
Abramov legionerimiz o‘yiniga otlangan edi, ammo...
Bosh murabbiy Vadim Abramov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod xorijda faoliyat olib borayotgan futbolchilarimizning o‘z klublari tarkibidagi o‘yinlarini kuzatish uchun chet eldagi uchrashuvlarga ham boryapti.
Yaqinda tajribali mutaxassis Belarusga borib, ushbu mamlakat oliy ligasida BATE tarkibida o‘zini ko‘rsatayotgan Shahboz Umarovning o‘yinini bevosita o‘rgangan edi.
Keyinchalik Rossiya futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mutaxassis Yuriy Belous O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi premer-liganing navbatdagi turida “Spartak” va “Ufa” o‘rtasidagi uchrashuvga tashrif buyurib, Oston O‘runovning xatti-harakatlarini kuzatishini ma’lum qildi.
- Vadim Abramov Minskda bo‘ldi va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod bo‘lgan futbolchilardan birining o‘yinini kuzatdi. Shanba kuni “Spartak” va “Ufa” o‘rtasidagi o‘yinga kelib, Oston O‘runovni kuzatishni rejalashtirgan. Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov ham nomzodlarni kuzatish uchun xorijdagi o‘yinlarga boradi. Abramov Ostonning o‘zi va o‘yini qay darajada ekanini bilmoqchi. Televizordan tomosha qilish va stadiondan bevosita kuzatish o‘rtasida katta farq bor, - dedi Yuriy Belous.
Shuningdek, bu borada yana bir savol tug‘ilgandi. Aslida transfer huquqi “Spartak” klubiga tegishli bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runov “Ufa” tarkibida moskvaliklarga qarshi maydonga tushishi mumkinmi?
Bu savolga ufaliklar bosh direktori Shamil Gazizov javob berib, Oston O‘runovning ijara shartnomasida uning “Spartak”ga qarshi o‘yinda qatnashishini taqiqlovchi band kiritilmaganini va legioner Moskvadagi to‘qnashuvda ishtirok etishi mumkinligini bildirdi.
Biroq, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Oston O‘runov “Spartak”ga qarshi bo‘ladigan bahsda ishtirok eta olmaydi. Chunki, futbolchimiz Rossiya kubogi doirasida “Axmat” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda son mushagini shikastlab olgan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yosh yarim himoyachi jarohatidan tiklanib ulgurmagan va 18 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da bo‘ladigan o‘yinga tayyor emas.
Shuningdek, shifokorlar Oston O‘runovning umumiy guruh mashg‘ulotlarida ishtirok etishiga ruxsat bergani yo‘q. Legionerimiz kelasi haftadan boshlab, jamoadoshlari qatoriga qo‘shilishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan mavsumni “Ufa” tarkibida yuqori saviyada o‘tkazgan Oston O‘runov yozda “Spartak” jamoasiga o‘tganidan beri ishlari o‘zi istagandek ketmayapti. “Spartak” tarkibida premer-ligada sakkizta uchrashuvda ishtirok etdi. Rossiya kubogidagi bitta uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Moskva klubida asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Oston O‘runov qishki transferlar vaqtida “Ufa”ga ko‘chib o‘tganidan keyin ufaliklarning asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi.
Shunga qaramay, yosh futbolchimiz yarim yil ichida ko‘p jarohat olmoqda.
Oston O‘runov yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining yurtimizda tashkil etilgan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi.
Namanganda va Toshkentda o‘tkazilgan Gana va Iroq terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida faol o‘yin ko‘rsatdi va ganaliklar bilan bo‘lgan bahsda golli pas oshirib, hamyurtlarimizning 2:1 hisobidagi g‘alabasiga muhim hissa qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashmoqda. Shu bois, Vadim Abramov kuchli tarkibni shakllantirish bo‘yicha ish olib boryapti.
Fikrlar