
Aka-uka Uilyamslar va boshqalar. "Atletik"da MYuga qarshi o‘yin oldidan katta yo‘qotishlar
Ispaniyaning "Atletik Bilbao" klubi Evropa Ligasi yarim final javob bahsidan oldin jiddiy yo‘qotishga uchradi. Jamoaning ikki asosiy futbolchilari Niko hamda Inaki Uilyamslar "Manchester Yunayted"ga qarshi bahs oldidan jarohat olishdi va payshanba kuni bo‘lib o‘tadigan bahsda o‘z jamoalariga yordam bera olmaydi. Xabar qilinishicha ikkala futbolchi ham mushaklaridan jarohat olishgan va MYuga qarshi bahsga qaydnomadan joy olishmagan.
Bundan tashqari jamoaning muhim o‘yinchilari Unai Gomez hamda Oyan Sanset ham kichik jarohat tufayli Ernesto Valverde ixtiyorida bo‘lmaydi.
Shuningdek Daniel Vivian ham Manchesterga uchmaydi. Ispaniyalik himoyachi yarim finalning dastlabki bahsida to‘g‘ridan to‘g‘ri olgan qizil kartochka tufayli diskvalifikatsiya qilindi va jamoasiga yordam bera olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi uchrashuv "Atletik" maydonida bo‘lib o‘tdi va unda qizil iblislar javobsiz 3 ta to‘p kiritdi. Javob bahsi esa payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.
Fikrlar