Yorqin Nazarov “Sho‘rtan”dan nima uchun ketdi?

  • 30 yanvar, 2019, 12:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqindan beri murabbiylik ishi bilan shug‘ullanib kelayotgan Yorqin Nazarov bu sohada asta-sekin o‘sishga erishishga jiddiy bel bog‘lagan. Xabaringiz bo‘lsa, u o‘tgan yilgi mavsumning ikkinchi yarmini G‘uzorning “Sho‘rtan” klubida o‘tkazdi va jamoaga bosh murabbiylik qildi. Lekin Nazarovning ushbu jamoadagi hayoti uzoqqa cho‘zilmadi. Endilikda u “Bunyodkor” klubida ish boshladi. O‘tgan yili esa g‘uzorliklar Yorqin Nazarov boshchiligidagi mavsumni 6-o‘rinda yakunlashdi. Endi esa Vadim Abramov ushbu yosh murabbiyni o‘z yoniga chorladi. Shu bois kuni kecha Nazarov bilan bog‘lanib, bir qator masalalarga oydinlik kiritdik.

Tecno

- “Sho‘rtan”dan ketishimning sababiga kelsak, u erda hali hech nima aniq emasdi. Yangi mavsum uchun byudjet qancha, jamoa o‘zi bo‘ladimi-yo‘qmi, hammasi mavhumlik edi. Bu haqida klub bosh direktoridan so‘rasam o‘zi ham hali hech nimani bilmasligini aytdi. Shu paytda menga “Bunyodkor”dan taklif bo‘ldi. Vadim Abramov bosh murabbiylikka ishga kirishganidan keyin meni yordamchi murabbiylikka taklif qildi. U tajribali mutaxassis, terma jamoalarda ham yaxshi ishlagan. Bunday murabbiy bilan bir yil davomida ishlab o‘zim uchun ham katta tajriba to‘plab olaman degan umiddaman. Shu bois “Bunyodkor”ning taklifini qabul qildim.

- “Sho‘rtan”dan ketishingizni klubdagilar qanday qabul qilishdi?

- “Sho‘rtan”dagilarga xujjatlarimni beringlar degandim, ular hammasini berishdi. O‘rtamizda hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q.

- Demak, klubdan ketish tashabbusi o‘zingizdan chiqibdi-da?

- Rahbariyat bilan gaplashganimda nima qilamiz, klubda ishlaymanmi-yo‘qmi, deb so‘rasam o‘zlari ham hali hech nima aniq emasligini aytishgandi. So‘ng ular o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilamiz deb aytishdi. Ammo hadagenda qo‘ng‘iroq qilishmadi. Vaholanki, ulardan javob kelishini kutgandim. Natijada “Bunyodkor”dan tushgan taklifni qabul qilishga qaror qildim. Bu jamoada ishlash men uchun yaxshi imkoniyat. Vaholanki, “Sho‘rtan” rahbariyati menga “konkret” gap aytishmadi.

- “Sho‘rtan”da olib borgan yarim yillik faoliyatingizga o‘zingiz qanday baho berasiz?

- “Sho‘rtan”da hamma sharoitlari yaxshi. Agar klub o‘z oldiga Superliga maqsadini qo‘ysa, unda bu erda ishlasa bo‘ladi. Ammo hali g‘uzorliklarda bunday maqsadni ko‘rmayapman. Har doim murabbiyga jiddiy maqsad uchun kurashadigan klubda ishlagani ma’qul. “Sho‘rtan”dagi o‘tgan yilgi faoliyatimga kelsak, biz mavsumni 6-o‘rinda tugatdik. Bu pog‘onani “Sho‘rtan” uchun mos deb o‘ylayman. Negaki, biz jamoani yilning boshidan yig‘magandik. Mavsumning o‘rtasidan ish boshladik va 6-o‘rin bu jamoaga munosib bo‘ldi. Chunki bizdan yuqoridagi beshta jamoaning barchasida Superligaga chiqish uchun maqsadlari bor edi. Masalan, “Dinamo” 5-o‘rinni oldi, “Surxon”ning ham boshidan Superligaga chiqish uchun kurashayotgani haqida ko‘p aytildi, ammo ular 4-o‘rinni band etishdi. Yuqori uchlikdan esa “Andijon”, “Mash’al” va “Istiqlol” jamoalari joy olishdi. Shu bois “Sho‘rtan”ning egallagan o‘rni o‘zi uchun normal bo‘ldi. Umuman olganda, yomon ishlaganimiz yo‘q. Agarda bu yil klub o‘z oldiga jiddiy vazifani qo‘yib yana hamkorlik qilishni xohlaganida hozirgi tarkibni saqlab qolib, ularga yana 5-6 nafar futbolchilarni qo‘shib maqsad sari kurashishimiz mumkin edi. Lekin hozirgi paytda “Sho‘rtan”da Superligaga chiqish maqsadi borligini ko‘rmayapman.

- “Sho‘rtan”da har yili kerak bo‘lsa, 2-3 martadan murabbiy almashaveradi. Siz u erda yarim mavsum bo‘lsa ham ishladingiz, hayotini ko‘rdingiz. Sizningcha, nima uchun murabbiylar qo‘lqopdek almashtirilaveradi?

- Menimcha, hammasi rahbariyatga bog‘liq bo‘lsa kerak. U erga yaxshi mutaxassisni olib kelib, unga vaqt berish kerak. Yarim yildayoq nimagadir erishishni maqsad qilib qo‘ymaslik lozim. Bizga mahalliy futbolchilarni o‘ynatinglar deb ko‘p aytishdi. Mahalliy o‘yinchilarni o‘ynatish uchun esa birinchi navbatda “Sho‘rtan” futbol klubining mavqeini ko‘tarish kerak. Bizga taklif qilingan yoshlarning hammasi ham o‘zimiz istagan saviyada o‘ynay olishmaydi. Lekin ularning orasida iqtidorlilari ham yo‘q emas. U erda qilinadigan asosiy vazifa – futbol klubini yaxshilash lozim.

- Demak, rahbariyat tomonidan murabbiylar ishiga aralashuvlar bo‘lib turdimi?

- Yo‘q, u qadar jiddiy aralashuvlar bo‘lmadi. Mashg‘ulot va tarkibni o‘zim xohlagan darajada tuzdim. Faqat mahalliy yoshlarni ko‘proq o‘ynatishimizni aytishdi. Ammo biz ularning salohiyatlarini yaxshiroq bilishimiz uchun u erda kamida ikki yil ishlashimiz lozim.

- Endilikda “Bunyodkor”ning murabbiylar shtabida kimlar bilan ishlayapsiz?

- Shuhrat Maqsudov, Marat Miftaxutdinov va men. Shuningdek, Aram degan bola ham kelgan. Viktor Karpenko “Bunyodkor”ning yoshlariga murabbiylik qilyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!