"Agar bu safar ham g‘alaba qozona olmasak..." yoxud "Surxon" etakchisi sobiq jamoasiga qarshi o‘yin va kim o‘zbek futbolida iz qoldirmoqchiligi haqida
Termizning “Surxon” klubi nihoyat 7-turga kelib Superligadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan o‘tkazilgan muhim uchrashuvda “Surxon” klubi yagona gol evaziga g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
Bilasiz, ungacha termizliklar hisobida chempionat bahslarida hali g‘alaba mavjud emasdi. Ammo “Surxon” g‘alaba qozonishni uddasidan chiqdi va muxlislarini xursand qila oldi. Jamoaning qo‘qonliklarga qarshi bellashuvi “Surxon” a’zolari uchun muhim edi.
Ayniqsa, “Qo‘qon-1912”da to‘p surgan sobiq futbolchilar hozird Termiz klub sharafini himoya qilishyapti. Masalan, tajribali himoyachi Bobur Akbarovni aytishimiz mumkin. “Surxon”ning etakchilaridan biriga aylangan futbolchi o‘zining sobiq jamoasiga qarshi uchrashuvda ham faol o‘yin namoyish qildi.
“Finalga chiqqandek chiqdik”
- Bu kunni uzoq kutdik. Uchrashuv oson bo‘lmasdi. Shunga yarasha jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Bugun finalga chiqqandek chiqib, bor kuchimizni ishga solib, g‘alaba qozonishga qattiq bel bog‘lagandik. Xudoga shukr, niyatimizga erishdik. Buning uchun barcha jamoa a’zolarini va “Surxon” muxlislarini tabriklayman.

“Ushbu g‘alabani uzoq kutdik”
- Futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Bunda bir-ikki kishini ayblab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, yutqazgan yoki durang qayd etgan uchrashuvlarimizda ham bizda golli imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgandi. Balki o‘sha vaziyatlardan foydalanishda bizga qaerdadir omad ham etishmagandir. Yoki futbolchilarga sovuqqonlik kamlik qilgan bo‘lishi mumkin. Hozir aytganimdek, biz ushbu g‘alabani uzoq kutdik. Uchrashuvda maqsadimizga erishganimizdan xursandman. Jamoamizga bitta g‘alaba kerak edi. Mana, muvaffaqiyatli o‘yinni ham boshlab oldik va davomli bo‘lishini istab qolaman. Bundan keyin ham muxlislarimizni g‘alabalar bilan quvontirishga intilamiz va bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

“Paxtakor”ga qarshi ham bor imkoniyatimizni ishga solamiz”
- Ha, oxirgi ikki yilni “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan birga o‘tkazdim. Bu klubda yaxshi do‘stlarim, akalarim va ukalarim bor. Bu – futbol. Ko‘p jamoalarda to‘p surganman. Hammasi o‘zimizning mehnatimiz samarasi deb o‘ylayman. Qaerga borsam ham tanish-bilishlar, do‘stlarga qarshi to‘p surishimga ham to‘g‘ri kelib qoladi. O‘zingiz ham bilasiz, futbolda qaerda bo‘lsangiz, bor e’tiborni o‘sha jamoaga qaratasiz. Chunki o‘sha klub a’zosiga aylandikmi, uning sharafini munosib himoya qilishimizga to‘g‘ri keladi. Faqat jamoamiz uchun o‘ynaymiz. Yuqorida qo‘qonliklarga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rganimiz haqida bejiz aytmadim. Agar bugun ham yutolmasak keyingi o‘yinlar bundan ham murakkab kechishi aniq edi. Masalan, keyingi safar “Paxtakor” bilan o‘ynaymiz. Biz bilamiz, jamoamizni bundan ham qiyin uchrashuvlar kutib turibdi. Bu g‘alabadan ruhlanib “Paxtakor”ga qarshi bahsda ham bor imkoniyaimizga ishga solamiz va ochko olishga harakat qilamiz.

“Lopes o‘zbek futboli tarixiga kirishni xohlamoqda”
- O‘ylaymanki, Anxel Lopesning taktikasiga jamoamiz to‘liq moslashib bo‘ldi. Aytganimdek, sovuqqonlik hamda oxirida yakuniy zarbani beradigan futbolchi etishmay qolyapti. Murabbiy qo‘llayotgan taktika bilan ko‘plab jamoalarga jiddiy muammolar tug‘diryapmiz. Bundan xursandmiz. Murabbiyimiz juda talabchan va futbolchilarni ham yutqazsa jaxli chiqib, faqat g‘alaba uchun harakat qilishimizni ta’kidlayapti. Xorij murabbiyi bo‘lgani uchun ko‘proq g‘alabalar qozonib, rahbariyatning ishonchini qozonishga kirishni va shu orqali O‘zbekiston futbolida o‘ziga yarasha tarix qoldirishni xohlamoqda. Bu tarixni asosi futbolchilar bo‘lishini doimo ta’kidlab turadi.



Fikrlar