
Abduqodir Husanov muxlislariga xushxabar!
Frantsiya futboli, xususan Liga 1 ishtirokchisi “Lans” faoliyatini muntazam va batafsil yoritib kelayotgan nufuzli manba – le11hdf.fr portali jamoaning 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi nomini e’lon qildi.
Ushbu portal g‘olib nomi aniqlashda muxlislar ko‘magidan foydalandi. “Lans” ishqibozlari sayt orqali tashkil qilingan so‘rovnomada o‘zlari yil davomida eng yaxshi o‘yinchi, deb hisoblagan futbolchilarga ovoz berdi.
Tahririyat har oy ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadigan eng yaxshi futbolchilar va oy laureatlarining umumiy ko‘rsatkichlarini jamlab tahlil qilgan holda yil futbolchisi so‘rovnomasiga Abduqodir Husanov, Kevin Danso va darvozabon Bris Samba nomzodini qo‘ydi.
So‘rovnoma yakuniga ko‘ra, eng ko‘p – 77 foiz ovoz to‘plagan Abduqodir Husanov “Lans”ning 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Mahoratli darvozabon Bris Samba 15 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. So‘rovnoma ishtirokchilarining 9 foizi tajribali himoyachi Kevin Dansoni tanladi.
- 2024 yilni Jonatan Gradit, Kevin Danso va Fakundo Medinadan tarkib topgan himoya uchligi soyasida boshlagan Abduqodir Husanov yil oxiriga kelib, butun jamoaning ishongan himoyachisiga aylandi va o‘yindan o‘yinga o‘sishda davom etmoqda.
O‘zbek futbolchisi oyning, chorakning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilayotgan oddiy holga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi paytda 20 yoshli himoyachining grand klublarga transferi amalga oshishi ehtimoli tobora kuchayib boryapti, - deb izoh berdi le11hdf.fr portali.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov aslida “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq O‘zbekiston chempionatida ishtirok etmagan.
Iste’dodli futbolchimiz professional faoliyatini Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” klubida boshlagan. Bu jamoada ham uzoq qolmadi, 2023 yilning yozida Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” 100 ming evro evaziga Husanovni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Bu transfer favqulodda omadli bo‘lib chiqdi. Debyut mavsumini asosiy himoyachilar Jonatan Gradit, Fakundo Medinaning o‘rinbosari sifatida o‘tkazgan Abduqodir Frantsiya chempionatidan tashqari Evropa Chempionlar ligasi, Evropa Ligasi kabi nufuzli xalqaro musobaqalarda ham ilk bor ishtirok etdi.
Joriy mavsum boshida “Lans”dagi vaziyat taqozosi bilan murabbiylar shtabi 20 yoshli o‘zbek futbolchini boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishiga to‘g‘ri keldi. Abduqodir himoya markazidan joy oldi va himoya chizig‘ini mahorat bilan boshqardi.
Hamyurtimiz bir necha oy ichida “Lans”dagi asosiy figuralardan biriga aylandi. Uning bu o‘sishi grand klublar nazaridan chetda qolgani yo‘q. Ayni paytda Frantsiya, Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Turkiyaning jami o‘ndan ziyod nomdor klublari o‘zbek legionerini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.
Transfermarkt portali Husanovning transfer summasini 12 million evroga ko‘tardi. Shu tariqa, Abduqodir Markaziy Osiyoning eng qimmat o‘yinchisiga aylandi. “Lans” esa, o‘z kashfiyotini kamida 30 million evroga baholamoqda.
Fikrlar