
"Afsus..."! Ishonasizmi, "Qizilqum" bosh murabbiyi jamoasining may oyida qoniqarsiz natijalar ko‘rsatishini bilgan. U suhbatda yana nimalarni aytdi?
Navoiyning “Qizilqum” klubi chempionatni qanday boshlagani yodingizdami? Birin-ketin yo‘lidan chiqqan raqiblarini mag‘lub etib kelayotgan “oltin izlovchilar”ni oxirgi paytlarga borib shashti pasayib qoldi-a? Dastlabki 5 ta turda 4 ta g‘alaba va 1 durang qayd etgandi.
Endi esa oxirgi to‘rtta turda 1 durang va 3 mag‘lubiyatga uchradi. Demak, klubda birdaniga orqaga ketish kuzatilyapti. Yaxshi tarkib bor, tajribali futbolchilar bilan boyitilgan. Shunga qarab klubni “ishtahasi” ham karnay edi.
17 may kuni 9-tur doirasida Qarshida “Nasaf”dan javobsiz 5 ta gol qabul qilib oldi. Undan avval esa AGMKdan 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. Hozirgi kelib to‘plar nisbati 12 ga 13 ni tashkil qilyapti.
Serbiyalik Nikola Lazarevich jamoasiga nimadir bo‘ldi. Himoya va darvozada muammolar borligi bilinib qolyapti. Ayniqsa, “Nasaf” bilan uchrashuvda darvozabon Ignatiy Nesterov zaxirada qoldirildi va Javohir Ilyosov asosiy tarkibda tushirildi. Lekin bu o‘zgarish ham o‘zini oqlamadi. Ilyosov ham bir nechta vaziyatlarda “qovun” tushirdi.
Mavsum startini yaxshi boshlagani sababli “Qizilqum” “Paxtakor” bilan birga peshqadamlikni qo‘liga olgandi. O‘shanda ko‘pchilik navoiyliklarni kamida birinchi davra oxirigacha barqarorligini saqlab qolishi haqida ham o‘ylagandilar. Qiziq, “Qizilqum”ning oldingi shijoati endi so‘nib qoldimi? Holbuki, jamoada nomdor o‘yinchilar yig‘ilgan.
Sports.uz muxbiri yuqoridagi vaziyatlardan kelib chiqib “Qizilqum”ning “Nasaf” bilan uchrashuvidan keyin navoiyliklar ustozi Nikol Lazarevichga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Nima deb o‘ylaysiz, jamoangiz “Nasaf” bilan o‘yinga ko‘ngildagidek tayyorlana olganmidi?
- Ha. Men o‘ylaymanki, yigitlar o‘zlari bilishi kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarni olgandilar.
- O‘yinni ko‘rdikki, darvozabon qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Menga xulosa chiqarishim uchun o‘yinni va darvozamizga kiritilgan gollar bilan bog‘liq vaziyatlarni qayta ko‘rishim kerak bo‘ladi. Tan olish lozim, qator vaziyatlarda o‘zimiz xatoliklarga yo‘l qo‘yganimiz yaqqol ko‘rinib turibdi.
- “Qizilqum” 4 ta turdan beri g‘alaba qozona olmayapti. Aksiga olib oxirgi 2 ta turda asosan yirik hisoblarda yutqazyapti. Jamoaga nima bo‘ldi?
- Bunga ko‘plab narsalarni sabab qilib ko‘rsatsa bo‘ladi.
- “Nasaf”ga qarshi nima uchun Oleg Zoteev o‘ynamadi? Uning yo‘qligi ham bilindi, deb o‘ylaysizmi?
- U AGMKga qarshi bahsda jarohat olgandi. Shu bois navbatdagi uchrashuvda ishtirok etishi katta so‘roq ostida qolib ketgandi.
- Hamidjon Aktamov klubdan ketganidan keyin negadir natijalar ham salbiy tomonga o‘zgargandek taassurot uyg‘otyapti. Siz ham buni sezyapsizmi?
- Ha, albatta, ko‘plab jihatlar tufayli ham va yana bunga bir qancha omillarni ko‘rsatsa bo‘ladi. Biroq men bunday davr may oyida yuz beradi, deb o‘ylagandim. Shu sababli ham men yigitlarga mart va aprel oylaridagi natijalardan ko‘ngillari to‘lib eyforiya holatiga tushib qolmasliklarini tushuntirgandim. Afsus...
- Salbiy natijalar klubdagi ish faoliyatingizga ta’sir qilishidan xavotirda emasmisiz?
- Albatta, oxirgi ikki o‘yin natijasi dilni xira qolmasdan qolmaydi. Vaholanki, bizda ham imkoniyatlar bo‘lgandi. Afsus, omadimiz chopmadi. Ammo bu – futbol!
Fikrlar