Afro‘za Xamdamovaga “Zulfiya ” mukofoti tantanali tarzda topshirildi

  • 28 mart, 17:52
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Shaxmat
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, joriy yilning 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq  Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi, shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni  Xamdamova Afro‘za Akbarovna Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan tantanali marosimda "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan ko‘plab qizlarimiz Davlatimiz rahbaridan mukofotlarni qabul qilib olishdi. Ushbu bayram kunlarida Chernogoriya davlatining Petrovas shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatida ishtirok etayotgan Afro‘za Xamdamovaga mazkur mukofot vatanimizga qaytgandan keyin topshirilishi ko‘zda tutilgan edi.

Bugun Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan Afro‘za Xamdamovaga “Zulfiya” mukofoti tantanali tarzda topshirildi.

Tadbirda Sport vaziri Adkham Ikramov, Yoshlar ishlar agentligi direktori Alisher Sa’dullaev, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov, keng sport jamoatchiligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Afro‘za Xamdamova ushbu yuksak mukofotga munosib ko‘rilgani uchun Davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida ham nufuzli xalqaro musobaqalarda vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishga va’da berdi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Afro‘za Xamdamova 2022 yildan ayollar o‘rtasida FIDE sport ustasi, 2024 yildan ayollar o‘rtasida xalqaro sport ustasi hamda  O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. 

Tadbir ishtirokchilari yosh shaxmatchimizning kelgusidagi faoliyatiga ham ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!