"Abramov menga motivatsiya berdi, yoshlar raqobatda bizni chiqarib yuborishlari kerak, ammo..." - Bahodir Nasimov suhbatda yana nimalar dedi?

  • 29 fevral, 2024, 00:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil Superligada “otaxon” futbolchilaridan biri bu Bahodir Nasimov. 1987 yilda tug‘ilgan o‘yinchi hamon sport formasida.

Tecno

Samarqandlik hujumchi o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar jamoasi – “Dinamo” sharafini himoya qilmoqda. O‘tgan yili pro ligada o‘ynadi, gollar urdi va klubi bilan elitaga qaytdi. Nasimov endi Superligada ham yana bir bor o‘zini sinab ko‘rmoqchi.

Tajribali o‘yinchi bo‘lajak mavsum oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Yangi futbol mavsum start olmoqda. “Dinamo” jamoasini tayyorgarligi qanday bo‘ldi?

- Tayyorgarlik yaxshi bo‘ldi. 2023 yilning 4 dekabr kunidan Samarqand shahrida boshlab, mashg‘ulotlarni ikki mahaldan olib bordik. Ko‘proq jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratildi. O‘zimizda uch hafta shug‘ullandik. Rahbariyatga rahmat, yangi yildan keyin ikkita xorij yig‘inini tashkillashtirib berdilar. Dastlab Abu-Dabida ikki hafta shug‘ullandik. Keyin Antaliyaga ketdik, u erda ham ikki hafta mobaynida mashg‘ulotlar olib bordik. Yig‘inlar davomida o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Bir so‘z bilan aytganda, biz yaxshi yig‘in o‘tkazdik, deb o‘ylayman.

- “Dinamo” chempionatni Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Dastlabki turda jamoangizga raqib sifatida “Navbahor”ning duch kelishi qanchalik qulay yoki noqulay? Balki, siz buni xohlamaganmidingiz...

- “Navbahor” bilan hozir o‘ynamasangiz ham keyin o‘ynaysiz. Shuning uchun farqi yo‘q, hozir hammani kuchi teng. Birinchi tur endi boshlanyapti, hali jamoalar bir-birini yaxshi bilishmaydi. Baribir har bir raqib bilan o‘ynaymiz. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rib o‘ynasangiz natija bo‘ladi, deb o‘ylayman.

nasimov3

- O‘tgan yili pro ligada o‘yinlaringiz va gollaringiz bilan “Dinamo”ni Superligaga qaytishiga hissangizni qo‘shdingiz. Elitada endilikda yoshi katta o‘yinchilardan birisiz. Qanchalik tayyorsiz va kuchingiz etadimi?

- Mashg‘ulotlarda ko‘p yoshlarga qarasangiz oxirigacha chopmaydi. Yaxshi yig‘in o‘tkazsa, futbolni ham shunga yarasha yaxshi o‘ynaydi. Agar ko‘ngildagidek shug‘ullanmasa qaerdadir bilinib qoladi. O‘zimni yig‘inlarda sinadim, hali kuchim bor. Shu bois yana o‘ynashga qaror qildim. Kuchim bo‘lmasa, charchab qolayotganimni sezsam faoliyatimni tugatardim. Yoshlarga o‘rnak bo‘lish va ularga to‘g‘ri o‘ynashni etkazib berish kerak. Mashg‘ulotda ham jonini berishi kerak, agar bunday bo‘lmasa natija bo‘lmaydi. Ko‘p joyda ko‘rdik-da. Birinchi navbatda mashg‘ulot muhim. Unda 100 foiz kuchingizni bersangiz rasmiy o‘yinda ham o‘z so‘zingizni ayta olasiz.

- Bosh murabbiy Vadim Abramov sizni yana maydonda to‘p surishingizga munosabati qanday bo‘ldi yoki boshqa ish taklif qilganmidi?

