Yana bir yosh hakamimiz OFK akademiyasida tahsil olmoqda
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti xabar berishicha mazkur kurslarda yurtimiz vakili Rustam Lutfullin ham ishtirok etmoqda. Yosh hakamlar uchun akademiya tashkil etilishi kelgusida nafaqat Osiyoda, balki jahon birinchiliklarida ham bir qator nufuzli musobaqalarda ishlaydigan, muhim uchrashuvlarni boshqaradigan ko‘plab malakali hakamlarni tayyorlashga zamin yaratadi.
Ushbu akademiyada tahsil olayotgan yosh hakamlar orasida OFKga a’zo barcha mamlakatlar vakillari bor. O‘quv kurslari davomida futbol qoidalariga kiritilgan va kiritilish kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berib borilmoqda. Shuningdek, futbolda ro‘y beradigan bahsli vaziyatlar aks etgan videokliplar namoyish qilinib, bunday vaziyatlarda qanday qaror chiqarish zarurligi o‘rgatilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv kurslari ishtirokchilari o‘zlari ham maydonda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, bu mashg‘ulotlar videotasvirga olinyapti. Keyin mazkur tasvirlar ishtirokchilarning o‘zlariga namoyish qilinib, xatolar tahlil qilinmoqda.
Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tish zarur. Ushbu o‘quv kurslarini olib borayotgan instruktorlar orasida o‘tgan yilgi Jahon chempionati va bu yilgi Osiyo Kubogida ishlagan hamyurtimiz Farhod Abdullaev ham bor.


Fikrlar