
Abror Ismoilov: "Jamoamizning “Nasaf”ga qarshi kechadigan o‘yinlari doimo murosasiz tarzda kechgan"
O‘zbekiston Coca Cola Superligasi 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 25 yoshli mahoratli yarim himoyachisi Abrorbek Ismoilov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bo‘lajak bahs joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan, Osiyo Chempionlar ligasida ham yurtimiz sharafini munosib tarzda himoya qilayotgan jamoalar o‘rtasida kechishi bois, ushbu o‘yinga qiziqish yuqori va bellashuvning keskin kurashlar ostida, shiddatli, tomoshabop hamda qiziqarli tarzda kechishi aniq.
Bundan tashqari, bo‘lajak o‘yinning joriy mavsum medallari taqdiriga oydinlik kiritishi ehtimoli ham yuqori. Shu bois, har ikki jamoa a’zolari maydonda bor imkoniyatlarini ishga solishadi.
“Navbahor” so‘nggi o‘yinlarda ijobiy natijalarni qayd etmoqda va mazkur yoqimli an’anani qarshiliklar bilan bo‘ladigan bellashuvda ham davom ettiramiz, degan umiddaman.
Jamoamizning “Nasaf”ga qarshi kechadigan o‘yinlari doimo murosasiz tarzda kechgan va bo‘lajak bahs ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta.
Bo‘lajak o‘yinda muxlislarimizdan biz – futbolchilarni munosib tarzda qo‘llab–quvvatlashlarini so‘rayman. Biz esa ularning ishonchlarini oqlash, stadiondan uylariga yaxshi kayfiyatda qaytishlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Fursatdan foydalanib, jamoamizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov va “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatovlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
“Navbahor”ning zafarlarida ularning ham munosib hissalari bor", - dedi Ismoilov.
Fikrlar