- Vadim Karlenovich bilan boshqa masalada gaplashmadik, faqat futbol haqida. O‘zi ham menga yordaming kerak, o‘ynaysan deb motivatsiya berdi. Bosh murabbiyning so‘zlari va ishonchi menga qo‘shimcha kuch-quvvat bo‘ladi. O‘zim ham ko‘ryapman, iqtidorli yoshlar kam chiqyapti-da. 35-36 yoshga kirsa darhol uni qari futbolchiga chiqarib qo‘yishadi. Lekin qarilar natijalar qilishyapti, Rossiya, Evropa, boshqa joylarda va hatto o‘zimizda ham. Yoshlar aksincha raqobatda bizni chiqarib yuborishlari kerak. Ammo bunday bo‘lmayapti. Ular zo‘r o‘yinchi bo‘laman desa o‘z ustilarida ko‘proq ishlashlari shart. Futbolni umri qisqa, 40-50 yoshgacha o‘ynalmaydi. Futbolchi faoliyati mobaynida o‘zini ko‘rsatishi va poydevorini yaxshilashi kerak. Futboldan keyin nima ish qiladi? Keyinchalik yana futbolda qolishi uchun ham ko‘p narsani bilishi lozim. Ko‘p joyda o‘ynadim va ko‘rdim. Eng asosiysi, jismoniy tayyorgarlik ekan. Osiyo maydonlarida ham ko‘ryapmiz. Ko‘p holatlarda biznikilar 70-daqiqadan keyin charchab qolishyapti.

nasimov1

- Chempionatimizda to‘purarlar asosan legionerlar orasidan chiqyapti. O‘zimizni hujumchilar bu ishni bajara olmayaptilar va mahalliy yaxshi hujumchilar qolmadi, degan fikrlarni ko‘p eshityapmiz. Hujumchi sifatida bu savolga qanday javob berasiz?

- Hujumchilar bor. Faqat o‘z ustida ishlashmaydi. Cheran yoki boshqasi tajribali. Ular qaerga ochilishni, qanday harakat qilishni biladi. Aksariyat jamoalarimizda yosh hujumchilar to‘p surishyapti. Hujumchilar ham o‘z ustida ko‘p ishlashsa natijasi bo‘ladi. Rostini aytaman, mashg‘ulotdan oldin va keyin o‘z ustida ishlayotgan futbolchilarni ko‘rmadim. Masalan, har qanday o‘yinchini o‘ziga yarasha minus tomoni bo‘ladi. O‘sha jihatni plyusga o‘zgartirishi kerak. Nimaga gol urmayapman deb o‘sha kamchiligi ustidan ko‘p ishlashi kerak-da.

- Joriy yilgi mavsum uchun siz oxirgisimi?

- Hali o‘ylab ko‘rmadim. Ko‘ramiz. Sog‘ligim ko‘tarsa o‘ynayveraman. Yig‘inlarni yaxshi o‘tkazdik, hozir chempionatga tayyormiz. O‘ynayveraylik-chi, u yog‘ini ko‘ramiz.

nasimov2

- “Dinamo” qishki selektsiyada tarkibida ancha-muncha o‘zgarishlarni qildi. Klubni vazifasi qanaqa va potentsialini qanday baholaysiz?

- Maqsadimiz har bir bahsga yaxshi tayyorlanib, o‘yinni yutish. Natijani oxirida turnir jadvalida ko‘ramiz. Chempionatdan oldin hech nima deya olmaysiz. Bizda ko‘pi yangi futbolchilar. Yangi o‘yinchilar esa bu yangi jamoa deganidir. Misol uchun, qaysidir klubda har yili tarkib almashaversa jamoa sifatida shakllanishi qiyin kechaveradi. Bir-birini tushungunicha 15-16 ta o‘yin kerak bo‘ladi. Bizni yigitlar o‘sadigan futbolchilar.

Shuhratbek Jo‘raev.     

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!