.
Xayrlashish oldidan «Metallurg» haqida tilak bildirdi
Ushbu mavsum Ismatullaev uchun «Metallurg»dagi oxirgisi bo‘ldi. Shu boisdan futbolchi Bekobod jamoasi haqida fikr bildirdi.
- Ikki yil ichida «Metallurg»da o‘ynab har tomonlama, insoniylik va futbolchi sifatida ko‘p narsa o‘rgandim. Bemalol aytamanki, bu jamoa menga ko‘p narsa berdi. Jamoa ishqibozlariga omad tilayman. «Metallurg» doim yuqori o‘rinlarda bo‘lishini tilayman. O‘z navbatida klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, jamoa a’zolari, ishchi-xodimlar, hamma-hammaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘ylaymanki, vaqti kelib yana «Metallurg»da o‘ynash nasib qilar. Chunki o‘tgan ikki yil davomida men u erda juda yaxshi insonlar bilan ishladim.
«Paxtakor» haqida nima deydi?
Akbar uchun sobiq klubiga aylangan «Paxtakor» bu yil hammadan kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Bu borada esa Ismatullaev o‘zining fikrlarini ham bildirib o‘tdi.
- Natijaga yarim yil yoki bir yilda erishish qiyin bo‘ladi. Shota Arveladzeni «Paxtakor»da bu yil uchinchi yili bo‘ldi. Aynan uch yil deganda murabbiy natija ko‘rsata oldi. Chunki birdaniga klubni shakllantirish qiyin bo‘ladi. Bu yil esa «Paxtakor» chindan ham boshqalarga qaraganda kuchli o‘ynadi va haqli ravishda muvaffaqiyat qozondi.
Fikrlar